Adliya vaziri hukumatda yana qisqarishlar bo‘lishini aytdi
Vazirlik va idoralarni tuzish hamda tugatish bo‘yicha ma’lum tartiblar o‘rnatish orqali davlat boshqaruvidagi xizmatchilar soni qisqarishi mumkin. Bu haqda Adliya vaziri Ruslanbek Davlatov Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari davlat xizmatchilari uchun «Davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish va qonun ustuvorligi tamoyillarini hurmat qilish» mavzusidagi xalqaro konferensiyada aytib o‘tdi, deb xabar berdi Xabar.uz muxbiri.
Ruslanbek Davlatovning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ma’muriy islohotlar doirasida bir-birini takrorlaydigan tuzilmalar va funksiyalar optimallashtiriladi. Vazirlik hamda idoralarni tashkil etish, shuningdek, tugatishning aniq tartiblarini, ularning tuzilmasi va shtat jadvaliga qo‘yiladigan talablarni belgilash yo‘li bilan «ixcham hukumat»ni yaratish ko‘zda tutilmokda.
Mazkur konferensiya Adliya vazirligi hamda Venetsiya komissiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilmokda. Tadbirdan davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish va qonun ustuvorligi tamoyillariga rioya etish masalalari hamda ilg‘or tajribalar bilan almashish uchun ochiq muloqot maydonini tashkil etish rejalashtirilgan.
Konferensiyada Germaniya, Fransiya, Portugaliya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikistondan tashrif buyurgan ekspertlar, mutaxassislar, adliya va davlat xizmatchilari ishtirok etishmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter