Angliyalik futbolchilarni qo‘riqchi it sotib olishga nima majbur qilyapti?
Londonning «Tottenxem» futbol klubi darvozaboni Ugo Loris jamoadoshi Dele Allining uyiga o‘g‘rilar bostirib kirishidan ikki hafta oldin 15 ming funt sterlingga qo‘riqchi it sotib olgandi, deya xabar berdi «Daily Mail».
Chorshanba kuni nashrning ma’lum qilishicha, 13 may kuniga o‘tar kechasi yovuz niyat kimsalar Allining Barnetdagi uyiga bostirib kirishgan. Ular futbolchining yuziga musht tushirib, pichoq bilan po‘pisa qilishgan. Jinoyatchilar qimmatbaho soat va zargarlik buyumlarini olib ketishgan. Ta’kidlanishicha, yarim himoyachining yuziga yengil jarohat yetgan. Keyinchalik Alli ahvoli yaxshiligini ma’lum qilgan.
Ko‘pgina futbolchilar Alli bilan bo‘lib o‘tgan voqeadan so‘ng xavotirga tushib qolishgan. Nashrning xabariga ko‘ra, Angliya premer-ligasidagi bir qancha futbolchilar, jumladan, «Manchester Yunayted» o‘yinchilari Aaron Uan-Bissaka va Jessi Lingard ham qo‘riqlash xizmatlaridan maxsus o‘rgatilgan itlarni sotib olishgan.
Ma’lumki, avvalroq Britaniya hukumati Angliyada koronavirus pandemiyasi tufayli uzilib qolgan futbol mavsumini iyunda tiklashga ruxsat bergani xabar berilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter