AKT vazirligi bayonoti: Telekommunikatsiya va internet xizmatlarida bonuslar beriladi
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori asosida vazirlik tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha bayonot berdi.
Qayd etilishicha, hozirgi kunda fuqarolarimiz va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan Vazirlar Mahkamasining ushbu qarori bo‘yicha ko‘plab savol va murojaatlar kelib tushmoqda. AKT vazirligi mazkur masalaga izoh berib aniqlik kiritdi.
Vazirlar Mahkamasining «Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori asosida 2020-yil 24-martdan boshlab respublika hududida koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartib joriy etildi.
Unga ko‘ra bir qator choralar amalga oshirildi. Jumladan, O‘zbekistonda 24 martdan boshlab fuqarolar tomonidan internet va telefon aloqasi uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmaganlik uchun 2 oy davomida o‘chirilishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.
Mazkur qarorga ko‘ra, litsenziya asosida faoliyat yuritayotgan telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari, ikki oy davomida simli telefon aloqasi (xalqaro telefon so‘zlashuvlar va mobil aloqasidan tashqari) hamda internet jahon axborot tarmog‘iga simli va simsiz ulanish xizmatlari uchun to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmagan hollarda abonentlar tarmoqdan o‘chirilmasligi ta’minlanadi.
Shu bilan birga, tashqi internet trafigi cheklangan tarif rejalarida limitdan tashqari trafik narxini arzonlashtirish imkoniyatlari o‘rganib chiqilmoqda.
Bu haqda, fuqarolarimizni internet va simli telefon aloqasidan foydalanishda yaratilgan qo‘shimcha qulayliklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan rasmiy veb-sahifalarda, ommaviy SMSlarni yuborish hamda ommaviy axborot vositalari orqali xabardor etib boriladi.
Ta’kidlanishicha, hozirgi vaqtda respublikada uzluksiz aloqani ta’minlash va fuqarolarimizga imkoniyatlar yaratish maqsadida telekomunikatsiya operatorlari ham faol ishtirok etmoqda.
O‘zbekistonda koronavirus (COVID-19) bo‘yicha karantin rejimi e’lon qilingan vaqtdan boshlab barcha telekommunikatsiya operatorlari umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari uydan bemalol fanlarni o‘zlashtirish uchun ta’lim manbalarining veb-saytlarga bepul kirishni ta’minlab berdi: Xalq ta’limi vazirligi portali (http://eduportal.uz), Respublika bolalar kutubxonasi veb-sayti (http://kitob.uz), Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab veb-portali (https://itschool.uz), mahalliy videomanbaga (https://utube.uz), «ZiyoNET» ta’lim portali (http://ziyonet.uz) va boshqa Xalq ta’limi vazirligi manbalari: (http://edumarket.uz, https://online-maktab.uz, https://talim.uzedu.uz).
Fuqarolarimizni oxirgi yangiliklardan xabardor qilish maqsadida telekommunikatsiya operatorlari abonentlariga eng ko‘p o‘qiydigan ommaviy axborot vositalarining manbalaridan — uzreport.news, xabar.uz, daryo.uz, gazeta.uz, kun.uz, podrobno.uz, repost.uz, uznews.uz, spot.uz bepul foydalanish imkoni taqdim etildi.
Jamoatchilikni koronavirus (COVID-19) to‘g‘risida xabardor qilish va tarqalishining oldini olish uchun amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida rasmiy veb-sayti (http://coronavirus.uz/uz)ga kirishi ham bepul qilindi. Mazkur manbada koronavirus haqida va O‘zbekistonda koronavirusga qarshi olib borilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ob’yektiv va ishonchli ma’lumotlarga ega bo‘lishlari mumkin.
O‘zbekistonda koronavirus masalasida ishonchli ma’lumotga ega bo‘lish uchun 16 martdan Toshkentda fuqarolarimizdan koronavirus infeksiyasi yuzasidan tug‘ilgan savollariga o‘z vaqtida javob olish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi Call-markazining qisqa «1003» yagona raqami 24 soat davomida ishlab turibdi. Fuqarolar tomonidan amalga oshiriladigan qo‘ng‘iroqlar barcha telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari tomonidan respublikamizda bepul amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, karantin rejimi vaqtida barcha telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari tomonidan respublikamizda o‘z abonentlariga qulaylik yaratish maqsadida yangi tariflarni va yangi xizmatlarni joriy qildi. Masalan, «O‘zbektelekom» kompaniyasi internet-to‘lovlarni amalga oshirishda yangi va qulay tizimni joriy etdi. UCELL™ kompaniyasi yangi xizmatni — o‘z abonentlarni masofaviy ravishda mobil aloqaga ulash xizmatini yo‘lga qo‘ydi. Beeline™ kompaniyasi o‘z mijozlari uchun Beeline TVdan bepul foydalanishda imkon yaratdi va virus yuqishi xavfi yuqori bo‘lgan davlatlarda istiqomat qilayotgan abonentlari uchun ijobiy balans bo‘lishi sharti bilan 30 kunga 500 megabayt trafik taqdim etildi.
Shundan kelib chiqib, barcha telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari asosiy vazifasini bajarishi, ya’ni jamiyatda kommunikatsiya jarayonlarini ta’minlashi bilan birga, aholiga hozirgi vaziyatda qulay sharoit yaratish uchun qator ishlarni amalga oshirmoqda.
Fuqarolar barcha telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari ko‘rsatgan xizmatlari uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirishi bu tarmoqning sifatli ishlashiga ta’sir ko‘rsatadi.
Fuqarolarga qo‘shimcha ma’lumotlarni taqdim etish maqsadida, telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari tomonidan respublikamizda ko‘rsatilayotgan xizmatlar bo‘yicha qo‘shimcha chegirmalar va bonuslar berish, to‘lovlarni amalga oshirish muddatini uzaytirish hamda ushbu chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumotlarni veb-sahifalarimizda, ijtimoiy tarmoqlar orqali xabardor qilib boramiz, – deyiladi AKT vazirligi bayonotida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter