Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Agar shunday bo‘lsa, holimizga voy o‘rtoqlar» — Rasul Kusherbayev

«Agar shunday bo‘lsa, holimizga voy o‘rtoqlar» — Rasul Kusherbayev

Foto: «Xabar.uz»

Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev Ekologiya qo‘mitasidagi ishdan bo‘shatishlar haqida o‘zining shaxsiy mulohazalarini bildirib o‘tdi.

«Ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari bo‘lgan Islombek Boqijonovning yo‘nalishi chiqindilarni tartibga solish bo‘lsa-da, o‘tgan davrda ular bilan daraxt kesishga qarshi masalalarda ko‘p ishladik.

Men Ekoqo‘mitada tabiatni sevadigan odam ishlashi kerak, deb hisoblayman va Islombek aka shundaylardan.

Oxirgi uchrashuvimizda chiqindilarni boshqarishda davlat xususiy sheriklikda ishlash uchun 50 dan ortiq bitimlarni imzolanishiga erishishganini aytgandi. Investitsiya summasi 1 trln atrofida ekan.

To‘g‘ri, oldinda muammolar ko‘p, biroq bu yeng shimarib ishlashning boshlanishi edi.

Shuningdek, yaqinda Chilonzor va Uchtepa tumanlaridagi daraxtkushlikda ham Islombek aka jonbozlik ko‘rsatib, qancha bosim va qiyinchilik bo‘lmasin, faollarni yonida turgandi. O‘shanda qo‘mitadan boshqa hech kim kelmagan.

Kuni kecha esa ular ishdan olingan. Sababi noma’lum.

Ularning ishdan ketishiga sabab haqida ko‘pchilik qatori mendagi taxmin ham aynan daraxtkushlik voqealariga bog‘lanmoqda.

Afsuski, ko‘pchilik aynan qiyin, qaltis vaziyatlarda daraxt kesayotganlarga qarshi kurashda negadir panada turardi, Islombek aka esa aksincha yonimizda bo‘lgan.

Nazarimda daraxtkushlikka qarshi kurashayotgan, tabiatni saqlab qolish yo‘lida harakat qilayotganlar haqida rahbariyatga noxolis ma’lumotlar kiritilmoqda. Va bu ish boshida daraxt kesilishidan manfaatdor tomonlar bo‘lishi mumkin.

Agar shunday bo‘lsa holimizga voy o‘rtoqlar: haqiqiy «yashil makon»ni tushimizda ko‘ramiz», deb yozadi deputat.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 sentyabr kuni Toshkent shahri Chilonzor tumani hududida qurilish tashkiloti tomonidan 58 tup daraxtni kesib tashlagani jamoatchilik faollarining norozilikariga sabab bo‘lgandi. 10 sentyabrga o‘tib esa, Bosh prokuratura holatga munosabat bildirib, qurilish tashkiloti rahbarining kesilgan daraxtlar uchun qariyb 800 mln so‘m badal puli to‘lab berganini ma’lum qilgandi. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring