Afg‘oniston endi terrorchilar makoniga aylanmaydi — Ismatulla Ergashev

O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida afg‘on yurti endi terrorchilar makoniga aylanmasligini aytib o‘tgan. Bunga toliblarning ko‘knori yetishtirishni taqiqlash haqidagi qarori sabab bo‘lgan.
«Toliblar o‘z qarori bilan xalqaro hamjamiyatga nafaqat mamlakatda giyohvand moddalar tahdidiga qarshi kurashishi, balki ular o‘z hududida turli yo‘nalishlardagi xalqaro terrorchilarning kelgusida mavjud bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligi haqida aniq va tushunarli signal berdi. Boshqacha qilib aytganda, gap afg‘on yurti endi hech qachon xorijiy terrorchilar panohiga aylanmasligi haqida ketmoqda», degan Ergashev.
Ergashevning ta’kidlashicha, Afg‘oniston muvaqqat hukumati qarori hozirgi vaqtda hanuz mamlakat hududida bo‘lib turgan turli terrorchilik guruhlarini opiy sotishdan tushgan daromad shaklidagi asosiy moliyalashtirish manbasidan mahrum qiladi.
Uning aytishicha, bu qaror oddiy afg‘on dehqonlariga ko‘knori o‘rniga boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishga o‘tish, ichki bozorni ular bilan to‘ldirishga va afg‘onlarning farovon yashashiga imkon yaratadi.
«Yana bir muhim tafsilotni ta’kidlamoqchiman. Afg‘onlar tabiatan tajribali dehqonlardir, ular faqat urush yillarida afyunni faol yetishtira boshlashdi, asrlar mobaynida ular meva-sabzavot va poliz mahsulotlarining barcha turlarini, shuningdek, guruch, bug‘doy, kartoshka, pomidor va boshqalarni yetishtirib kelishgan. Afg‘on xalqining buguni va kejalagini tahlil qilishda mana shu tarixiy haqiqatga alohida e’tibor qaratish kerak», degan Ismaulla Ergashev.
Eslatib o‘tamiz, «Tolibon» rahbari shu oy boshida dalalarda ko‘knori yetishtirishni taqiqlab, bunga amal qilmaganlar shariat qonunlari asosida jazolanishini ta’minlaydigan hujjatni imzolagandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter