Andijon va Samarqandda prokuratura xodimlari jinoyat ustida qo‘lga tushdi (video)
DXX hamda tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan Andijon va Samarqand viloyatlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarida tuman prokuror o‘rinbosari va 2 nafar prokuror yordamchisi pora olayotganda qo‘lga olindi.
Jumladan, Andijon viloyati Xo‘jaobod tuman prokuraturasi tergovchisi tuman ichki ishlar bo‘limining tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat Kodeksining 168 va 228-moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llamaslik va tergov harakatlari davomida yengillik yaratib berish evaziga 5 ming AQSh dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda tergovchi so‘ralgan pul mablag‘ini umumiy ovqatlanish maskanida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 168 va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Tergov jarayonida tergovchiga ushbu pullarni olish bo‘yicha ko‘rsatmani tuman prokurori o‘rinbosari berganligi to‘liq isbotlanib, u ham qamoqqa olindi.
Samarqand viloyatida kuzatilgan holatda esa Pastdarg‘om tumani prokurori yordamchisi tuman ichki ishlar bo‘limining tergov bo‘limi tomonidan tergov harakatlari olib borilgan jinoyat ishida ayblanuvchi sifatida o‘tayotgan fuqaroga nisbatan sud jarayonida yengillik qilish va sud idoralarida ishlovchi tanishlari orqali qamoqdan chiqarish evaziga, uning qarindoshlaridan 3 ming AQSh dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Samarqand shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, prokuror yordamchisi so‘ralgan pul mablag‘idan 2500 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda holat yuzasidan mazkur mansabdor shaxsga nisbatan viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 168 va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter