Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

 «Amerika orzusi»dagilarni aldab pul undirganlar ushlandi

 «Amerika orzusi»dagilarni aldab pul undirganlar ushlandi

DXX uch holatda fuqarolarni aldab, ularning ishonchiga kirib, AQShga jo‘natish evaziga katta miqdorda pul undirgan shaxslarni qo‘lga oldi.

Xususan, DXXning Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Samarqand shahrida yashovchi, 1980-yilda tug‘ilgan shaxs o‘zganing ishonchiga kirib, 30 ming AQSh dollari evaziga tanishlari orqali uni Amerika Qo‘shma Shtatlariga yuborishini aytib, oldindan 10 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Boshqa bir holatda esa Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida yashovchi, 1996-yilda tug‘ilgan shaxs Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanida istiqomat qiluvchi, 1981-yilda tug‘ilgan fuqaroning ishonchiga qirib, tanishlari yordamida uni Qo‘shma Shtatlarga yuborish evaziga 21 ming AQSh dollari talab qiladi.

DXX Jizzax viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda G‘allaorol tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u 10 ming AQSh dollari va 100 mln. so‘m olgan vaqtida ushlandi.

Toshkent shahrida qayd etilgan holatda, nufuzli universitetlardan birining talabasi yuqori tashkilotda ishlovchi tanishlari orqali Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanida yashovchi fuqaroni Amerikaga yuborish evaziga 20 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 3 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ushlandi.

Ta’kidlash lozimki, har uchchala holatda fuqarolarga «O‘zbekiston – Turkiya – Yevropa – Meksika – AQSh» yo‘nalishida Qo‘shma Shtatlarga ishlash uchun yuborish va’da qilingan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring