Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AKT vaziri yoshlar masalalariga oid xalqaro anjumanda qatnashdi

AKT vaziri yoshlar masalalariga oid xalqaro anjumanda qatnashdi

Bugun, 14-iyun kuni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda mazkur akademiya qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tomonidan «Yoshlar ijod saroyi»da «Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish strategiyasi: mavjud vaziyat va rivojlantirish istiqbollari» mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi. Bu haqda AKT vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Tadbirda 14 ta davlatdan xalqaro ekspertlar, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus vakillari hamda TIKA, JICA, KOICA singari xalqaro tashkilotlar, Yaponiyaning Nagoya universiteti mutaxassislari, respublikamizdagi turli vazirlik va idoralarning rahbarlari ishtirok etdi.

Xalqaro anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov ishtirok etdi hamda yoshlarga zamonaviy axborot texnologiyalarini o‘rgatishning dolzarb masalalari va ularni hal etishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’ruza qildi. 

Vazir o‘z ma’ruzasida bugungi kunda rivojlangan mamlakatlarda axborot jamiyatini shakllantirish maqsadida fuqarolarni yoshligidan texnologiyalarni chuqur o‘zlashtirishlariga alohida e’tibor qaratilishi, dasturlash alohida kasb emasligi, balki barcha yo‘nalishlardagi zamonaviy mutaxassislarning to‘laqonli shakllanishlariga oid bir qator dolzarb masalalarni o‘zida mujassamlashtirgan, har bir mutaxassis bilishi lozim bo‘lgan fundamental bilimga aylanib borayotganini ta’kidladi. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning uchinchisida aynan ushbu jihatlarga alohida e’tibor qaratilganini e’tirof etdi. 

Anjuman doirasida dunyo mamlakatlari tajribasini inobatga olgan holda, yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda lozim bo‘lgan vazifalar, yoshlarda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, shuningdek, ularning bandligini ta’minlash, yoshlar o‘rtasida IT sohasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.  

Xalqaro anjuman ertaga, 15-iyun kuni o‘z ishini davom ettiradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring