Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Andijonning mitti odamlari: «Bo‘yimiz kichik bo‘lsayam, yuragimiz ulkan!» (video)

Bozorni ko‘pincha o‘zim qilaman. Xo‘jayinim qilib bermagani uchun emas, shunchaki, ro‘zg‘orimga nima va qancha kerakligini o‘zim bilganim uchun. Keyin, injiq odamning ishi qiyin. Ro‘yxat qilib bersam ham baribir nimadir qolib ketadi. Dehqon bozori bizga yaqin. Kenjatoyimni olaman-da, astoydil bozor aylanaman. Yuklarimiz og‘ir bo‘lib ketsa arava yollaymiz...

Bu aravakash yigitni birinchi marta ko‘rganimda yosh bola deb o‘ylaganman. Keyin bilsam, uning yoshi 32 da ekan. Faqat, bo‘yi mening 12 yosh o‘g‘lim bilan teng.

Yaqindan tanishdim, suhbatlashdim. U menga hayoti, ishi, oilasi, muammolarini gapirib berdi.

— Bolaligimdanoq tirikchilikka chiqib ketganman. Nima ish bo‘lsa qilib ketaverardim. Suvoq qilardim, g‘isht tashirdim, devor urardim,beton quyardim. Onam bozorda ko‘kat, karam, turli sabzavotlar sotardi. Nafasi qisadigan bo‘pqolganidan keyin, «bo‘ldi, ona, endi siz ishlamay uyda o‘tiring, o‘zim boqaman» dedim. Qurilishda ishlab yurib, bozorda savdo-sotiq qiladigan bir kishi bilan tanishib qolgandim. O‘sha inson menga bozorda aravakashlik qilishni maslahat bergan. Shu-shu bozordan non topaman. 15-16 yil bo‘pqoldi, mana, — deydi G‘ayratbek Asipov.

G‘ayratbek — abjir, mehnatkash va quvnoq. Shu bois, bozordagi hamma sotuvchiyu xodimlar uni yaxshi ko‘rishadi, erkalatib, hazil-huzul qilib turishadi.

— Bitta aravakash mehnati... har-xil. Agar xaridor bozor qilgunicha arava bilan yonida yurib, bozorlikni taksigacha olib chiqib bersak, 15 ming so‘m olamiz. Shunchaki olib chiqib berish — 5 ming so‘m. Yetkazib berish xizmatimiz ham bor. Bozor qilgani eringan odamlar buyurtma qiladi. Mayda-chuyda ro‘yxatini SMS qilib tashlaydi, bozorlik qilib taksidan bervoramiz, keyin u o‘sha taksi haydovchisidan pulini bervoradi.

— Firibgarlarga uchrab qolishingiz ham mumkin-ku, unda.

— Yo‘q, faqat tanish, o‘zimizning bozor taksichilari bilan ish qilamiz-da!

G‘ayratbek — oilasining yolg‘iz boquvchisi ekan. Ota-onasi, turmush o‘rtog‘i va 2 nafar farzandining ta’minoti uning gardanida. Ish vaqti tugagach, topgan daromadini hisob-kitob qilib, tiyin-tiyinigacha onasiga tutqazarkan.

— Bir kunda qancha topasiz, ro‘zg‘orga yetadimi? – so‘rayman G‘ayratbekdan.

— Ro‘zg‘orga mayda-chuyda qilganimdan tashqari 80 ming-100 ming so‘m atrofida pul qoladi menga. Gohida undoq – gohida bundoy. Bozorga shaharning katta jome masjidi yaqin. Juma namozidan keyin ehson qiladigan odamlar kelib 300-400 ming so‘m, ba’zan undanam ko‘proq pul berib ketishadi. Uni alohida to‘playman.

G‘ayratbekning oilasi Andijon shahri Nayzaqayrag‘och mahallasidagi umumiy hovlilardan birida yashaydi. Umumiy hovlida sharoit qandayligini o‘zingiz yaxshi bilasiz. Ichimlik suvi, hojatxona, hammom, kirish darvozasi barcha xonadonlar uchun bitta. Asipovlar uyi bor-yo‘g‘i ikki xona va bir dahlizdan iborat. Xonadon shiftiga qaldirg‘ochlar in qurgan. Bir juft qaldirg‘och tinimsiz vijir-vijir qilib bolalariga yemish tashiyapti.

Xonadon sohibasi Umida opa sodda, xushchaqchaq «bir qop yong‘oq» ekan. Xuddi qadrdoni mehmonga kelgandek, pildirab yurib bizga sharoitlarini ko‘rsatdi:

— Manavi uy kelinimniki, manavi xonada biz – chol-kampir yashaymiz, nevaralar gohida biz bilan, gohida ota-onasi bilan yotishadi. Manavi yangi xolodilnik, yaqinda mahalla idorasidan obkirib o‘rnatib berishdi. Endi yaqinda pilesosmi-yey, duxovkami-yey beramiz, deyishyapti. Mahallam ham, qo‘ni-qo‘shnilarim ham juda yaxshi. O‘tgan yili shahar hokimligi tomonidan buzoqcha berilgan, ana, bostirmada, ko‘rsangiz. Issiqqa qolib ketibsizlar, kompot ochaymi? Ventilyatorimiz bor, xudoga shukr. O‘g‘lim bizni qiynalmasin deb, hamma sharoitni badastir qilishga harakat qiladi. Keling, o‘tiring, o‘rik qoqib kelaymi? (Keliniga qarab) Dilfuza, choy qo‘y!

G‘ayratbekning onasi va xotini ham kamyob nasliy kasallik – axondroplaziyadan aziyat chekarkan.

Ma’lumot uchun: Axondroplaziya — uzun, naysimon suyaklar o‘sishining susayishi bilan xarakterlanadigan autosoma — dominant kasallik. Kasallikda bosh va gavda o‘lchamlari me’yorida bo‘lsa ham qo‘l, oyoqlar juda kalta bo‘ladi. Ularda nasl qoldirish xususiyati ancha sustlashadi.

— Yurib-yurib 7 yilda shu farzandimni tuqqanman. Afsuski, yolg‘iz o‘g‘lim ham o‘zimga o‘xshadi, dadasining bo‘yi uzun, o‘g‘il onaga tortarkan-da, — deydi u.

Ma’lumotlarga qaraganda, dunyo bo‘yicha bu kasallik bilan tug‘ilgan bemorlar har 10 ming kishiga bittadan to‘g‘ri kelarkan. Mamlakatimizda bu ko‘rsatkich qanchani tashkil etadi, bilmayman, bu borada aniq statistika yo‘q. TMEK (Tibbiy mehnat ekspert komissiyasi) bunday kasallik bilan og‘rigan kishilarga (ishga yaroqsiz, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lmasa) nogironlik belgilamaydi. G‘ayratbek ham, onasi va xotini ham hozirda nogironlik ro‘yxatida emas. Bo‘y bilan bog‘liq ayrim noqulayliklarni hisobga olmaganda, Asipovlar o‘zlarini sog‘lom hisoblaydilar.

— G‘ayratjonim oyog‘idan operatsiya bo‘lganida vaqtinchalik nogironlik belgilashgan, keyin chiqarib yuborishdi,  — deydi Umida opa. – Men keksalik nafaqasidaman, dadasi 2-guruh nogironi. O‘g‘limning arava haydab topgan puli va nafaqalarimiz bilan tirikchilik o‘tkazyapmiz. Faqat, qorindan oshinolmayapmiz-da. Mayli, uyam bo‘pqolar! Bo‘yimiz past bo‘lsayam nima endi... oyoq-qo‘limiz sog‘, shungayam shukr!

Umida opaning aytishicha, G‘ayratbek o‘zi o‘qiyolmaganiga o‘ksinadi. Ikki farzandini o‘qimishli, katta odam bo‘lishlarini istaydi. Qizini namunali MTM ga joylashtirgan, 3-sinfdagi o‘g‘lining o‘qishini tinimsiz nazorat qilib turadi. Kelini oyoq-qo‘li chaqqongina, epli juvon. Hademay yana ko‘payishar ekan.

— Yangi mehmon kelgunicha, uyimizga yana bironta xona qo‘shib olganimizda edi, — orzulaydi Umida opa.

— Ota-onam uchun bitta hujra bo‘lsayam solib bersam, deb niyat qilyapman. Ammo, asosiysi bu emas, opa. Meni «ertaga uy masalasida muammo kelib chiqsa-chi?!», degan o‘y qiynayapti. Chunki, uyimizga haligacha kadastr hujjati qilinmagan, dadamning nomiga o‘tkazilmagan. Yugur-yugurlardan charchadim. Uyni qonuniy hujjatlashtirib olsak, bu ishlar keyin bo‘laverardi. Nomimizga o‘tkazish uchun katta pul ketarkan. Hozircha men bu pulni to‘play olganimcha yo‘q, — deydi G‘ayratbek.

Mamlakatimizda nogironligi bor insonlarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoyalash borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Asipovlar oilasiga ham Andijon shahar hokimligi, Nayzaqayrag‘och mahalla fuqarolar yig‘ini, shuningdek Markaziy dehqon bozori ma’muriyati tomonidan yordam ko‘rsatilyapti, albatta. Zora, shu muammoga ham mutasaddilar e’tiborni qaratishsa.

Zero, Rasululloh (s.a.v) aytganlaridek: kichiklarga rahm etsang, kattalar senga rahm qiladi.

Muazzam SOBIRJON qizi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring