Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AKT vaziri «Siemens» kompaniyasi vitse-prezidenti bilan uchrashdi

AKT vaziri «Siemens» kompaniyasi vitse-prezidenti bilan uchrashdi

Foto: «Mitc.uz»

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov «Siemens» kompaniyasi vitse-prezidenti Aleksandr Liberov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda vazirlik Axborot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda «Xavfsiz shahar» loyihasini amalga oshirish bo‘yicha tomonlarning o‘zaro hamkorligi masalalari muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 29 avgustdagi qarori bilan «Xavfsiz shahar» apparat-dasturiy kompleksini yaratish bo‘yicha bosqichma-bosqich chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan edi.

«Xavfsiz shahar» kompleksi ichki ishlar organlari, davlat organlari va boshqa tashkilotlari axborot tizimlari, videokuzatuv, qoidabuzarliklarni qayd etish, ob’yektlarni qo‘riqlash, ehtimoliy tahdidlarga javob qaytarish va ogohlantirish tizimlari, intellektual tahlil datchiklari hamda navbatchilik-dispecherlik markazlari va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarining qoidabuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha boshqa axborot tizimlarini integratsiya qilishni nazarda tutadi.

Uchrashuvda Shuhrat Sodiqov o‘tgan asrning 90-yillaridayoq O‘zbekiston va «Siemens» kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro ishonchga asoslangan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini e’tirof etarkan, mamlakatimizda «Xavfsiz shahar» loyihasini amalga oshirishda ushbu kompaniyaning boy tajribasi va ilg‘or amaliyotlarini hisobga olishga qaror qilinganini ta’kidlab o‘tdi.

Foto: «Mitc.uz»

«Siemens» kompaniyasining vitse-prezidenti A.Liberov o‘tgan yilning 15 noyabrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov va «Siemens» kompaniyasi texnik direktori R.Bush o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilgani hamda unda «Xavfsiz shahar» loyihasini amalga oshirish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolanganini qayd etdi. Shuningdek, u «Siemens» kompaniyasi O‘zbekistonda bu loyihani amalga oshirishda ishtirok etishdan mamnunligini bildirib, nafaqat pilot loyiha, balki loyihaning butun O‘zbekiston hududida amalga oshirilishiga hayrixoh ekanini ta’kidladi.

Uchrashuv davomida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashga ko‘maklashish markazi «Xavfsiz shahar» loyihasini amalga oshirishda mas’ul tashkilot ekani va markaz tomonidan bir qator vazifalar bajarilgani qayd etildi. Jumladan, loyihaning texnik vazifasi ishlab chiqilgan, apparat-dasturiy kompleksining asosiy jihatlari va loyihani amalga oshirish bosqichlari aniqlab olingan.

Pilot loyihasini (Samarqand shahrida) amalga oshirish doirasida yil oxirigacha ish hajmini aniqlash va hisob-kitoblarni tayyorlash taklif etildi. Bu tomonlar o‘rtasida imzolanishi kutilayotgan Kelishuvda aks etadi.

Loyihaning qiymati aniqlagandan so‘ng, uni moliyalashtirish, jumladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek, «Xavfsiz/Aqlli shahar» loyihalarining amalga oshirilishi bilan tanishish va o‘rganish maqsadida O‘zbekiston ishchi guruhining London shahriga safar uyushtirishi rejalashtirilmoqda.

Vazir Shuhrat Sodiqov «Siemens» kompaniyasi bilan hamkorlikda ushbu yo‘nalishdagi vazifalarning «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish orqali loyihani yaqin kelajakda muvaffaqiyatli amalga oshirishga umid bildirdi.

Manba: mitc.uz

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring