AOKA rahbari Farg‘onada jurnalist bilan sodir bo‘lgan voqeaga munosabat bildirdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjonov Farg‘onada jurnalistning bosimga uchrashi voqeasiga o‘z munosabatini bildirdi.
Kecha Agentligimizga «Ma’rifat» gazetasi jurnalisti Sharifa Madrahimovadan Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani hokimligi tomonidan huquqlari buzilganligi to‘g‘risida murojaat kelib tushdi.
AOKA voqelikni diqqat bilan o‘rganib chiqdi va yakunda tuman hokimlik vakillari hamda tuman IIB xodimlari tomonidan «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida» va «Jurnalistlarning kasbiy faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi normalari buzilishi ehtimoli yuzasidan vaziyatga huquqiy baho berishni so‘rab, Bosh prokuraturaga murojaat qildi. Hozirgi vaqtda Bosh prokuratura masalani o‘rganmoqda va natijalari bo‘yicha o‘z qarorini bildirishni rejalashtirmoqda.
Prezident Sh.Mirziyoyevning ochiqlik siyosati davlat idoralaridan xalq bilan yaqin muloqot o‘rnatish, fuqarolarning so‘rovlari, muammolari va takliflariga o‘z vaqtida javob berishni talab qiladi. Ushbu muloqotni olib borishda ommaviy axborot vositalari va blogerlar beqiyos rol o‘ynaydi, ular xalqimizga axborot yetkazishda barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga katta yordam ko‘rsatmoqda. Ular, shuningdek, davlat idoralari matbuot xizmatining tayanchi hisoblanadi.
Agentlik barcha davlat idoralari axborot sohasida mamlakat qonunchiligini hurmat qilishlari va konstruktiv tanqidni to‘g‘ri qabul qilishlari shart deb hisoblaydi, chunki OAV va blogerlar idoralarning obro‘si va harakatlariga putur yetkazish maqsadida tanqid qilishmaydi, balki shu orqali ularga fuqarolarning ma’lum muammolarini ko‘rishlariga imkon berish uchun, davlat organlari faoliyatidagi, xususan jamiyatni xabardor qilishdagi xatolar, kamchiliklar va ularni xalqimiz manfaatlariga mos ravishda tezda bartaraf etish uchun mehnat qilishadi», – deyiladi AOKA direktorining birinchi o‘rinbosari munosabatida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter