Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Alisher Qodirov ishchilariga namoz o‘qishi uchun sharoit yaratib bergan tadbirkor noto‘g‘ri jarimaga tortilganini qayd etdi

Alisher Qodirov ishchilariga namoz o‘qishi uchun sharoit yaratib bergan tadbirkor noto‘g‘ri jarimaga tortilganini qayd etdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi korxona rahbari ishxonada xodimlari va mijozlarga namoz o‘qish uchun sharoit yaratib bergani sabab 21 mln so‘m miqdorida jarimaga tortilgani haqida xabarlar tarqaldi.

«Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirov sudya MJTKning 201-moddasi ikkinchi qismini noto‘g‘ri qo‘llaganini, namoz o‘qish «diniy marosim emas, balki e’tiqodning o‘zagi, erkinligi kafolatlangan huquq» ekanini qayd etdi.

«1998 yil, 1 mayda qabul qilingan «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunning 14-moddasida amalga oshirish joyi cheklangan amallar qatorida «diniy marosimlar» bilan birga «ibodat» ham ko‘rsatilgan edi.

2021 yil, 5 iyulda qabul qilingan yangi tahrirdagi «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunning 7-moddasida, «Milliy tiklanish» DP fraksiyasining tashabbusi bilan, joy bo‘yicha cheklovlar belgilangan amallar qatoridan «ibodat» so‘zi olib tashlangan.

Demak, amaldagi qonunda ibodat joyi uchun cheklov belgilanmagan. Albatta, ibodat odobiga rioya qilish majburiyati muhokama uchun mavzu emas.

Sudya ibodat uchun sharoit yaratgan Farhod Rahmonovga nisbatan MJKning 201-moddasi ikkinchi qismi bilan jarimani xato qo‘llamoqda. Modda ibodat yoki ibodatga sharoit yaratganlik uchun emas, «diniy marosim» o‘tkazish talabini buzganlik uchun qo‘llaniladi.

Farhod Rahmonov sud qarorini belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.

Qolaversa, inson huquq va erkinliklari ustuvor deb hisoblanayotgan mamlakatimizda e’tiqod qiluvchilarni ibodat amallari uchun, butun dunyoda keng qo‘llanilayotgan amaliyot sifatida, jamoat joylarida ham qulay sharoit yaratib berilishi kerak», deb yozadi O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring