Afg‘onistonlik 84 nafar harbiy O‘zbekistonga qochib o‘tdi
2021-yilning 14avgust kuni Afg‘oniston bilan davlat chegarasining bo‘linmalaridan birida Afg‘oniston Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilaridan iborat 84 kishilik guruh davlat chegarasini kesib o‘tdi va DXX Chegara qo‘shinlari chegara otryadlari tomonidan qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi.
Chegarani buzganlar qarshilik ko‘rsatmagan va ko‘makka muhtojligini bildirgan, jumladan, 3 nafar yaralangan shaxsga tibbiy yordam so‘ragan.
Afg‘onistonning mazkur fuqarolari bilan zarur tekshiruv-filtrlash jarayonlari va sanitariya-epidemiologiya tadbirlari o‘tkazildi, ularning ayrimlariga tibbiy yordam ko‘rsatildi, shuningdek, oziq-ovqat va ularning vaqtincha joylashishi tashkil etildi.
Shu bilan birga, Termiz-Hayraton ko‘prigining Afg‘oniston qismida Afg‘oniston hukumat kuchlarining harbiy xizmatchilari to‘plangani qayd etildi. Bu shaxslarga insonparvarlik yordami ko‘rsatish choralari ko‘rilmoqda.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Afg‘oniston fuqarolarining vataniga qaytishi va «Termiz-Hayraton» ko‘prigi hududidagi vaziyatni tartibga solish borasida Afg‘oniston tomoni bilan muzokaralar olib bormoqda.
Bundan tashqari, 14 avgust kun davomida «Termiz-Mozori-Sharif» temir yo‘l uchastkasida xizmat ko‘rsatuvchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini vatanga qaytarish tashkil etildi.
Ta’kidlash joizki, davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilish kuchaytirilgan tartibda olib borilmoqda, barcha zarur xavfsizlik choralari ko‘rilgan. Termizda xavfsizlik idoralari rahbarlari va davlat hokimiyati organlari vakillaridan iborat tezkor shtab joylashtirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter