Analog televideniyening «so‘nggi bahori»
2018-yilning dekabr oyida so‘nggi analog uzatgichlar o‘chirilishi bilan O‘zbekiston raqamli televideniyega uzil-kesil o‘tgan davlatlar qatoriga qo‘shiladi.
Bu yil mamlakatimiz televideniyesi hayotida tub burilish yasaladi – 62 yillik tarixiy yo‘lni bosib o‘tgan, o‘z texnologik rivojlanish imkoniyatlarini batamom sarflab bo‘lgan analog televideniye o‘z o‘rnini raqamlisiga to‘liq bo‘shatib beradi. Dekabr oyida so‘nggi analog uzatgichlar o‘chirilishi bilan O‘zbekiston raqamli televideniyega uzil-kesil o‘tgan davlatlar qatoriga qo‘shiladi.
Xo‘sh, bu nimani anglatadi. Hukumat-ku o‘z vazifasini bajardi: raqamli qoplash uddalanib, mana endi analog uzatgichlar birin-ketin o‘chirila boshlandi (15-yanvarda Farg‘ona vodiysi va Toshkent viloyatidan boshlandi). Xalqimiz bunga qanchalik tayyor? Har holda hammaning ham uyida so‘nggi rusumdagi koreys va yapon televizorlari yoinki TV-tyunerlar bo‘lmasa kerak. Shaharliklar-ku mayli, «kabel»ga ulanib ko‘rishaveradi, ammo chekka-chekkalarda oddiy antennada ikki-uchta kanalni zo‘r-bazo‘r tutib ko‘rib yurganlar-chi? Ular boridan ham ayrilishadimi yo ilgari o‘zlari tasavvur ham qilmagan texnika mo‘’jizalaridan bahramand bo‘lishadimi?
Bu savollarimizga «Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi» davlat unitar korxonasi bo‘lim boshlig‘i Javlon ISAYeVdan javob oldik.
Raqamli qoplash 100 foiz uddalandi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 17-iyulidagi «Raqamli teleeshittirishlarga o‘tish va yer usti analog teleeshittirishlarni to‘xtatishga doir amalga oshiriladigan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida 2017-yil yakuniga qadar hamma hududlarda 90 komplekt yuqori quvvatli va 404 komplekt kam quvvatli raqamli teleeshittirish uzatgichlarini o‘rnatish va foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgandi.
«Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi» davlat unitar korxonasi belgilangan bu vazifalarni muddatida bajardi va O‘zbekistondagi barcha aholi yashash maskanlari to‘liq raqamli televideniye dasturlari bilan ta’minlandi. Bu hatto eng chekka qishloqlarda ham raqamli televideniye signallari bor, degani.
Mamlakatimiz mustaqilligining 26 yilligi bayrami arafasida Toshkent shahrida sun’iy yo‘ldosh aloqa tarmog‘iga raqamli teledasturlarni uzatish va qabul qilish Yer stansiyasi ishga tushirildi. Bu sun’iy yo‘ldosh aloqa tarmog‘i orqali O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 12ta teledasturi va 4ta radiodasturi uzatib berilyapti. Ularni nafaqat O‘zbekistonda, balki 40dan ortiq chet mamlakatlarda ham ko‘rishingiz mumkin.
Analog TV qanday o‘chirilyapti?
Yuqoridagi qarorda mamlakatimizda yer usti analog teleeshittirishlarni bosqichma-bosqich to‘xtatish jadvali ham tasdiqlangan.
2018-yilning 15-yanvaridan boshlab to 5-dekabriga qadar butun respublika bo‘ylab analog formatdagi barcha teleeshittirishlar to‘xtatiladi.
Bu jadvalga asosan 2018-yilning 15-yanvaridan Farg‘ona, Andijon, Namangan va Toshkent viloyatlarida analog formatdagi teledasturlar efiri to‘liq to‘xtatildi.
Raqamli teleeshittirishlarga o‘tish, analog teleeshittirishlarning bosqichma-bosqich to‘xtatilishi to‘g‘risida xabardor qilish maqsadida 2017-yilning noyabr oyida mobil aloqa operatorlari xizmatlaridan foydalanib, aholiga SMS-xabarlar yuborildi. Dekabr oyida esa Andijon, Farg‘ona, Namangan va Toshkent viloyatlaridagi mobil aloqa abonentlari SMS-xabarlar orqali ogohlantirildi.
Qolaversa, aholini yanada yaqindan xabardor qilish maqsadida ommaviy axborot vositalari orqali:
- O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining viloyat telekanallari, viloyatlardagi nodavlat telekanallarida 48 marotaba; (intervyu, videorolik, e’lonlar);
- radioda: 31 marotaba (intervyu, e’lonlar);
- gazeta va internet nashrlarda: 27 marotaba (maqola va e’lonlar) chiqishlar qilindi.
Bundan tashqari, «RRTM» DUK tomonidan joylarda o‘tkazilgan 52ta sayyor qabul yig‘ilishlarida ham aholi bilan bevosita tushuntirish ishlari olib borildi.
Tavsiya: Televizor yoki tyuner xarid qilayotganda, ushbu qurilmaning DVB-T2 standartini qo‘llab-quvvatlashiga e’tibor qaratish lozim. Mahsulotning texnik tavsifida bu haqda batafsil axborot berilgan bo‘ladi.
Raqamli televideniyening ijtimoiy ochiq to‘plami
Bugungi kunda respublikamizda raqamli televideniyening ijtimoiy ochiq to‘plami shakllantirilgan bo‘lib, ushbu to‘plam tarkibiga O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining «O‘zbekiston», «Yoshlar», «Toshkent», «Sport», «Navo», «Dunyo bo‘ylab», «Madaniyat va ma’rifat», «Bolajon», «Kinoteatr», «Oilaviy», «Mahalla», «O‘zbekiston 24» telekanallari va «O‘zbekiston», «Yoshlar», «Mahalla», «O‘zbekiston 24» radiokanallari hamda «Zo‘r TV», «Sevimli» (Saravan TV), «Uzreport», «Futbol TV», «MY5», «Milliy» nodavlat telekanallari dasturlari kiritilgan. Ushbu telekanallar dasturlarini ko‘rish bepul.
Kimning xonadonidagi televizorda ushbu teledasturlar ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ular allaqachon raqamli televideniye xizmatlaridan foydalanishmoqda.
Eslatma! Mazkur ma’lumotlar efir orqali (teledasturlarni antenna orqali qabul qilish) uzatilayotgan teleradiodasturlarni ko‘ruvchilarga tegishli. Kabel televideniyesi, «O‘zbektelekom» AKning «IP» televideniyesi xizmatlaridan hamda sun’iy yo‘ldosh aloqa tarmog‘idan (parabolik antenna orqali) foydalanib teledasturlarni ko‘ruvchilarga taalluqli emas.
Keling, dunyo tajribasiga ham ko‘z tashlasak, ular analogdan qanday voz kechishdi ekan?
Agarda hozir shartli ravishda «Dunyoning televideniye xaritasi»ni tuzadigan bo‘lsak, uch guruh paydo bo‘ladi:
- Raqamli TVga o‘tib, analog TVni to‘liq o‘chirgan mamlakatlar (AQSh, Yaponiya, Germaniya, Niderlandiya va boshqalar)
- Raqamli TV va analog TVni parallel ishlatayotgan mamlakatlar (Xitoy, Rossiya, Ukraina, O‘zbekiston va boshqalar)
- Raqamli TV umuman mavjud bo‘lmagan mamlakatlar (Pokiston, Liviya, KXDR, Marokash, Suriya, Iroq va boshqalar)
E’tibor bergan bo‘lsangiz, kelgusi yildan biz ham «yuqori pog‘ona a’zosi»ga aylanamiz. Mavzuimiz «Analogni TVni o‘chirish», demak, biz uchun mana shu, analog TVni butkul o‘chirgan mamlakatlar tajribasi qiziq.
Niderlandiya. Dunyoda birinchi bo‘lib Niderlandiya raqamli TVga to‘liq o‘tdi (2007-yil yanvar). Analog TVdagi 30ta kanal o‘rniga raqamlida yuzlab kanallar taklif etilishi va LCD televizorlar savdosining jadallashishi bu jarayonni tezlatib yubordi. Kabel operatorlar ham raqamni qo‘llab-quvvatlashdi, masalan, UPC o‘z raqamli tariflarini analog kanallarniki bilan bir xil belgiladi.
Shvetsiya. Skandinavlar raqamli TVni 1999-yildan joriy etishga kirishishdi va umumiy hisoblaganda, analog TV raqamlisi bilan sakkiz yil yonma-yon «yashadi».
Germaniya. Raqamli efir uzatishlariga Germaniya 2004-yildan kirishgan. Shuni aytish kerakki, nemislar uchun analog TVdan voz kechish aytarli muammo tug‘dirmadi. Bungacha kabel va yo‘ldosh kanallar o‘ta rivojlangan, analog TVdan aholining bor-yo‘g‘i 10 foizi foydalanardi. Nemischa raqamlashtirishning bitta xususiyati biznikiga o‘xshaydi – ular ham analogdan voz kechishni hududlar bo‘yicha taqsimlab, bosqichma-boqich amalga oshirishdi.
Ispaniya. Pireneyliklar raqamli uzatishni 2002-yilning may oyidan boshlashdi. Biroq dastlabki tijoriy loyiha inqirozga yuz tutdi. 2005-yilning noyabr oyida raqamli televideniyega qayta start berilib, 20 telekanal, 14 radiostansiyani o‘z ichiga olgan bepul xizmatlar paketi joriy etildi. Ammo analog TV yana besh yil ishlab berdi.
Buyuk Britaniya. Doim o‘z mezonlari bilan yashovchi konservator inglizlar «odatlariga xilof ravishda» Yevropada birinchi bo‘lib, (1998-y.) raqamli televideniyeni joriy etishga kirishishdi. Ammo birinchi boshlash bilan birinchi bo‘lib o‘tish o‘rtasida farq bor, shunday emasmi? Ilk britan raqamli TV tarmog‘i – ONdigital, xuddi ispanlarniki kabi ko‘pga bormadi. Nega? Chunki Angliya futbol ligasi bilan tuzilgan shartnomalar qimmat, xizmat sifati past, chastotalarda kanallar o‘ta tig‘izlashib ketgandi.
Avvaliga raqamlashtirishni 2005-yili yakunlashga urinib ko‘rishdi, biroq bu yili faqatgina Karmartenshir (Uels) grafligida analog signalni «pilot» loyiha sifatida o‘chirishdi xolos. «Raqamli o‘tish» faqat 2007-yilning oktyabridan jadallashdi. Yoshi 75dan oshganlar va nogironlar uchun raqamli qurilmalar, ularni o‘rnatish va texnik xizmat ko‘rsatish bepul qilib belgilandi. Yana besh yil o‘tib, 2012-yilning oktyabr oyidan analog signallarni uzatish to‘xtatildi.
Fransiya. Yer usti raqamli uzatish bu mamlakatda 2005-yilning 31-martidan boshlandi. Dastlabki bosqichda raqamli efir 14ta kanaldan iborat edi. Kam ta’minlangan oilalarni quvvatlash uchun davlat 15mln. yevro ajratdi. Analog signallar 2011-yil kuzida batamom o‘chirildi.
AQSh. Raqamli TVga amerikaliklar 1996-yildayoq o‘tishni rejalashtirishgandi. Biroq ular bu ishni uddalashgunicha oradan 13 yil o‘tib ketdi va 2009-yilning 13-iyun kuni barcha shtatlardagi analog uzatgichlar o‘chirildi. Analog uzatishdan voz kechish uchun oxirgi to‘rt yil jiddiy ish olib borildi. Odamlarning oddiy televizorlariga maxsus qurilmani o‘rnatish jarayoni, ayniqsa, og‘ir kechdi. Barcha teletomoshabinlarni ham narxi 60-80 dollar turuvchi bu qurilmani xarid qilishga ko‘ndirish oson emasdi. Shuning uchun ham Amerika hukumati kupon dasturini ishlab chiqdi. TV-qurilmani xarid qilishda ishlatiladigan qirq dollarlik kuponlarni chiqarishga milliard dollardan ortiq mablag‘ ketdi. Biroq raqamli TVga o‘tish belgilangan fevral oyiga kelib qarashsa, odamlar TV-moslamalarni juda sust xarid qilishyapti: analogli signallarni o‘chirish yana to‘rt oyga kechikdi.
Janubiy Koreya. Bu mamlakat fuqarolari 2013-yil kutib olingan yangi yil bayramini faqat raqamli televizorlarda tomosha qilishdi. Negaki, 2012-yilning 31-dekabr kuni tongida barcha analog uzatgichlar o‘chirib bo‘lingandi. Albatta, bayram-bayramday bo‘lishi uchun hukumat fuqarolariga imkon qadar yordam qo‘lini cho‘zdi. Oilalarga ularning daromadidan qat’i nazar 45 ming vondan 100 ming vongacha moliyaviy ko‘mak berildi. Masalan, har bir oilaga TV-tyunerni ijaraga olishga ketadigan 60 vonning 40 voni, antennani o‘rnatishga ketadigan 90 ming vonning 60 ming voni davlat hisobidan qoplandi.
Oilalarning o‘zi esa raqamli TVga ulanishda 50 ming vondan to‘lashdi. Keksalar va nogironlarga raqamli televideniye bepul yetkazildi. Bundan tashqari, kam ta’minlangan kishilar, veteranlarga TV-tyunerlar bepul ulashildi yoki raqamli televizor sotib olishlari uchun 100 ming vondan berildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter