«Agar hayo qilmasang, xohlagan narsangni qil» yoxud ziyoratni shouga aylantirayotganlar...
Ertaklarimiz odatda shunday yakunlanadi: «Qirq kechayu qirq kunduz elga to‘y berib murod maqsadlariga yetibdi».
Go‘yoki azal-azaldan bu dunyoda yashashdan maqsadimiz to‘y ko‘rish, elga osh berish va shu orzulargina bizni murod-maqsadimizga yetkazadi. Ertaklarimiz boshqacharoq yakunlanganida bugun boshqacharoq yashayotgan bo‘larmidik.
Yuz yillardan beri to‘ylardagi isrofgarchiliklar haqida gapiriladi. «To‘y va ta’ziyag‘a sarf qilinaturgon oqchalarimizni biz, turoniylar, ilm va din yo‘lig‘a sarf etsak, anqarib ovrupoyilardek taraqqiy etarmiz va o‘zimiz-da, dinimiz-da obro‘y va rivoj topar. Yo‘q, hozirgi holimizg‘a davom etsak, din va dunyog‘a zillat va miskinatdan boshqa nasibamiz bo‘lmaydur». Mahmudxo‘ja Behbudiy, «Oyna» jurnali, 1915 yil.
Bu kuyinib aytilgan gaplarga 100 yildan ham oshib ketdi. Ammo hamon o‘sha isrofgarchilik. Xuddi isrofgarchilik, kim o‘zarga dabdaba qilish bo‘yicha bahona izlayotgandekmiz. Ozgina sabab bo‘lsa biz to‘ylar qilaversak, to‘kib sochaversak... Endi Haj, Umra ziyoratlarining dabdabaga, hatto shouga aylanayotganini nima deyish mumkin. O‘sha to‘ylarda, ma’rakalarda isrof qilayotganlarni tartibga chaqiradiganlar Hajga, Umraga borib kelgan hoji onayu, hojiotalar bo‘lishi kerak emasmi?
«Buqa patir»dan tortib «tuya ko‘rpa»gacha
Ijtimoiy tarmoqlarda bir hamyurtimiz shu kunlarda o‘zining boshidan o‘tgan voqeani yozib qoldirdi:
– Singiljon, qudalarim er-xotin Umraga borib kelishdi, ziyoratga birga boraylik. Ozroq mazam bo‘lmasa ham opamning iltimosini rad qilolmadim, – deb yozadi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri.
«Damas»da ikki kishiga joy qolgan ekan xolos, mashina tog‘orayu qutilarga to‘la.
– Taksini onlayn chaqirsak bo‘lardiyu haydovchi ukamizni ham yo‘ldan qoldiribsiz-da, hoynahoy do‘konlariga bozorlik qilib ketayotgan bo‘lsalar kerak-a, ukajon, deya haydovchiga savol berdim.
Haydovchi miyig‘ida kuldi-da opamga o‘zingiz javob bering, deganday ishora qildi:
– Voy sodda singlimey, bular hammasi qudalarimga va kuyovimga atab olingan, axir Allohni baytini ziyorat qilib kelishadiyu men quruq borsam uyat bo‘ladiya.
– Opajon, to‘y emasku, o‘zi nimalar oldingiz?
– Bitta savatda «buqa patir», bittasida shirmon non, bittasida qo‘qon patir, bir tog‘ora somsa, bir tog‘ora norin, bir tog‘ora shashlik oldim va yana qudalarimga boshdan oyoq sarpo, kuyov ham o‘ksimasin deb boshdan oyoq sarpo, anavi ikkita «tuya ko‘rpa» qaynsingillariga oldim.
– Opa, hammasi ancha pul bo‘ladi-ku, shartmi shuncha dabdaba, axir to‘y qilmayapti-ku bu qudangiz?
Opam birdaniga jiddiylashdi, ko‘zlarida qayg‘u alomatlari aks eta boshladi:
– Sen o‘ylaysanki, men bularni o‘z ixtiyorim bilan qilayapman? Qudam umraga ketishdan avval qizimga bir necha bor qo‘shnisining qudasi umradan qaytganda olib kelgan narsalarini pisanda qilgan:
– Mana biz ham ketayapmiz, onangizga tayinlang, bizni qo‘shnilarning oldida xijolat qilib qo‘ymasinlar, xo‘pmi qizim, deb tayinlagan.
Endi pul ketsa ham qizimiz tinch o‘tirsa bo‘ldi, deb pochchang ikkovimiz urushib-talashib shularni qildik-da.
Opamning holatlarini ko‘rib o‘tgan yili turmushga bergan qizimga hayitlik tog‘orasini jo‘natganimdagi voqea esimga tushdi:
«Ey Robbim, ishqilib qudam Umraga bormay tursin, hech bo‘lmaganda o‘g‘lim katta bo‘lib pul topadigan bo‘lganda borsin».
«Riyo qilmaslikka va’da qiling»
Umra ziyoratidan qaytgan ayrimlar xayrli ishlarda ibrat bo‘lish o‘rniga, kutib olishdagi isroflarga yaqinda Muftiy Nuriddin Xoliqnazarov munosabat bildirarkan shunday dedi:
«Muhtaram Umraning niyatida yurgan hoji ona, hoji onalarimiz... Agar Alloh taollo meni Ka’batulloh tavofiga musharraf qilsa, yoki Payg‘ambarimiz Muhammad S.A.V. ravzalariga borib namoz o‘qishni, ul zotning qabrlariga qarab salovat-u salomlar aytish baxtini bersa, ushbu ibodatdan qaytib kelganimdan keyin hech qanday riyo qilmaslikka, isrof qilmaslikka, balki hech bo‘lmaganda ikki kambag‘al oilaga qo‘ldan kelgancha yaxshilik qilishga Alloh nasib qilsin, deb va’da qiling.
Agar yilda 70 ming nafar odam Umraga borayapti desak, hozirga qadar 40 mingga yaqini bordi. Agar har bir 40 ming kishi ikkitadan kambag‘al oilaning boshini silasa, 80 mingta oilaning xonadoniga baxt kirib boradi.
Siz o‘zi Umradan kelgandagi tadbir-u marosim, isrofgarchilik, riyo, xo‘jako‘rsin marosimga ketadigan xarajatni ikkita kambag‘al oila bolasining maktabi uchun, ta’limi uchun bersangiz edi. Yoki bolasini davolatish uchun, ota-onasini davolatish uchun dori izlayotgan odamga bersangiz edi. Bugun topgani oshga, nonga yetib, zo‘rg‘a yashayotgan azizlarning xonadoniga o‘sha xursandchilikni kirgazganingizda edi, uning savobi bu dabdababozlikdan chandon-chandon ko‘p bo‘lar edi».
Bid’at... shuncha bo‘lurmu hay-hay
Inson fantaziyasining chek-chegarasi yo‘q. Bugun fantastik xayol-orzularning cheksizligi bois insoniyat hatto koinotni zabt etish ostonasida turibdi. Ammo yana afsus nadomatlar bo‘lsinki hamyurtlarimiz bugun turli-tuman bid’atlarni o‘ylab topish bo‘yicha chegarasiz fantaziyaga berilmoqda. Xolis Alloh uchun qilinadigan amallarda isrofgarchilik, ortiqcha dabdaba yanayam achinarlisi turli bad’atlar urchigandan urchimoqda. Bu holatlarni ko‘rib shunchaki achinmaysan, balki yig‘laging keladi. Mana kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Umra ziyoratini ado etib kelgan ayolni kutib olishda uning qadami ostiga sholchalar, kiyimlar to‘shalgani, yosh bolani ziyoratchining oyog‘i ostiga bostirilishi aks etgan videolavha turli muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Holatga O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi munosabat bildirdi: «Haqiqatan, Umra ibodatiga borib kelayotgan ayrim ziyoratchilar va ularning yaqinlari bilgan yoki bilmagan holda riyokorlikka yo‘l qo‘yishi kuzatilmoqda. Ba’zi hollarda Umra safaridan kelganlarni dabdaba-yu as’asa ila kutib olish, ko‘cha boshidan poyondozlar solish holati ko‘paymoqda. Bu kabilar dinimizga mutlaqo zid bo‘lib, unday ishlarni qilayotganlar o‘ta johil va nodon kishilardir. Ehtimol, bu ishlari bilan ular o‘zlarining Allohning baytiga bo‘lgan ehtiromlarini yoki uni tavof qilib kelgan kishiga nisbatan hurmatlarini ifodalamoqchidirlar. Lekin, ibodatga hurmat-ehtirom bu tarzda namoyon qilinmaydi. Aksincha, bu riyokorlik va og‘ir gunoh». Shu topda o‘ylanasan, nahotki mana shu amallarni bajarayotgan insonlar Qur’onni o‘qimagan, dindan ilmi yo‘q. Bir bet Qur’on o‘qimagan bo‘lsa nega boradi? Uning shu amalni bajarishga ma’naviy haqqi bormi? Agar Qur’onni o‘qigan bo‘lsa Alloh taolo Qur’oni karimda qattiq va qat’iy (!) qoralagan: «Yenglar, ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Zero, U isrof qilguvchilarni sevmas», deya qilgan marhamatining nega mag‘zini chaqmaydi! (A’rof surasi 31-oyat).
Tug‘ruqxonadan to qabrgacha dabdaba
«Beshikdan to qabrgacha ilm izla», degan hikmatni odamlarimiz unutganiga ancha bo‘lgan shekilli. E’tibor bersangiz chaqaloqni tug‘ruqxonadan olib chiqishdan boshlaymiz dabdabani... Bugun bolalarini tug‘ruqxonadan hech qanday dabdabasiz olib chiqqan sanoqli odamlarning farzandlari xorijda tahsil olmoqda, kashfiyotlar qilmoqda. Chunki uning ota-onasi investitsiyani keraksiz dabdabaga emas bolalarining o‘qishi, ilm olishiga kiritgan.
Bugun qoni kam keliniga novvot olib berish o‘rniga chaqaloqni tug‘ruqxonadan dabdaba bilan olib chiqqan ota-onalar hajgayam borib kelib, dabdabani, shouni Haj marosimiga bog‘lab davom ettirmoqda. Uning nevaralari uchun, repititoriga, kitobiga, ilm olishiga pul yo‘q. Investitsiya xo‘ja ko‘rsinlikka, to‘ylarga ma’rakalarga tikilmoqda. Alal-oqibat erta, ilm olmay uzatilgan qizlar, kamqon kelinlar alamzada, hunar o‘rganmagan yigitlar chetda qora ishchi – oilalar parokanda. Xo‘sh, biz qachondan beri dabdabaga o‘ch, xo‘jako‘rsinga, kimo‘zarga moyil, isrofga mukkasidan ketadigan bo‘lib qoldik, degan savolni ko‘p eshitamiz. Achchiq haqiqat shu: biz yuz yil oldin ham shunday bo‘lganmiz...
Jigardan riyokorlik ustunmi?
Yaqinda bir qiz jigar sirrozi bo‘lganini, na donor na mablag‘ tomolmayotganini yozdi. Odamlar ozmi-ko‘pmi mablag‘ yig‘ishdi. Ammo mablag‘ yetmadi shekilli u ayolning haliyam sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammosi bartaraf bo‘lgani yo‘q. Har safar ukollar qiynayotganini, tezroq operatsiya o‘tkazilib joni orom olishini istaydi. Ammo yaqinda bir post qo‘ydi: Onasini aka-ukalari yig‘ilib Umraga jo‘natishayotgan ekan... Ochig‘i aka-ukalarga va onaga hayron qoldim. Nahot jon-jigarining sog‘lig‘idan ham ko‘ra Umraga tashrif muhim bo‘lsa. Payg‘ambar alayhissalom: «Agar hayo qilmasang, xohlagan narsangni qil», deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Amali xabataga aylanganlar
Bir inson ijtimoiy tarmoqlar orqali «Zikr ahlidan so‘rang» hay’atiga shunday savol bilan murojaat qildi: – Assalomu alaykum! So‘nggi paytlarda Haj amalini bajarib qaytgan hojilarimizni kutib olish uchun yig‘inlar ancha dabdabali tus olmoqda. Videochi, fotoapparatchi, oformleniya, 150-200 kishilik yig‘in, hammaga sovg‘a-salom tarqatish va hokazolar. Bu kabi harakatlar to‘g‘rimi? Aslida Haj amalini qilib qaytgach, nimalar qilish kerak? Javob uchun oldindan rahmat.
– Vallaykum assalom! Ashraf Aliy Tahonaviy rahmatullohi alayh aytadilar: «Hajdan kelgan bir kishining ziyoratiga kirdik. Shunda u xizmatchisiga: «Avvalgi safar olib kelgan zam-zamdan olib chiq» dedi. Aslida avvalgi, keyingi kelgan zam-zamning ta’mida hech qanday farqi bo‘lmaydi. U kishi bu gaplari bilan men ikki marta Hajga borganman, deb faxrlanmoqchi bo‘ldi. Bechora bunday gaplar bilan amali xabata bo‘lishini bilganida edi» deganlar. Shayx Sa’diy She’roziy rahmatullohi alayh: «Bir kun karvonsaroyda qoldik. Otam bilan men kechasi bilan namoz o‘qib chiqdik. Hamrohlarimiz esa subhgacha uxladilar. Shunda men: «Ularni ham tuni o‘tdi, bizning ham tunimiz o‘tdi. Biz ibodat qildik ular qilmadi» degan edim otam: «Hay bolam-a, ular uxlab rohat olishdi, sen esa uyqudan ham qolding, ibodatning savobidan ham mahrum bo‘lding» dedilar. Hakim Axtar rahmatullohi alayh : «Ibodat bug‘doy ekiniga o‘xshaydi, uni ekib, yig‘ib, terib olish bir mashaqqat bo‘lsa sichqon-kalamushga yedirmay saqlab olish ham bir mashaqqat. Ya’ni inson bir ibodatni qilish uchun vaqt sarflaydi, xarajat qiladi, mehnat qiladi, uni ado qilgach savobini saqlab qolish ham bir mashaqqatdir. Riyo, xo‘jako‘rsin, xo‘ja eshitsin, minnat qilish, u ibodatni qilolmaganlarni haqir sanash va hokazolar ibodatning savobini xabata qilib yuboradi» deganlar.
Umra safarini amalga oshirganlarning barchasi mo‘minmi?
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining «Mo‘minning Umra safari» kitobini varaqlaymiz: «Haj safariga otlangan kishi yana nimalarga e’tibor berishi kerak? Avvalo, ahli ayoli va yaqin kishilarini taqvoga buyursin. Ya’ni, Allohning amrlariga bo‘ysunib, qaytarganlaridan qaytishga chorlasin. Qilayotgan Haj ibodatidan Allohning roziligini va oxiratining obodligini ko‘zlasin. Dunyo va uning ziynatlarini, riyokorlik, nom chiqarish, faxrlanish kabi narsalarni zinhor xayoliga keltirmasin. Aks holda barcha qilgan sa’y-harakatlari behuda ketadi»...
Yana ijtimoiy tarmoqlarga yuzlanamiz: Mana yana bir ota o‘g‘lining tirikchiligi bo‘lgan, kira qiladigan mashinasini sotib ziyoratga otlanibdi, o‘sha postga yozilgan izohlarda aytilishicha kelin, o‘g‘il, nevaralarning rizqi qiyilib ziyoratdan qaytib kelishi uchun qilinadigan «to‘ycha» uchun xarajatni ham omborga qulflab ketayotgan emish. Yana ko‘zimiz tushadi: bir hoji ota uyiga yasatilgan tuyada kirib kelayapti, yana davom etamiz: qip-qizil to‘shalgan poyondoz, loyga to‘shalgan yangi gilam, har yonga osilgan ziyoratchining suratlari, har kuni almashtirilgan hoji onaning oq paypog‘ini ko‘ziga surtib, tabarruk bilib faxr bilan kiyayotgan olomon...
Bularning chegarasi bormi, olimlar kecha-kunduz dunyoni yaxshilash, ekologik xavfni kamaytirish, hayvonot va nabotot olamini qutqarish, iqtisodiy inqirozning oldini olish uchun uxlamay tong ottirayotgan, insoniyat hayotini yengillatish uchun qayg‘urayotgan bir paytda nega bizda turli dabdabayu as’asaga o‘chlik kuchayib ketayapti?
Xo‘sh, shu riyokorliklardan, bid’atdan, maqtanchoqlik, dabdababozlikdan keyin ziyoratchilar o‘zlarini mo‘min deyishga ma’nan haqlimi???
Barno Sultonova tayyorladi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter