Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Andijonda fuqaro IIB xodimlari qiynoqlaridan o‘ldi. Shu oxirgisimi?

Andijonda fuqaro IIB xodimlari qiynoqlaridan o‘ldi. Shu oxirgisimi?

Skrinshot

Andijonlik A.Abdukarimovning IIB xodimlari tomonidan urib o‘ldirilishi birinchi va, katta ehtimolki, oxirgisiyam emas. Shov-shuvlar tinib, voqelik biroz unutilgach, hammasi yana «eski hammom, eski tos»ga aylanmasligiga kafolat yo‘q. Qiynoqlar haqida keyingi uch-to‘rt yilda nisbatan ochiqroq gapirila boshlandi. Bunday jirkanch amaliyotning oldini olish borasida qilinayotgan ishlar haqida balandparvoz bayonotlarni-ku, qo‘yavering.

Biroq, qani natija?!

Qiynoqlar kamayib, yo‘q bo‘lish o‘rniga, aksincha, ko‘paymoqda-ku?!

Muammo ildizi kadrlar no‘noqligiga bog‘lanadi ko‘pincha. Bu bor gap. Ammo tizimda qiynoq qo‘llanishiga xayrixohlik kayfiyati mavjudliginiyam, keling, inkor etmaylik. Agar bunday kayfiyat bo‘lmaganida «as-kadrlar» soniga baraka kiraverarmidi?!. Eng qizig‘i, fojia jamoatchilikka oshkor bo‘lib, inkor etishga tuzuroq vaj topilmay qolgach, «...tizimga adashib (?) kirib qolgan nopok xodimlar tozalanayotgani» ta’kidlanishga tushiladi. Xuddiki, tizim karvonsaroy — bu dargohga «adashib kirib» qolish mumkinday, go‘yo.

Ikkinchidan, Jinoyat-qidiruv va tergov (umumiy jinoyatlarning uchdan ikki qismi bo‘yicha tergov harakatlari ichki ishlar organlari tomonidan olib boriladi, qolgani prokuratura va DXX chekiga tushgan) bitta tizimga biriktirilishi o‘zini oqlayotgani yo‘q. Oddiy mantiq: JQB xodimi gumondorni «ming ko‘yga solib», jinoyatni «fosh» etgach, «delo»ni bir bino ostida ishlaydigan hamkasbi — tergovchiga o‘tkazadi. Tergovchi esa, ayblanuvchining oh-vohlariga ko‘pam qarab o‘tirmaydi, endi u nima qilib bo‘lsa ham ishni sudga chiqarish payiga tushadi. Chunki, JQB xodiminiyam, uning ham umumiy rahbari bitta.

Rahbarga esa «rezultat» kerak!

Bitta tizimning ikki tarmog‘ida tiyib turish tamoyili yo‘q ekan, natija kutilganidek bo‘lmasligi aniq.

Prokuror-chi, u ayblov xulosani tasdiqlamasa «delo» sudga chiqmaydi-ku, dersiz? Prokurorlar jinoyat ishi suddan «o‘tish-o‘tmasligi» masalasida yaxshigina bosh qotirishi bor gap. Biroq prokuratura faoliyatining JQB bilan kesishadigan yo‘llari ancha. Shundanmi ularda tizimga ayricha munosabat shakllangani kimga sir?! Bitta oddiy misol. Prokuraturada ichki ishlar organlari faoliyatida qonuniylikni nazorat qiladigan katta boshqarma bor. Ammo boshqarma faoliyati xususida jamoatchlikkka beriladigan axborotlar salkam anqoning urug‘i. Buning quvvati o‘sha «ayricha munosabat»ga borib taqaladiganday. Og‘zi polvon, qo‘li yugurik tezkor xodimlarda «gumondor prokurorga shikoyat qilsa-chi?» degan qo‘rquvning o‘zi yo‘qligi ko‘p narsaga dalolat qilmayaptimi?

Qisqasi, jinoyatlarni fosh etish tizimi talabga javob bermayotgani alohida tergov qo‘mitasi tashkil etish masalasini kun tartibiga qo‘yaveradi.

Yaqinda Bosh prokuraturada qiynoqlar mavzusidagi brifingda mahkama rahbari o‘rinbosari Svetlana Ortiqova tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish faoliyatida qiynoqning oldini olish tizimini takomillashtirishga katta ehtiyoj borligini ta’kidlagandi. Bundan anglashiladiki, hozirgi huquqiy tartiblarning o‘zi qiynoqlarga imkoniyat yaratmoqda.

Shundan kelib chiqib, quyidagi raqamlarga yuzlanamiz: keyingi uch yilda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari ustidan qiynash, qo‘rqitish va boshqa tazyiqlar bo‘yicha kelib tushgan 757 ta shikoyatning 4,4 foizi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilibdi. Ya’nikim, shikoyatlarning 5 foizi ham tasdiqlanmagan, salkam 96 foiz murojaatlar asossiz?!.

Oddiy mantiqdan kelib chiqilsa, shikoyatlarning 10-20 foizi, boringki 50 foizi tasdiqlanmasligi mumkindir balki. Biroq salkam 96 foizi taqsdiqlanmasligi sog‘lom aqlga to‘g‘ri kelmaydi. Demak, shikoyatlarning tasavvurga sig‘mas darajada tasdig‘ini topmayotgani qiynoqqa doir murojaatlarni ko‘rib chiqish hamda (qiynoq holatlariga oid) ishlar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirishning bugungi holati talabga to‘liq javob bermasligiga bog‘liq. Bunday talabga javob bermas tartiblar raqamlarda qanday aks etmasin, baribir muammoning asl mohiyatiga ta’sir o‘tkazmaydi.

Yuqordagi kabi holatlar aysbergning uchi bo‘lishiyam mumkin. Biz bilmagan va bilishimiz mumkin bo‘lganlari qancha?!

Qisqasi, toki tizimda jiddiy islohotlar o‘tkazilmas ekan, Andijonda gumondor IIB xodimlari tomonidan urib o‘ldirilgani oxirgisi ekaniga kafolat berish qiyin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring