Akademiklarga yangi namunadagi guvohnomalar topshirildi
Endi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademiklari barcha vazirlik va idoralarga hech qanday to‘siqsiz kira oladilar.
Hozirgi kunda Fanlar akademiyasining 91 nafar akademigi iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning turli jabhalarida faoliyat ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev rahbarligida 2018-yil 20-iyul kuni Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi institutida o‘tkazilgan majlisda akademiklar guvohnomasining yangi namunasini ishlab chiqish va bu guvohnoma bilan tegishli vazirliklar va idoralarga hech qanday to‘siqlarsiz kirishlarini ta’minlash yuzasidan akademiklarning bildirgan takliflari davlatimiz rahbari tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlangandi.
Prezident topshirig‘iga muvofiq Vazirlar Mahkamasi tomonidan akademiklarning yangi namunadagi guvohnomasi ishlab chiqildi.
Bugun, 14-avgust kuni Fanlar akademiyasi akademiklarining yangi namunadagi guvohnomasi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov tomonidan tantanali ravishda topshirildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, akademiklarga yangi namunadagi guvohnomaning topshirilishi ularga respublikamizdagi barcha vazirliklar, idoralar, korxona va tashkilotlarga hech qanday to‘siqlarsiz kirishini ta’minlash bilan birga, respublikamizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirilishida akademiklarning rolini kuchaytirish, bunda rahbarlar bilan akademiklarning bevosita uchrashuvi va amaliy muloqotini tashkil etish imkoniyatini yaratib beradi.
Joriy yilning o‘tgan olti oyi mobaynida akademiklar tomonidan respublikamizning turli hududlarida joylashgan umumta’lim maktablari, akademik litseylar va kollejlarda yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi, oliy o‘quv yurtlarida professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun master-klasslar tashkil etildi. Akademiklar ushbu tashriflar davomida hududlarning muammolarini ilmiy o‘rgandilar hamda o‘zlarining ilmiy maktablari hududiy bo‘limlarini tashkil etdilar.
O‘tgan yarim yil ichida 23 ta doktorlik himoyasi amalga oshirildi. Beshta monografiya va 100 dan ortiq ilmiy maqola va tezislar chop etildi, akademiklar 36ta davlat ilmiy-texnika dasturlarida ishtirok etmoqda.
Akademiklar tomonidan o‘tgan olti oy mobaynida muhim ilmiy natijalar qayd etildi. Xususan:
- akademik S.Bahromov tomonidan noyob nano o‘lchamli yupqa yarim o‘tkazgich xususiyatiga ega sirtlar olingan bo‘lib, ular quyosh energiyasi panellarida foydalanilmoqda;
- akademik B.Ibragimov tomonidan o‘simliklar o‘sishini stimullovchi va antimikrob xususiyatlarini namoyon qiluvchi yangi kimyoviy birikmalar sinfini olishning innovatsion usuli kashf etildi;
- akademik A.Saidov tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi tarixi» kitobi nashr etildi;
- akademik A.Hakimov tomonidan mashhur rassom Chingiz Axmarovning hayoti va ijod yo‘liga bag‘ishlangan monografiyasi chop etildi;
- akademik R.Qurbonov tomonidan O‘zbekistonda ilk bor to‘rt bemorda innovatsion «Labirint» hamda «TAU1» operatsiyalari amalga oshirildi;
- akademik F.Nazirov tomonidan O‘zbekistonda ilk bor rossiyalik hamkasblari bilan birgalikda bemorga jigar qismini ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi;
- akademik B.Sulaymonov tomonidan respublikamiz hududlarida qishlok xo‘jalik ekinlarini zararkuranda va kasalliklardan himoyalash maqsadida 56 ta «O‘simliklar klinikasi» tashkil etildi;
- jami 24 ta ilmiy-amaliy konferensiyalar, 61ta seminarlar va 53ta davra suhbatlari tashkil etildi.
Ochiq muloqot tusini olgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov akademiklarning fikr va takliflarini tingladi. Iqtisodiyotni innovatsion rivojlantirish, akademik ilm-fanning rolini kuchaytirish, ilg‘or ilmiy yutuqlarni amaliyotga joriy etish, joylarda ilmiy maktablarni mustahkamlash, iqtidorli yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb qilishda akademiklar alohida o‘rin tutishi ta’kidlab o‘tildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter