Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Amerikaning ikkita nufuzli oliygohiga talabalikka tavsiya etildim, lekin...»  — Rasuljon Ahmedov

«Amerikaning ikkita nufuzli oliygohiga talabalikka tavsiya etildim, lekin...»  — Rasuljon Ahmedov

Men bu yigitchani Toshkent Xalqaro aeroportida uchratdim. Yukini olishga shoshilayotgan,  tashqariga oldinroq chiqishga intilayotgan olag‘ovur odamlar orasida, anchayin xotirjam, bosiq, hammaga yo‘l berib, bir chekkada yolg‘iz o‘zi turgan yoshgina yigit e’tiborimni tortdi. Xorij safaridan qaytgan Rasuljon bilan, shu joyda yana bir reys – Toshkent-Farg‘ona yo‘nalishida parvoz oldidagi ozroq bo‘sh qolgan vaqtda tanishib, suhbatlashib qoldim. 19 yoshli Rasuljon Ahmedov Toshkent Xalqaro munosabatlar universiteti talabasi ekan. Savollarimga samimiyat bilan javob berdi.

– Safarim ikki oy davom etdi. Chet elda dunyo siyosatini kuzatish, tahlil qilish bilan birga xalqaro darajadagi loyihalarni ishlab chiqish yo‘lida izlandik. Xorijlik tengdoshlar bilan fikr almashish asnosida yoshlar hayotiga oid yangi qirralarni o‘rganish imkoni paydo bo‘ldi.

 – Rasuljon, yurtimizda minglab talabalar o‘qiyapti. Lekin, ularning hammasi ham xorij safariga yo‘llanmaydi. Siz o‘zingizni muvaffaqiyatli inson deb bilasizmi?

– Har bir insonga, minglab hujayralar orasidan unga tegishlisi tanlanib dunyoga kelganining o‘zi omad aslida. Har birimizda shukur qilgulik jihatlar yetarli. Lekin, qiyosiy tarzda olganda, baribir omadliman deb aytaman. Xorij safariga yo‘llanishim ingliz tilini bilishim bilan ham bog‘liq. Darvoqe, safar davomida tilni yanada ko‘proq o‘rganish imkonim ham bo‘ldi.

– Demak, tilni siz bolalikdan o‘rgangansiz. Ingliz tilini ozroq bilganlar ham xorijga safarga emas, o‘qishga oshiqadilar...

– Oltiariqdagi 37-umumta’lim maktabida o‘qiganman. Oilada o‘qishimizga e’tibor katta bo‘lgan. O‘qish paytidayoq muddatidan avval Amerikaning 2 ta nufuzli oliygohiga talabalikka tavsiya etildim. Ammo oiladagi ahvolni ham nazarda tutishimiz kerak. Akam Yevropada oliy ta’lim olmoqda. Opamni uzatganmiz. Men ham ketib qolsam, ota-onam yolg‘iz qolishlarini o‘yladik. Hozirda Toshkentda o‘qisam ham, 10-15 kunda bir kelib ketishim yoki yaqinlarim o‘zlari poytaxtga kelishlari, ko‘rishish imkonimiz bor.

Muvaffaqiyat faqat til bilan bog‘liqmi?

– Yo‘q, albatta. Lekin, so‘radingiz, aytayapman, yil boshida, 1 kurs talabasi edim, maxsus tanlovda MDH davlatlari orasida 2024 yil bo‘yicha eng yaxshi va eng yosh yil talabasi deb e’tirof qilindim.

– Yil talabasi bo‘lish tamoyillari qanaqa?

– Ushbu tanlovda «Yangi O‘zbekistonda jadal tus olayotgan yoshlarga oid davlat siyosati» sarlavhali maqolam bilan ishtirok etdim. Maqola o‘zbekistonlik yoshlarga yaratilgan shart-sharoitlar, ularning qonun oldida tengliklari hamda erkinliklari, qonun bilan mustahkamlanib qo‘yilgan huquqlari to‘g‘rida. Dunyo aholisining 25 foizini yoshlar tashkil qilsa, O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 60 foizdan yuqori. Davlatimizda yoshlarga katta e’tibor berilayotgani bejiz emas. Yurtning ertasi yoshlar qo‘lida. Maqola yozilishi jarayonida ko‘plab ma’lumotlarni o‘rganish, ustozlar o‘gitini unutmay ishlashga to‘g‘ri keldi. Yoshlik o‘qib, izlanish uchun katta imkon deb o‘rgatishgan bizga.

– 19-20 yosh (hatto butun umrdir) xatolarni, kamchiliklarni tuzatadigan palla ham. O‘zingizni o‘rganishga harakat qilganmisiz?

– Mana shu safar davomida turk yozuvchisi Mirach Charg‘ining «Hayot yutqazgan joyingdan boshlanar» degan kitobini o‘qib chiqdim. Kitobning g‘oyasi, har bir inson xato qiladi, lekin ko‘pchilik xatosini anglab yetmaydi, tahlil qilolmaydi. Shu kitobni o‘qiganimdan keyin o‘zimda qator savollarga javob topa oldim deb o‘ylayman. Oddiy misol bilan aytsam, ko‘pchilik insonlarni kechira olmaslik hissi xato ekanini yoki boshingga keladigan sinovlarga sabab atrofingdagi insonlar emas, asli o‘zing ekaningni his qilib yashash kerakligini tushunib yetdim.

– Bu kitob inson ruhiyati bilan bog‘liq. Qaysi bo‘lim Sizga ko‘proq ta’sir qildi?

– Taqdir va qaror haqida. Boshimizga keladigan sinovlar, yaxshi narsalar ham barchasi bizning taqdirimiz. Lekin, boshimizga sinov kelganda oyoqqa tura bilishimiz yoki shunchaki hammasini bir chekkaga surib qo‘yib, bo‘ldi, menga hech narsa kerakmas, degan narsani qabul qilish bu insonning o‘zini qarori, bu taqdir emas. Masalan, insonning turmush qurishi bu taqdir, ajralib ketishi taqdir emas, qaror.

– Qanday rejalaringiz bor?

– Yoshlar bilan bog‘liq xalqaro bir loyiha tizimini ishlab chiqdim. Hamkorlar bilan kelishuvga ham erishdim. Endi, eng asosiysi, amaliy ish. Shuni ham aytmoqchimanki, lavozim deymizmi, boshqaruv deymizmi, bu insonga faqat mas’uliyat yuklashi kerak. Lavozimga kelishdan ko‘ra, mana shu vazifada qandaydir foydali ishlarni bajara bilish muhim.

– Parvoz vaqtigacha ham kam vaqt qoldi. Oilangizni juda sog‘ingan bo‘lsangiz kerak-a?

– Safarga otlanganimda yozning jazirama kunlari edi. Oqshomlari oila a’zolaring bilan bir dasturxon atrofida o‘tirish, yaqinlaring taftini telefondan emas, yonlarida turib his qilishning o‘zi katta baxt ekanini chuqurroq his qildim, rosti.  Kimgadir kerakligingni his qilish insonga qanot bag‘ishlaydi. Agar inson jamoasiga, yurtga ham xuddi shunday kerakli bo‘lsa, bundan-da katta quvonch va katta mas’uliyatni tuysa kerak. Qarang, odamlar shoshsa ham uyiga yoki boshqa bir sokin manzillarga shoshayapti. Bu kayfiyatni faqat tinchlik barqaror mamlakatlarda sezasiz.

Suhbatni Shahnoza Jo‘raqulova yozib oldi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring