Amerikada «O‘zbekiston» va «Farg‘ona» brendi ro‘yxatdan o‘tkazilib, mahsulotlarimiz «Amazon» internet-do‘konida sotiladi
O‘zbekiston delegatsiyasi AQShning Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan «TexWorld USA» nufuzli xalqaro to‘qimachilik ko‘rgazmasida ishtirok etdi. Bu haqida «Xalq so‘zi online» xabar berdi.
Ko‘rgazma yakunida O‘zbekistondan to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha infratuzilma, jumladan, logistika va sug‘urta tizimini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi.
O‘z navbatida, o‘zbek tovarlarini onlayn savdo tizimlari, jumladan, dunyoning eng yirik internet-do‘koni — «Amazon» tarmog‘ida sotish, ularni pochta orqali AQShga yuborish yo‘llari ishlab chiqildi. Ayni chog‘da Amerikada «Farg‘ona» brendi ro‘yxatdan o‘tkazilib, yana bir savdo belgisi hisoblangan «O‘zbekiston» ilgari surilayapti.
Bundan tashqari, Nyu-Yorkdagi «O‘ztreyd» savdo uyi imkoniyatlaridan foydalangan holda mamlakatimizda ishlab chiqarilgan tekstil mahsulotlarini katta miqdorda okean orti bozorlariga yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. «O‘zbekengilsanoat» davlat uyushmasi bilan to‘qimachilik sohasi uchun asbob-uskunalar ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalar o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolangan.
Amerika bozorida tovarlarni ilgari surish bo‘yicha mutaxassis K.Kangalning aytishicha, «o‘zbek ishlab chiqaruvchilari mazkur industriyaga yangi standartlarni olib kirish va u yerdagi an’anaviy ishtirokchilarga narx bo‘yicha raqobat paydo qilishga tayyor». U O‘zbekistondagi «Nil Granit» kompaniyasi amerikalik brokerlar bilan oyida 100 ming dona tekstil mahsulotini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolangani haqida ham aytib o‘tdi.
Qayd etilishicha, ko‘rgazmaning O‘zbekiston bo‘lmasi dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan mutaxassislarda katta qiziqish uyg‘otgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter