Andijonda 112,4 mlrd. so‘m budjet mablag‘i manbasiz va maqsadsiz sarflangan — Senat

Budjet mablag‘larining maqsadli va oqilona sarflanishi ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Oliy Majlis Senati hamda Hisob palatasi tomonidan 2020-yilning birinchi yarimida bu boradagi ishlar Andijon viloyati misolida o‘rganildi.
Oliy Majlis Senati axborot xizmati xabaridan ko‘rinishicha, o‘tkazilgan tahlillar natijasi maqtanguday emas. Aksincha, qo‘pol xatolar va jiddiy qonunbuzilishlar ham talaygina. Masalan, o‘rganishlar jarayonida mahalliy budjetga 92 mlrd. so‘mdan ziyod qo‘shimcha daromadlarni jalb etish imkoniyati mavjudligi aniqlangan. Eng yomoni, aholi bandligini ta’minlash va yangi ish o‘rinlarini yaratishga mahalliy budjetlar qo‘shimcha manbalarining 40 foizi sarflanishi belgilangan bo‘lsa-da, lekin bu maqsadlarga umuman mazkur mablag‘lardan ajratilmagan. Shuningdek, qo‘shimcha manbalarning 10 foizi jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga sarflanishi lozim bo‘lgani holda umuman sarflanmagan.

Qo‘shimcha manbalar hisobidan qariyb 112,4 mlrd. so‘m manbasiz va maqsadsiz xarajat qilinishiga yo‘l qo‘yilgan.
Jumladan, aholining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilashga ajratilgan 4,9 mlrd. so‘mlik mablag‘lar samarasiz sarflanganligi hisobiga 2018-yilda (!) foydalanishga topshirilishi belgilangan Xonobod shahridagi Teyit, Fozilmon va Xidirsha MFYlar, Andijon tumanidagi No‘xatak MFY, Xo‘jaobod tumanida joylashgan Xidirsha MFYda suv tarmoqlarini qurish ishlari yakuniga yetkazilmagan va aholi ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan.
Shuningdek, 9 ta ijtimoiy soha ob’yektini qurish va mukammal ta’mirlash ishlari uchun tuzilgan loyiha-smeta hujjatlarida ko‘zda tutilgan 1,2 mlrd. so‘mlik jihoz va uskunalar o‘rniga boshqa turdagi jihoz va uskunalar o‘rnatib tashlangan. Masalan, Izboskan tumanidagi 29-sonli umumta’lim maktabi binosini rekonstruksiya qilish loyiha-smeta hujjatidagi qiymati 342 mln. so‘mlik 2 dona isitish pechi o‘rniga loyiha-smetada ko‘zda tutilmagan, narxi noma’lum, avval foydalanilgan 2 dona isitish pechi o‘rnatilgan.
Senat axboroti yakunida mahalliy budjetlar qo‘shimcha daromadlari hisobidan ajratilgan mablag‘lardan maqsadli va samarali foydalanish yo‘nalishida aniqlangan holatlarga huquqiy baho berish yuzasidan to‘plangan materiallar Andijon viloyati prokuraturasiga taqdim etilgani ma’lum qilingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter