Annalena Berbok dunyoda adolat o‘rnatish shartini aytdi
Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok «Katta yigirmalik» (G20) davlatlarini o‘z salohiyatini Ukraina va G‘azo sektoridagi inqirozlarni bartaraf etishga yo‘nalishtirishga undadi.
«Ushbu jiddiy inqirozlarni bartaraf eta olmasak, dunyoni yanada adolatli qilolmaymiz», – dedi olmon bosh diplomati Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan «Katta yigirmalik» tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida.
Qayd etilishicha, nafaqat Ukraina urushi, balki Yaqin Sharqdagi vaziyat ham xavotir uyg‘otmoqda.
«Ushbu ikki urushning oqibatlarini bu gal ham butun dunyodagi kambag‘al qatlam o‘z tanasida his etmoqda», – dedi A.Berbok.
Siyosatchi qonli ixtiloflar tengsizlik va qashshoqlik tegirmoniga suv quyayotganini urg‘uladi.
«Bugungi kunda dunyodagi har oltinchi bola o‘ta qashshoq sharoitda yashamoqda. «Katta yigirmalik» vakili, dunyoning iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlari sifatida bu holga rozi bo‘la olmaymiz. Agar dunyodagi urush va inqirozlarga bas kela olmas ekanmiz, tengsizlik bilan kurashda g‘alaba qozonish amrimahol. Chunki bo‘hron va urushlar adolatsizlikni kuchaytiradi, butun dunyoda eng ojiz qatlam sanalgan ayollar va bolalarga ziyon yetkazadi. Shu tariqa adolat tantanasi, odil dunyo qurish orzusiga to‘sqinlik qiladi», – dedi Germaniya vaziri.
Siyosatchi «Katta yigirmalik» a’zosi bo‘lgan Rossiya ikki yildan buyon Ukrainaga qarshi tajovuzkor urush olib borayotganini qoraladi.
G‘azo sektorida halokatli gumanitar vaziyat yuzaga kelgani, yuz minglab odamlar oziq-ovqat va suvga muhtoj ekanini xavotir bilan qayd etdi.
«Bu uqubatlarga hoziroq chek qo‘yish kerak», – dedi u.
Qashshoqlikka qarshi kurash, iqlimni himoya qilish, adolatni o‘rnatish aynan Ukraina va Yaqin Sharqda tinchlik barqaror bo‘lishiga bog‘liq ekanini ta’kidlagan A.Berbok xalqaro hamjamiyatni so‘zdan amaliy ishga o‘tishga da’vat qildi.
Germaniya tashqi ishlar vaziri avvalroq BMT, Jahon savdo tashkiloti kabi xalqaro tuzilmalar faoliyati adolat tamoyili asosida, global yangilanishlarga hamohang ravishda isloh qilinishi kerakligi haqida gapirgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter