«Apple» yana eng qimmat kompaniyaga aylandi
Kuni kecha «Microsoft» kompaniyasi daromadlari oshganligi haqidagi moliyaviy hisobotini e’lon qilgandi. Shundan so‘ng uning aksiyalari narxi o‘sib, «Microsoft» kapitalizatsiyasi 1 trillion AQSh dollaridan oshgan edi.
Kecha esa «Apple» ham o‘z hisobotini e’lon qildi va buning ortidan kupertinolik korporatsiya aksiyalari 6 foizga qimmatlashdi. Buning natijasida Tim Kuk kompaniyasi kapitalizatsiyasi yana 1 trillion dollardan oshib ketdi. Esingizda bo‘lsa, u o‘tgan yilning avgustida trillionlik marrani egallagan ilk kompaniya bo‘lgandi.
Bir trillion dollarlik ko‘rsatkichga ilk bora erishgan «Microsoft» esa hozirda 992 milliard dollarlik kapitalizatsiya bilan ikkinchi o‘ringa tushib qolgan.
Lekin shunisi qiziqki, «Apple» hisobotiga ko‘ra, uning barcha moliyaviy ko‘rsatkichlari o‘sish o‘rniga birmuncha pasaygan. Uning smartfonlar savdosi ham ancha sustlashgan, faqat taqiluvchi elektronika gadjetlaridan va servislaridan tushadigan daromadi sal oshgan. Shunga qaramasdan, uning aksiyalari qimmatlashgani g‘alati. Aftidan, «Apple»ning joriy chorak uchun prognozi yuqoriroq ekanligi investorlar e’tiborini tortgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter