Adliya vazirligi fuqarolarni ogohlantirdi
So‘nggi yillarda, asosan kuz-qish mavsumi boshlanishida aholi orasida, ayniqsa tumanlarda maxsus-formali kiyim-bosh kiyib yurgan (yoki shu kiyimga juda o‘xshash kiyimdagi) shaxslar o‘zlarini «davlat yong‘in nazorati organi xodimi» («pojarniy») sifatida tanishtirib, fuqarolardan yillik 20 000-40 000 so‘m atrofida majburiy tarzda (soliq yoki kommunal to‘lov sifatida) noqonuniy yig‘ish holatlari kuzatilmoqda.
Mazkur masalalar bo‘yicha kelib tushgan murojaatlar o‘rganilganda, ushbu harakatlar turli xil shaklda tashkil etilgan, asosan nomida «yong‘in», «olov», «qarshi kurash», «xavfsizlik», «himoya» kabi so‘zlardan iborat bo‘lgan va yong‘inning oldini olish aks etgan turli xil ramzlar tushirilgan muhr-shtamplardan foydalanib kelayotgan tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan amalga oshirib kelinayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holat bo‘yicha Adliya vazirligi ayrim shaxslar tomonidan o‘zlarini «davlat yong‘in nazorati organlari xodimi» sifatida tanishtirgan holda yolg‘on ma’lumotlar asosida fuqarolardan majburiy to‘lov to‘lanishini talab etishi noqonuniyligini ma’lum qiladi.
Eslatib o‘tish joizki, fuqarolar majburiy tarzda quyidagi kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni belgilangan tartibda to‘lab borishi lozim:
1.Sovuq suv ta’minoti;
2.Issiq suv ta’minoti (ko‘p qavatli uylarda);
3. Elektr ta’minoti;
4.Gaz ta’minoti;
5.Issiqlik ta’minoti (ko‘p qavatli uylarda);
6.Kanalizatsiya (iste’molchi ulangan bo‘lsa);
Shu o‘rinda takroran ma’lum qilinadiki, yong‘in va uning oldini olish bilan bog‘liq biron bir to‘lab borilishi shart bo‘lgan kommunal to‘lov yoki soliq qonunchilikda mavjud emas.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 2091-moddasiga ko‘ra formali kiyim-bosh kiyib yurishi nazarda tutilgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar harbiy xizmatchilari hamda xodimlarining tasdiqlangan namunadagi harbiy, idoraviy va maxsus formali kiyim-boshini bunday huquqqa ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan kiyib yurish uchun javobgarlik belgilanganligini eslatamiz.
Adliya vazirligi,
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter