Andijonda kollej o‘qituvchisi 700 ming so‘m bilan qo‘lga tushdi
Andijon transport va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi shu yilning 2 mart kuni Husanboy Hotamxonov o‘z o‘quvchisidan 700 ming so‘m pul olayotganda qo‘lga tushgan. Bu haqda kollej o‘qituvchilari «Xabar.uz»ga xabar qildi.
O‘qituvchilarning aytishicha, kollejda korrupsiya bilan bog‘liq muammolar keng quloch yoygan. O‘quvchilar darsga qatnashmaslik evaziga o‘qituvchilarga pora berishi odatiy holga aylangan. O‘qituvchi H.Hotamxonov ham darsga qatnashmagan o‘quvchisidan pul talab qilgandan so‘ng Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Andijon viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Ushbu ma’lumotni Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Andijon viloyati boshqarmasi xodimi ham tasdiqladi. «Kollej o‘qituvchisining 700 ming so‘m bilan qo‘lga olingani rost. Hozir surishtiruv ishlari olib borilyapti. Lekin unga nisbatan hozircha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani yo‘q. Chunki bu holat poraxo‘rlik emas, firibgarlik deya baholanishi ham mumkin. Yigit yosh ekan, xato qilgani aniq», — deydi departament xodimlaridan biri Mutallibjon Karimov.
«Xabar.uz»ga bu haqda ma’lum qilgan kollej xodimi bu ishlarda kollej rahbari O‘tkir Rahmonovning kattagina hissasi borligi, ta’lim muassasasida poraxo‘rlik va «yig‘-yig‘»lar avjiga chiqqanini ta’kidladi. «Remontga, pardaga, svetga, ko‘chatga, gulga kabi «yig‘-yig‘»lar o‘qituvchilar tugul o‘quvchilarni ham bezdirib yubordi. Hattoki, davlat tomonidan o‘quvchilarga bepul beriladigan haydovchilik guvohnomalari uchun ham 300 ming so‘mdan pul yig‘ib olishdi. 180 nafar o‘quvchidan yig‘ilgan pul mutasaddilar o‘rtasida o‘zaro taqsimlab olindi. Rossiyaga o‘qishga ketgan o‘quvchilarning vedomostiga ham baho qo‘yib berilaveradi. Ularga pul bo‘lsa bo‘ldi.
Kollejdagi dars soatlari «auksion»ga qo‘yiladi. Hammasi ochiqcha — qaysi o‘qituvchi ko‘p pul bersa, unga ko‘proq dars soati ajratiladi. Bu bo‘yicha tegishli tashkilotlarga qilgan murojaatlarimiz javobsiz qoldi. Kollejni jinoyatlar makoniga aylantirib yuborganlar qachon o‘z jazosini oladi?», — deydi kollej xodimlaridan biri.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter