Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Aktyor To‘lqin Tojiyevning so‘nggi kunlari

Aktyor To‘lqin Tojiyevning so‘nggi kunlari

O‘zbekiston xalq artisti, o‘zbek san’atining tarixi va durdonasi, dublyajimiz bulbuli, billur ovoz sohibi, iste’dodli aktyor To‘lqin Tojiyev 88 yoshda hayotdan ko‘z yumdi. Garchand san’atdan ketganiga ancha bo‘lsa-da, xalqimiz uni unutgani yo‘q, ishtirokidagi filmlarni, ovoz bergan kinoasarlarini sevib tomosha qilar, ammo keyingi paytda aktyor TV yoki internetda jonli intervyu berishni xohlamadi. Biz To‘lqin Tojiyevning so‘nggi kunlari haqida uning qizi Gulnoz opa bilan suhbat qurdik.

– Dadam o‘tgan yili 22 noyabr kuni yiqilgan edilar, – deydi Gulnoz opa. – Mana, bir yildan oshibdi. Aql-hushlari joyida, tuzalib qolgandilar. Faqat oyoqlari singani bois, og‘riq sezardilar. Biz aravachada hovliga olib chiqardik. Ahvollari juda yaxshi, gaplashib o‘tirardilar.

Vafotlaridan bir kun oldin men osh damladim. Avval dadamdan so‘radim. Nima ovqat yeysiz, desam, hammasini yeyaveraman, dedilar. Keyin qatiq qo‘shib, oshni rohatlanib tanovul qildilar. Ovqatdan so‘ng, duo qiling, desam, yaxshilab duo o‘qidilar.

Xudoga shukr, yotib qolganlari va biz og‘ziga sum tomizib o‘tirganimiz yo‘q. O‘limlarini poylamadik. Yaxshi o‘lim topdilar. Yelday kelib, selday olib ketdi, deyishadi-ku! Qanday vafot etganlarini bilmay ham qoldik. O‘tirgandilar. Toki ovqat berib orqaga qaraguncha «huh» deb jon chiqdi-qo‘ydi. Judayam chiroyli bo‘lib ketdilar.

Butun boshli teatr ahli keldi. Yodgor Sa’diyev boshchiligida ikki kun shu yerda bo‘lishdi. Tumonat odam keldi, hatto ko‘chaga sig‘may ketdi. Hozir ham odamlarning qadami tingani yo‘q.

Eng qiziqari, lol qoldirgan joyi boshqa mahalladan – Qibray tumanining «Mahalla» degan joyidan olti nafar er-xotinlar kelishdi. Biz To‘lqin akani judayam yaxshi ko‘rardik, u kishining ovozini eshitib katta bo‘lganmiz, deyishdi. Dadam o‘tirgan joylarni so‘rab, ko‘rpachalarni biram silashdiki, o‘zimiz hayron qoldik.

To‘lqin Tojiyevning bitta o‘zi yashamasdi, farzandlari, nevara-chevaralari doimo atrofida edi. Dadamni deb Amerikada yashaydigan qizlari, kuyovlari bola-chaqasi bilan ko‘chib kelishgandi. Dadamni yeru ko‘kka ishonmay shunday qaradikki, yaqinlarimiz buni ochiq e’tirof etishdi. Yuvuvchi ham alohida aytdi: shu qadar toza odam ekanki, qanday qaragansizlar, na hid bor, na tirnoq o‘sgan, dedi.

Dadam juma kuni vafot etdilar. Namozdan so‘ng soat 13.40 da jonlari uzildi. Vafotlarini eshitib, tumonat odam bo‘lib ketdi. Bir kun qoldirmaymiz, joylariga qo‘yamiz, deyishdi. 1936 yil 13 aprelda tug‘ilgan bo‘lsalar, 2024 yil 13 dekabrda 88 yoshda vafot etdilar.

Judayam ajoyib inson edilar. Hamza teatrida ishlaganlar, bilasiz, to‘g‘ri so‘z, haqiqatgo‘y bo‘lganlar. Hech kimdan qarz olmaganlar. O‘zgacha inson edilar. Mening ovozimni hech kim qilolmaydi, derdilar.

Oxirgi kunlarida hamkasblarini ko‘p eslab gapirdilar. Hech qachon bir o‘zlari qolib ketmadi. Dunyoning mashhur odamlari bilan uchrashganlar. Kazo-kazolar bilan, Raj Kapur bilan qo‘l berib ko‘rishib, bitta stolda gaplashganman, derdilar. Armen Jigarxanyan, o‘zimizning mashhur san’atkor Tamarxonimlar bilan suhbat qurganlar. Obid Yunusov, Turg‘un Azizov, Yoqub Ahmedov, Yayra Abdullayevalar bilan birga ishlaganlar. Navoiyshunos olima Suyima G‘aniyevani ko‘p eslardilar.

Hozirgi aktrisalardan Vazira Yunusovaning iste’dodini yuqori baholardilar. Rollarini kuzatardilar. Vazirada hammasi – komediya ham, fojia ham tabiiy, derdilar.

Dadam ajoyib va g‘aroyib inson edilar. Dunyoga bir keldilaru ketdilar. Menimcha, boshqa To‘lqin Tojiyev tug‘ilmaydi. Joylari jannatda bo‘lsin. Kunlarimiz yaxshi bo‘lsin.

Anvar Namozov

 

 

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring