Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Andijon viloyat hokimligiga «sud qarorini tasdiqlash» vakolati berilganmi?

Andijon viloyat hokimligiga «sud qarorini tasdiqlash» vakolati berilganmi?

Andijon viloyat hokimligi matbuot xizmati bloger Abdupatto (Otabek) Nuritdinovning 15 sutka ma’muriy qamoq jazosiga tortilgani haqida rasmiy bayonot berdi.

Xo‘sh, nima bo‘pti, dersiz? Bu, ta’bir joiz bo‘lsa, navbatdagi «qovun» bo‘pti!

Mahalliy hokimlik — ijro organining tarmog‘i hisoblanadi. Shaxsni qamoqqa ravona qilgan sud qarorining nechog‘liq qonuniy ekaniga yuqori bosqich sudi huquqiy baho beradi. Illo mahalliy hokimlik emas. Biroq nomigina «rasmiy bayonot»da viloyat hokimining agronomdan chiqqan matbuot kotibi M.Botirov yuqori sud vakolatini «o‘ziga olib», O.Nuritdinovning javobgarlikka tortilgani mutlaqo qonuniy ekanini baland pardalarda aytadi.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda mazkur voqelikka nisbatan bildirilayotgan «asossiz va tusmoliy ayblovlar» Andijonning «imijiga putur yetkazayotganini» ham alohida ta’kidlaydi. Kechirgaysiz, muhtaram kotib, viloyat imijiga «Nuritdinov ishi»ga bildirilayotgan munosabatlardan ko‘ra Sizning bu tariqa «rasmiy bayonot» berishingiz ko‘proq putur yetkazadi, aslida. Zero, Siz — qozi, viloyat hokimligi sud organi emas. Nahot, shugina huquqiy tartibni bilmasangiz?!

Odatda «rasmiy bayonot» qisqa va lo‘nda bo‘ladi. Viloyat hokimligining «rasmiy bayonoti» esa O.Nuritdinovni qoralovchi qisqa metrajli filmga aylanib ketgan. Tabiiyki, qahramonlar orasida begonasi yo‘q: O.Nuritdinov «ishi»da jabrlanuvchi bo‘lib o‘tgan shaxslar, viloyat moliya boshqarmasi mas’uli, IIB, prokuratura mansabdorlar... Ular orasida hatto Andijon viloyat ma’muriy sudi sudyasi ham bor! Bunchalikka borilmaydi-da, endi?! Jabrlanuvchi deyilayotganlarni tushunsa bo‘ladi — ular hech qachon O.Nuritdinov haqida yaxshi gap aytmaydi.

Viloyat IIB va prokuraturasi mansabdorlarining ayblovni qo‘llab-quvvatlagani xususida ham gap shu. Biroq blogerga oid ma’muriy ish e-endi birinchi bosqich sudida ko‘rib chiqildi. Hali shikoyat berishga ulgurilmagan «ish» bo‘yicha viloyat sudi sudyasining avvaldan fikr bildirganiga nima deysiz?! Bu nima, «ey, Otabekning yaqinlari, sud qaroriga shikoyat berib ovora bo‘lmanglar, qaror baribir kuchida qoladi», mazmunidagi ogohlantirishmi? Qisqasi, viloyat sudi sudyasining sud qarori hali keyingi bosqichda ko‘rilmay turib, uning «qonuniyligi haqida xulosa berishga» shoshilgani nainki qonun, balki oddiy mantiqqa sig‘maydi... O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi masalaning ayni nuqtasiga e’tibor qaratib, o‘z nuqtai nazarini bildirishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Blogerning ishi bo‘yicha surishtiruvlar favqulodda tezkorlik bilan olib borilib, bir necha soat ichida hatto sud qarori chiqarishgacha ulgurilgani ko‘plarda o‘rinli shubha uyg‘otgani bor gap. Viloyat hokimligi matbuot xizmati ham shunday tezkorlik bilan mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlarini «bir joyga jamlab», bir tomonlama «bayonot-film» ishlagani esa o‘sha shubhalarga battar moy sepadi. Rost-da, vakolatiga kirmaydigan masalaga viloyat hokimligi nega bunchalar «mehru muhabbat» bilan e’tibor qaratmoqda? 

Alohida ta’kidlash kerak: avvalgi chiqishimizda ham, mazkur maqolada ham Otabek Nuritdinovga qo‘yilgan ayblovlarning qanchalar tosh bosishi xususida hech nima deyilayotgani yo‘q. Asosiy gap blogerning «tiqib qo‘yilishi» va undan keyingi jarayonlardagi tasavvurga sig‘mas holatlar haqida bormoqda. Ahvolni esa ko‘rib turibsiz...

Blogerga qo‘yilgan ayblovlar esa butunlay boshqa mavzuni, turgan gapki, boshqacha ohangni talab qiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring