Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Alisher Shodmonov koronavirus epidemiyasi haqida: «Ehtiyot choralarini ko‘rishimiz lozim»

Alisher Shodmonov koronavirus epidemiyasi haqida: «Ehtiyot choralarini ko‘rishimiz lozim»

Foto: Youtube

Sog‘liqni saqlash vaziri koronavirus sabab O‘zbekistonda viza cheklovi o‘rnatilishi kerakmi, degan savolga javob berdi.

Yangi turdagi koronavirusning tarqalishi natijasida ko‘plab davlatlar ehtiyot choralarini ko‘rishni boshlagan. Epidemiya tarqalishining oldini olish uchun Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Mo‘g‘uliston va Malayziya Xitoy bilan chegarasini yopdi. Yana qator davlatlar Xitoy fuqarolariga nisbatan viza cheklovlarini joriy etdi. Xo‘sh, O‘zbekiston bunday vaziyatda qanday yo‘l tutadi? Biz ham chegaralarni yopishimiz kerakmi? Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov mazkur savolga javob berdi:

– Mazkur koronavirusga qarshi kurash doirasida biz nafaqat Xitoydan keluvchilar, balki barcha yo‘nalishlardan davlatimiz hududiga kirib keluvchi yo‘lovchilarni qat’iy nazoratdan o‘tkazayapmiz. Chegara punktlari teplovizorlar bilan jihozlangan, virus tashishi mumkin bo‘lgan mahsulotlar jiddiy tekshiruvdan o‘tkaziladi. Aynan virus tarqalgani qayd etilgan hududlardan tashrif buyuruvchilar va kasallikning har qanday belgisi kuzatilgan fuqarolar alohida nazoratga olinadi. Yuqumli kasalliklar shifoxonalarida hududga ko‘ra alohida o‘rinlarni shay holda tayyorlab qo‘yganmiz, zarur dori-darmon zaxiralari yaratilgan.

Endi chegarani yopish masalasiga kelsak, bu chorani qo‘llash vazirligimiz vakolatida emas. Ammo bu borada o‘z fikrimni aytadigan bo‘lsam, ayni paytda, ya’ni 30 yanvar holatida mamlakatimiz hududida bunday kasallikka chalinish holati birorta ham kuzatilmaganligiga qaramasdan ehtiyot choralarini ko‘rishimiz lozim. Shaxsan o‘zim yurtimiz fuqarolarining Xitoyga borishini cheklash bilan bir qatorda, xitoyliklar va boshqa xorijiy davlatlar fuqarolarining ushbu mamlakatdan yurtimizga kirib kelishini vaqtinchalik cheklash tarafdoriman. Chunki, ushbu virusning havo-tomchi yo‘li bilan o‘tishi, odamdan odamga yuqishi, bundan tashqari, kasallik belgilarining yashirin davri 14 kun davom etishi kasallik tarqalish xavfini keskin oshiradi.

Qolaversa, hatto tibbiyoti rivojlangan AQSh, qator Yevropa davlatlari, Osiyoning taraqqiy etgan mamlakatlarida ham bu kasallik kuzatilayotganligi vaziyatning naqadar jiddiyligini ko‘rsatib turibdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring