Alisher Qodirov tilla nishon masalasida izoh berdi
Ijtimoiy tarmoqlarda «Milliy tiklanish» partiyasiga tegishli deb aytilayotgan oltin medal (585 probali) suratlari tarqaldi va turli muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Partiya rahbari Alisher Qodirov holatga munosabat bildirdi.
«Partiyada yaxshi ishlagan mahalliy kengash deputatlarini rag‘batlantirish tizimi bor. Tashakkurnoma bilan birga qimmatbaho sovg‘a ham beramiz, qo‘l soati, telefon, noutbuk…
Barcha hududiy partiya tashkilotlariga homiylik mablag‘lari hisobidan faol mahalliy deputatlarni muntazam rag‘batlantirib borish tavsiya qilingan.
Mahalliy kengash deputati oylik olmaydi, ularga berilgan imtiyozlar ham haminqadar, lekin ishi juda og‘ir, ko‘p va konfliktlarga to‘la.
Partiyaning Toshkent shahar kengashi homiylik mablag‘i hisobiga partiya nishonini tilla aralashmasida yasatib, shahar partiya tashkilotining qaroriga asosan bir yilda bir marta, eng fidoyi tuman kengashi deputatini taqdirlash tizimini yo‘lga qo‘yishibdi. Nima ham derdik, rag‘batlantirishda o‘ziga xos yondashuv.
Birinchi nishon Chilonzor tumani deputati Sanjar Imomovga berilibdi. Kollegial qaror.
Ma’lumot berilishicha, nishon 2 million so‘m homiylik mablag‘iga yasatilgan. Fidoyi mahalliy kengash deputati bundan ko‘piga munosib deb o‘ylayman», deb yozadi Alisher Qodirov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter