Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Amerikaliklarning bir oylik pensiyasiga nima sotib olish mumkin?

Amerikaliklarning bir oylik pensiyasiga nima sotib olish mumkin?

Foto: «2019god.me»

Amerika pensiya tizimi — murakkab. Unda hammasi aniq-ravshan. Harbiy idoradagi xodim xizmatchidan ko‘proq oylik oladi, mehnat faoliyatini belgilangan 67 yoshdan oldin tugatganlar 70 yoshgacha ishlaganlarga qaraganda kamroq ta’minlangan. Shu bois AQSh pensionerlarining turmush darajasini xolis baholash nihoyatda mushkul. Biroq bu diyorda 1 200 AQSh dollarini tashkil etuvchi davlat pensiyasi mavjud (taxminan 11,5 mln so‘m). Okeanortilik pensionerning nimalar sotib olishga qurbi yetishini aniqlash uchun ana shunga tayanamiz.

AQShda u yoki bu mahsulot, xizmat yoki buyumlarning bahosi turli shtat va shaharlarda farq qilishi mumkin. Shu bois hisob-kitobda Amerika poytaxtidagi universal do‘konlardagi o‘rtacha baholarga tayanishga qaror qildik, deb yozadi «Rambler».

Non

Ma’lumki, non ko‘pchilikning asosiy mahsuloti hisoblanadi. Shu bois ro‘yxatni undan boshlaymiz. Vashington supermarketlarida yarim kilolik baton 3,58 dollar (taxminan 34 ming so‘m) turadi. Davlat pensiyasini baton bahosiga bo‘lsak, 333 dona baton, ya’ni 167,5 kg oq nonga to‘g‘ri keladi.

Sut

Ha, AQShda oq non arzon yegulik emas, lekin sut narxi nisbatan pastroq. Bir litr sut o‘rtacha 0,89 dollar (taxminan 8,5 ming so‘m). Shu bois davlat beradigan oylik pensiya nafaqasi 1348 litr sut sotib olishga yetadi.

Pishloq

Sut arzon bo‘lishiga qaramay, pishloqning narxi odamni sal «tishlaydi». Amerikada ishlab chiqarilgan bir kilogramm pishloq do‘konlarda o‘rtacha 12,26 dollar (taxminan 117 ming so‘m) sotiladi. Ko‘rib turganingizdek arzon emas, biroq Amerika pensiyasiga qariyb 98 kg pishloq xarid qilish mumkin.

Tovuq go‘shti

Tovuq pishloqdan ham qimmat — bir kilo suyaksiz toza tovuq filesi 13,68 dollar (taxminan 130 ming so‘m) turadi.

Bitta davlat pensiyasiga amerikalik har oy yuqori sifatli 87,7 kg tovuq go‘shti xarid qilishi mumkin.

Mol go‘shti

AQShda mol go‘shti tovuq filesidan ham qimmat. 1 kg go‘sht sotib olish uchun amerikalik qariyalar 15,73 dollar (taxminan 150 ming so‘m)ni jonidan sug‘urib berishi kerak. Bundan chiqdi, pensioner bir oylik nafaqasini boricha go‘sht olishga sarflashga qaror qilsa, 76,2 kg go‘sht sotib olishi mumkin.

Olma

Qizig‘i shundaki, Vashingtonda olma juda qimmat — bir kilosi 6,61 dollar (taxminan 63 ming so‘m). Shu bois faqat olma yeyishga qaror qilsa, pensiyasi 181,5 kg olma sotib olishga yetadi.

Apelsin

Apelsin olmaga qaraganda arzonroq — bir kilosi 6,26 dollar (taxminan 60 ming so‘m). Agar amerikalik qariya bor pensiyasini apelsinga sarflasa, ushbu mevadan 191,6 kilo xarid qilishi mumkin.

Banan

AQShda banan yanada arzon. Bir kilogrammiga amerikaliklar 1,51 dollar (taxminan 15 ming so‘m) to‘lashadi. Davlat odamlarga to‘laydigan pensiyaga 794,7 kg banan sotib olsa bo‘ladi.

Kartoshka

Kartoshka esa bananga qaraganda ikki baravar qimmat, supermarketlarda bir kilosi 2,84 dollar (taxminan 27 ming so‘m) turadi. Bundan chiqdi, davlat pensiyasini ushbu ildizmevaga sarflashiga to‘g‘ri kelsa, 422,5 kg kartoshkaga yetadi.

Pomidor

Bir kilogrammiga amerikalik pensioner 4,95 dollar (taxminan 47 ming so‘m) to‘lashiga to‘g‘ri keladi. 1200 dollardan iborat davlat pensiyasi 242,4 kg pomidor xarid qilishga yetadi.

Piyoz

Ko‘rib turganingizdek, AQSh poytaxtida sabzavot juda qimmat. Shu bois u yerda bir kilo oddiy piyoz 3,2 dollar (taxminan 30 ming so‘m) turishidan ajablanmang. Davlat pensiyasi bor-yo‘g‘i 375 kg piyoz sotib olishga yetadi.

Ichimlik suvi

1,5 l idishdagi ichimlik suvi Vashingtonda 1,95 dollar (taxminan 19 ming so‘m) turadi. Shu bois bitta pensiyaga 615 idish, aniqrog‘i, 410 l tozalangan suv sotib olish mumkin.

Tuxum

O‘nta tuxum AQSh poytaxtida o‘rtacha 2,93 dollar (taxminan 28 ming so‘m) turadi. 1200 dollarlik pensiyasini faqat tuxumga sarflasa, pensioner 4095 ta tuxum xarid qilishi mumkin.

Avtobus chiptasi

Amerikaliklar jamoat emas, shaxsiy transportidan foydalanishni afzal ko‘rishadi. Chunki bu ham qulay, ham arzon. Shahar avtobusida yurish uchun yo‘lovchi 2,5 dollar (taxminan 24 ming so‘m) to‘lashiga to‘g‘ri keladi. Shu bois pensioner bir oylik pensiyasiga atigi 480 marta avtobusga chiqishi mumkin.

Benzin

Qo‘shma Shtatlarda benzin arzonroq — bir litri 77 sent (taxminan 7400 so‘m). Davlat pensiyasiga o‘z avtomobiliga bir oyda 1555,5 litr yoqilg‘i quyishi mumkin.

Kommunal xizmatlar

AQShda keksalar va pensionerlar uchun kommunal xizmatlarni to‘lashda subsidiya va imtiyozlar mavjud. Agar bu yordam bo‘lmaganida pensioner maydoni 85 kv.metr bo‘lgan kvartirasiga kamida 133,24 dollar (taxminan 1 mln 270 ming so‘m) to‘lashga majbur edi. Bunga isitish tizimi, suv va elektroenergiya ta’minoti, chiqindi tashish xizmatlari kiradi. Shunga ko‘ra bitta pensiyani 9 oylik kommunal xizmatlarga to‘lab yuborsa ham bo‘ladi.

Fitnes-klubga abonement

Vashingtonda bir oylik fitnes-klub abonementi 71,64 dollar (taxminan 68 ming so‘m) turadi. Shu bois pensioner o‘zining bir oylik pensiyasini 16 oylik mashg‘ulotga oldindan to‘lab qo‘yishi mumkin.

Kinoga chipta

Kinoteatrda film premerasi uchun chipta 14 dollarga (taxminan 133 ming so‘m) baholangan. Shu bois pensioner bir oy davomida 85 marta kinoteatrga tushishi mumkin.

Jinsi

Amerikada ishlab chiqarilgan bitta jinsi o‘rtacha 58,81 dollar (taxminan 560 ming so‘m) turadi. Shu bois davlat pensiyasiga kun ko‘radigan amerikalik bir oyda 20 ta jinsi xarid qilishi mumkin.

Krossovka

Amerikaliklar yoqtiradigan krossovka pensionerlarga qimmatlik qiladi. Taniqli brendga tegishli bir juft sport poyabzali 78,59 dollar (taxminan 750 ming so‘m) turadi. Bu bir oylik pensiyaga 15 ta krossovka sotib olish mumkin degani.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring