Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Afg‘onistondagi samolyot halokatidan omon qolganlar qaytishdi. Uchuvchi bortdagi million dollar haqida nima dedi?

Afg‘onistondagi samolyot halokatidan omon qolganlar qaytishdi. Uchuvchi bortdagi million dollar haqida nima dedi?

Foto: Sergey Bobilev / TASS

Afg‘onistonda halokatga uchragan Falcon 10 biznes samolyoti bortida bo‘lgan to‘rt nafar Rossiya fuqarosi vataniga qaytdi. Omon qolgan uchuvchilar va ikki shifokor bo‘lgan samolyot 26 yanvar, juma kuni ertalab Dubaydan havoga ko‘tarilib, Moskvaning Vnukovo aeroportiga qo‘ndi.

Aeroport terminalida uchuvchi Arkadiy Grachev va feldsher Igor Sivorotkin birinchi intervyu berishdi. Xususan, ular halokatdan keyingi dastlabki 24 soat ichida qanday omon qolganlari haqida gapirishgan.

«Biz bir yarim kunni sovuqda o‘tkazdik, (...) yoqish mumkin bo‘lgan narsalarimiz yoqib, isinishga harakat qildik. Keyin afg‘on birodarlar kelishdi. Bizni to‘rt ming metr balandlikdan chuqur qor orqali olib chiqishdi (...) Biz qishloqqa besh soatcha yurdik», deydi Arkadiy Grachev.

Uchuvchi samolyot bortidagi 1 million dollar haqidagi xabarlarga javob berdi

Arkadiy Grachev samolyotda 1,2 million dollar (taxminan 106 million rubl) borligi haqidagi ma’lumotni rad etdi.

«Yo‘q, u yerda bunaqa pul yo‘q edi, faqat o‘zimizning shaxsiy pullarimiz bor edi. Afg‘onlar yordamga kelishdi, biz ularga qandaydir tarzda minnatdorlik bildirishimiz kerak edi. Biz ularga ozgina pul berdik», dedi uchuvchi.

Hasht e Subh nashri Falcon 10 bortida katta miqdordagi pul bo‘lgani haqida yozgan. Unga ko‘ra, samolyot halokatga uchragach, undan million dollardan ortiq pul o‘g‘irlangan. Falokatga uchragan samolyotga birinchi bo‘lib, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, «Tolibon» qurolli kuchlari shtabi boshlig‘i Qori Fasihuddin Fitratga aloqador bir guruh odamlar yetib kelgan.

«Tolibon»ning Badaxshon gubernatori Muhammad Ayub Xolid voqeadan xabar topgach, talonchilikni tekshirish uchun komissiya tayinlagan. Unga ushbu viloyatdagi Tolibon razvedkasi rahbari rahbarlik qilishi aytilgan.

Shifokor mahalliy qishloqdan qanday yordam so‘raganini aytdi

Igor Sivorotkinning so‘zlariga ko‘ra, Falcon 10 halokatidan so‘ng omon qolganlar muzlab qolmaslik uchun barcha kerakli narsalarni yig‘ib, samolyotda o‘zlariga joy ajratishgan. Feldsher birinchi tunni ular bilan samolyot ichida o‘tkazgan va ertasi kuni ertalab u yordam chaqirish uchun ketgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqin atrofdagi qishloqqa yetib borgach, mahalliy aholiga o‘zi va o‘rtoqlari bilan sodir bo‘lgan voqeani imo-ishoralar bilan tushuntira boshlagan. «Keyin biroz inglizcha gapiradigan bir kishi keldi. U bilan kelishib oldim va ular menga sun’iy yo‘ldosh telefonini berishdi, men undan ma’murlarimizga qo‘ng‘iroq qilib, vaziyatni aytib berdim», deydi Sivorotkin.

Arkadiy Grachevning qo‘shimcha qilishicha, Afg‘oniston xalqi ekipaj a’zolarini izzat-hurmatda qabul qilgan. «Qishloqda befarq odamlar yo‘q edi», deya qo‘shimcha qildi u.

Uchuvchilar Falcon 10 halokatining ehtimoliy sabablarini aytishdi

Arkadiy Grachevning bildirishicha, samolyot texnik nosozliklar tufayli halokatga uchragan. Uning ta’kidlashicha, bort qulamasidan avval ekipaj uni tog‘ cho‘qqisiga qo‘ndirishga muvaffaq bo‘lgan. Uchuvchining qo‘shimcha qilishicha, u boshqa tirik qolganlar bilan birga tushuntirish berish uchun prokuraturaga chaqirilgan.

Rossiya Tergov qo‘mitasi Afg‘onistonda Falcon 10 halokatining ustuvor versiyasi sifatida dvigatelning nosozligini ko‘rib chiqmoqda. Hozirda tergovchilar holat yuzasidan surishtiruv o‘tkazishmoqda.

Eslatib o‘tamiz, hodisa oqibatida rossiyalik tadbirkor va uning turmush o‘rtog‘i halok bo‘lgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring