«Ahmadboyning andijonlik singlisi» yoxud lombarddagi firibgarliklar
2018-yil 10-yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘z tuman sudi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «a», «v» bandlari va boshqa moddalar bilan aybli deb topilgan A.A. va boshqalarga oid jinoyat ishi yuzasidan hukm o‘qildi. Bu haqda Bo‘z tuman prokuraturasi «Xabar.uz»ga xabar berdi.
A.A. «Gold Star Capital Lombard» MChJning rahbari sifatida faoliyatini yuritish maqsadida «Barkamol hamkor servis» MChJga tegishli bo‘lgan Andijon shahri Milliy tiklanish ko‘chasi 25-uyning birinchi qavatidan ijara asosida foydalanib kelib, binoning kirish qismi va atroflarida «Lombard xizmati», «5 daqiqada kredit beriladi» kabi fuqarolarning e’tiborini jalb etuvchi «reklama»larni joylashtirib, faoliyatining dastlabki oylarida aholini jamiyat faoliyati xususida kengroq xabardor etib, shu yo‘l bilan o‘ziga nisbatan fuqarolarning ishonchini qozonishga erishgan.
Keyinchalik A.A. jamiyatning qonuniy dividend daromadlaridan qoniqmasdan, birovlarning pullarini aldov yo‘li bilan egallash maqsadida jinoiy reja tuzgan.
A.A. o‘ylagan jinoiy rejalar «piramida» ko‘rinishida qurilgan bo‘lib, jinoiy faoliyati boshlanishi arafasida fuqarolarning pullarini omonat sifatida qabul qilib, ularga 36-72 foizgacha ustama bilan qaytarish, omonatning tanini istalgan vaqtda qaytarib berish salohiyatiga ega ekani haqida aholi orasida uydirma tarqatib kelgan.
Biroq A.A. jinoiy rejasini bir o‘zi amalga oshira olmasligini taxmin qilib, qizi I.A.ni jamiyatga kassir vazifasiga ishga qabul qiladi. Keyinchalik o‘g‘li V.G. va tanishi I.K.ni ham bu «biznes»ga jalb qilgan.
Jinoiy rejaga ko‘ra A.A. uyushgan guruhga rahbarlik qilish bilan birga fuqarolar bilan shaxsan o‘zi muloqotga kirgan. Ularni ishontirish maqsadida depozit shartnomalarini rasmiylashtirish bilan bir qatorda guruhning qolgan a’zolariga ham har birining vazifalarini alohida taqsimlab bergan. Bunga ko‘ra I.A.ga omonatlarni qabul qilib olish, boshqa shaxsga qisman ustama berib turish, fuqarolar ularning jinoiy rejalarini payqab qolsa ularni tinchlantirib turish, V.G.ga pul «oldi-berdi»sida vositachilik qilish, I.K.ga esa puli bo‘lgan fuqarolarni topish va omonat qo‘yishga qiziqtirish kabi vazifalar taqsimlab bergan.
Shu tariqa A.A. boshchiligidagi uyushgan guruh jinoiy faoliyati davomida jabrlanuvchilarga jami 6 milliard so‘mdan ortiq moddiy zarar yetkazgan. Shundan Andijon viloyati IIBBning depozit hisobraqamida saqlanayotgan 114691404 so‘m pul jabrlanuvchilarga qaytarildi.
Zararning qoplanmay qolgan qismi sudlanuvchilardan undirildi.
Sudlanuvchi A.A. jinoiy faoliyatidan olgan daromadlarni legallashtirish yo‘li bilan sotib olgan Andijon shahri 3-kichik daha 5-uy 30-xonadon va 7-«a» uy 10-xonadon, Andijon shahri Vostochnaya ko‘chasi 6-uy 11-xonadon sottirilib, sotuvdan tushgan pullar jabrlanuvchilarga qaytarildi.
2017 yil 18 iyundagi qarorga ko‘ra Qo‘rg‘ontepa shahri Mustaqillik ko‘chasidagi 83081902 so‘mga baholangan ikki qavatli do‘kon hamda Andijon shahar IIB ashyoviy dalillar omboriga saqlash uchun topshirilgan 2655884 so‘mga baholangan 1 jamlanma kompyuter sottirilib, sotuvdan tushgan pullar jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararni qoplashga yo‘naltirildi.
Andijon shahar davlat soliq inspeksiyasidan «Gold Star Capital Lombard» MChJ soliq va boshqa majburiy to‘lovlardan 23000000 so‘m miqdorida haqdorligi mavjudligi sababli mazkur pullar Andijon shahar davlat soliq inspeksiyasidan undirilib, jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararni qoplashga qaratildi.
Markaziy bankning Andijon viloyati boshqarmasi fuqaroviy javobgar deb topilib, Markaziy bankning Andijon viloyati boshqarmasidan 98300000 so‘m pul undirilib, bu mablag‘ ham jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararni qoplashga sarflandi.
Markaziy bankning Andijon viloyati boshqarmasiga aybdorlardan bankka yetkazilgan moddiy zararni regress tartibida undirib olish huquqiga ega ekani tushuntirildi.
«Gold Star Capital Lombard» MChJga shartnomaga asosan 2016 yil 14 noyabrdagi 6442-shartnomaga asosan tilla taqinchoqlarini topshirgan N.O.ga, 6321-shartnomaga asosan tilla taqinchoqlarini topshirgan R.M.ga, 2016 yil 4 noyabrdagi 6339-shartnomaga asosan tilla taqinchoqlarini topshirgan T.M.ga, 2016 yil 24 noyabrdagi 6539-shartnomaga asosan tilla taqinchoqlarini topshirgan L.T.ga, 6372-shartnoma asosan tilla taqinchoqlarini topshirgan U.A.ga taqinchoqlari qaytarildi.
Andijon viloyat IIB moliya-iqtisod bo‘limiga 231-kvitansiyaga asosan topshirilgan I.K. (5245), D.Sh. (6609), N.F. (5984), A.J. (6602), M.K. (1729), V.V. (6264), D.D. (5267), T.B. (5977), X.M. (5202), S.Z. (6309), D.J. (5863), L.O. (6311), A.V. (6599), N.Z.(6592)larga tegishli tilla taqinchoqlar, 2017 yil 18 iyundagi qarorga ko‘ra 1 jamlanma kompyuterni sotishdan tushgan pullar jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararni qoplashga qaratildi. Ushbu taqinchoqlar belgilangan tartibda baholatilmagani sababli tegishli tartibda baholatib, sottirilib, tushgan pullar jabrlanuvchilarga qaytariladi.
MChJning bir dona muhri keyingi taqdirini hal qilish uchun Andijon shahar IIBga topshirildi.
Tuman sudi 2018 yil 10 yanvardagi hukmi bilan uyushgan jinoiy guruh rahbari A.A. 6 yilu 6 oy, I.K. 5 yil, V.G. 5 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum qilindi. I.A.ga 2 yil sinov muddati belgilandi. Jinoyatga aloqador yana bir shaxs — B.N.ga 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Mazkur ish yuzasidan keltirilgan apellyasiya shikoyati 2018 yil 18 aprel kungi jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyati sudining apellyasiya instansiyasida ko‘rib chiqilib, birinchi instansiya sudi tomonidan sudlanuvchi I.K.ga nisbatan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi sudlanuvchi 60 yoshga to‘lganligi hisobga olinib, JKning 72-moddasiga asosan 3 yil sinov muddatiga o‘zgartirildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter