Amerikalik ishbilarmon O‘zbekistonga keladi
«Openbucks» kompaniyasi (AQSh) asoschisi va bosh ijrochi direktori Mark Rochman «Mirzo Ulug‘bek innovatsiya markazi» rezidentlarining IT-xizmatlari eksporti jarayonlarini soddalashtirish, xorijiy investitsiya kompaniyalari va fondlarini hamkorlikka jalb etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar beradi.
Mazkur masala Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda BMTTDning «Ma’muriy islohotlar va raqamli transformatsiya» loyihasi doirasida bo‘lib o‘tadigan elektron tijorat bo‘yicha ekspert, amerikalik ishbilarmonning 8—16-mart kunlari amalga oshadigan tashrifi davomida ko‘zda tutilgan.
Dastur doirasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazi va UZINFOCOM yagona integratorida uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Bu uchrashuvlarda 2018—2019-yillarga mo‘ljallangan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini takomillashtirishga qaratilgan «yo‘l xaritasi»ni muhokama qilish va uni amalga oshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar beriladi. Jumladan, O‘zbekistonda 2018—2021-yillarda elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha tadbirlar rejasini ishlab chiqish, «PayPal», «Alipay», «Visa» va «Mastercard» xalqaro to‘lov tizimlaridan foydalanish, O‘zbekiston hududida elektron pullarni huquqiy tartibga solish kabi mavzularda fikr almashiladi.
Mark Rochmanning «Mirzo Ulugbek Innovation Center»da bo‘lib o‘tadigan uchrashuvi onlayn-jurnallardan foydalangan holda tovarlarni eksport qilish va xorijiy investitsiya kompaniyalari va fondlarini O‘zbekistonga jalb qilish jarayonlarini soddalashtirishga bag‘ishlanadi.
«Openbucks» asoschisining tashrifidagi boshqa bir yo‘nalishidan biri — IT-ta’limdir. Mark Rochmanning Toshkent shahridagi Inha universiteti rahbariyati bilan bo‘lib o‘tadigan uchrashuvida ularning hamkorlikdagi tashabbusi bo‘lgan «Silicon Valley Talks»ni kelgusida rivojlantirish muhokama etiladi. Bunda O‘zbekistondagi talabalar va ishlab chiquvchilar uchun AQShning IT-kompaniyalari ekspertlari tomonidan tayyorlangan bir qator onlayn ma’ruzalar ko‘zda tutiladi. Dastlabki uchrashuv o‘tgan yilning kuz oyida «Openbucks» va universitet o‘rtasida o‘zaro anglashinuv Memorandumi imzolanganidan so‘ng bo‘lib o‘tgan edi. O‘sha vaqtda ma’ruzachi sifatida Mark Rochmanning o‘zi chiqish qilgan edi.
Shuningdek, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektorati va talabalari bilan hamda Samarqand shahridagi filialida ham uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun:
«Openbucks» kompaniyasiga Mark Rochman tomonidan 2010-yilda asos solingan. Kompaniya mijozlarga chakana do‘konlardan sovg‘a kartalarini qo‘llagan holda tovarlar va xizmatlar uchun to‘lovlar amalga oshirish imkonini beradi. «Openbucks» kompaniyasi «Subway», «CVS Pharmacy», «Burger King», «Sports Authority», «Dollar General», «Circle K», «Shell Oil Company» va boshqa kartalar bilan ishlaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter