Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ahmoqlar kuni» ham deyishadi: 1-aprel haqida nimalar ma’lum?

«Ahmoqlar kuni» ham deyishadi: 1-aprel haqida nimalar ma’lum?

Kulgi va hazil kuni – ko‘pgina mamlakatlarda 1 aprelda nishonlanadigan xalqaro mutoyiba bayrami. Bu ayyomni «Ahmoqlar kuni» ham deyishadi. Shu kuni hazillar, vaqtichog‘liklar va yaqinlar, do‘stlar, hamkasblar hamda notanish kishilarga shumliklar qilinadi.

1-aprel hazillari kayfiyatni ko‘tarishi, ko‘tarinkilik kasb etishi va yorqin taassurot qoldirishi kerak. Biroq ular beg‘araz va zararsiz bo‘lishi ham zarur.

«Ahmoqlar bayrami»

Bu bayramning asl tarixi aniq emas, turli taxminlar ilgari suriladi, xolos. Ulardan birida aytilishicha, ko‘hna Rimda fevral oyi o‘rtalarida (aprelning boshida emas) «Ahmoqlar bayrami» nishonlangan. Apuley talqiniga ko‘ra, qadimgi Rimda birinchi aprel yolg‘onlari kulgi ilohi sharafiga bog‘lanib bayram qilingan.

Boshqa taxmin bo‘yicha esa, mazkur bayram 31 mart kuni kulgi ayyomi sifatida nishonlangan ko‘hna Hindistonda paydo bo‘lgan. 1 aprelda faqat irlandiyaliklar yangi yil sharafiga hazillar qilishgani haqida ham taxminlar bor. Shu kuni Hindiston va ko‘hna Rimda ham odamlar sayilga chiqib, sho‘xlik, hazilkashlikka erk berishgan.

Boshqa farazga ko‘ra, Kulgi kuni papa Grigoriy XIII tomonidan joriy qilingan 1582 yilgi Grigorian taqvimiga o‘tilishiga bog‘liq. O‘rta asrlarda Yangi yil haftasi mart oyi oxirida – 25 martda boshlanib, aynan 1 aprelda tugar edi. XVI asrda qirol Karl IX Fransiyada taqvim islohotini joriy etib, Yangi yilni 1 yanvarga o‘tkazdi, biroq ko‘pchilik uni 1 aprelda nishonlashni davom ettiraverdi. Shu kuni bir-biriga sovg‘a ulashgan odamlar aprel ahmoqlari (April’s Fools) deyilgan. Turli shumliklar qilingan. Kulgi kuni shu tariqa kelib chiqqan.

An’analar

Shotlandiyada Kulgi kuni ikki kun mobaynida bayram qilinadi. Birinchisi Kakku kuni deb, aldanganlar esa «anqovlar» deb nomlanadi. Ikkinchisi Dum kuni deyiladi.

Amerikada 1 aprelda mashhur odamlar chuv tushgan «tentaklar ro‘yxati» televizor orqali e’lon qilinadi. Ammo diktor birinchi aprel hazillari haqida ogohlantirishi kerak. Umuman olganda, amerikaliklar bir-biri bilan shunday hazillashadi: «Oy, bog‘iching yechilib ketibdi» yoki «Sen o‘zi nimalarga o‘ralashib yuribsan?»

Italiyada bo‘lgani kabi Fransiyada ham 1 aprelni orqasida qog‘oz baliqlar ilingan odamlar bilan kutib olish mumkin. Hamma hushyor yurishga, ya’ni baliqni ildirmaslikka harakat qiladi. Shuningdek, fransuzlar shakar idishiga tuz solib, pirogga esa murch sepib qo‘yishadi. Bir-birlariga shirin sirka olib kelishdek bema’ni topshiriqlar ham beradilar.

Portugaliyada odamlar peshtaxtalardan un sotib oladilar va butun boshli mamlakat oppoq bulutga burkanadi. Har bir kishi ko‘proq odamni un bilan siylashga harakat qiladi, kiyim-boshni qoqib tozalash esa, an’anaga ko‘ra, mumkin emas.

Bolgariyada Kulgi kuni aholi bir-biri bilan hazillar qilishni yaxshi ko‘radi. ayniqsa, bolalar quvnaydi. Radio va gazetalar g‘aroyib yangiliklari bilan aholiga o‘z hazillarini yetkazadi. Mutoyibalar poytaxti Gabrovo doimiy ravishda karikaturalar ko‘rgazmasini uyushtiradi.

Ammo Germaniya va Avstriyada 1 aprel xosiyatsiz kun hisoblangan. Bu kunda tug‘ilgan insonning go‘yo ishlari yurishmagan. Qishloqlarda ish qilishmagan, yangi yumushga qo‘l urishmagan, molxonadagi chorva tashqariga chiqarilmagan. Kattalar va bolalar bir-biriga bajarib bo‘lmaydigan vazifalarni yuklashgan.

Kulgi salomatlikka qanchalik foydali?

Kulgi darg‘asi Yusufjon qiziq Shakarjonov «Kuling, do‘stlar, umringiz uzoq bo‘ladi» degani bejiz emas. U juda foydali.

Kulgining inson salomatligi va kayfiyatiga ta’sirini o‘rganuvchi butun boshli fan mavjud va u geotologiya deyiladi. Mutaxassislar aniqlashicha, kulgi baxt gormoni – endorfin ishlab chiqarishni ta’minlaydi. Ushbu modda nafaqat kayfiyatni ko‘taradi, balki og‘riqni ham bartaraf etadi. Shu bois vrachlar kulgini uzoq vaqt eyforiya chaqiruvchi bezarar «narkotik» ekanligini ta’kidlaydilar. Uning miqdori qancha ko‘p bo‘lsa, salomatlikka shuncha yaxshi.

Statistika bo‘yicha, bolalar kuniga 300 – 400 marta kuladi, kattalarda esa bu raqam 15 – 20. Ayollar erkaklarga nisbatan ko‘proq kuladi. 61 foiz erkak quvnoq va kuladigan ayollarni maftunkor hisoblashi aniqlangan.

Darvoqe, kulgi ortiqcha vazn tashlashga yordam beradi: kuniga 15 daqiqa kulish haftasiga 3 martadan 30 daqiqalik badan tarbiya qilish bilan barobar.

Kulgi zotiljamni bartaraf etadi. Kulish jarayonida nafas olish faollashadi, tananing barcha a’zolarida qon aylanishi tezlashadi, miyaga ko‘proq kislorod keladi – demak, yaxshiroq o‘ylay boshlaysiz. «Kulgi seansi»dan so‘ng esa qonda immunitetni kuchaytiruvchi hujayralar soni ko‘payadi va organizm turli kasalliklarga qarshi kurashishda faol bo‘ladi.

Kulgi tufayli ajinlar paydo bo‘ladi, deb hisoblaydiganlar ham ko‘p, biroq mutaxassislarning ishontirib aytishicha, kulgi yuz mushaklarini mustahkamlaydi, terini sog‘lom qiladi va yashartiradi.

Kulgi – zo‘r hordiq, besh daqiqa kulish 30 – 40 daqiqalik dam olishning o‘rnini bosadi. U salomatlikka foyda bo‘lib qolmay, balki ishda ijodiy qobiliyatni namoyon etishni 57 foizga, unumdorlikni esa 54 foizga oshiradi.

Germaniyada vrach-masxarabozlar uyushmasi bor va u turli o‘yinlar, kulgi va quvnoq kayfiyat orqali og‘ir bemor bolalarni davolashga yordam beradi.

Kulgiterapiya orqali davolash Amerikada ham yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunda AQShda kulgiterapiyachilar soni 600 dan oshib ketdi. Shifoxonalarda kulgi xonalari tashkil etilgan bo‘lib, umidsiz bemorlar klassik komediyalar, hazil-mutoyibalarni tomosha qiladilar. Mazkur amaliyot bemorlarning kasallikka qarshi kurashish va yashashga intilish ishtiyoqini oshirgan.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring