Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Adliya vaziri harbiylarga berilgan imtiyozlar to‘g‘risida izoh berdi

Adliya vaziri harbiylarga berilgan imtiyozlar to‘g‘risida izoh berdi

Ruslan Davletov — O‘zbekiston adliya vaziri.

Kecha, 24+may kuni O‘zbekiston adliya vazirligida blogerlar va jurnalistlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Adliya vaziri Ruslan Davletov ularni qiziqtirgan qator savollarga javob berdi. 

Xususan, jurnalist va bloger Jamshid Niyozov «O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiylari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qaroriga muvofiq harbiy xizmatchilarning farzandlariga oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishda berilgan imtiyoz ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama qilinayotgani, mazkur masalaga adliya vazirining munosabati bilan qiziqdi.

— Xorijiy davlatlar tajribasiga qarasangiz, harbiylarga katta imtiyozlar berilganligini ko‘rasiz. Ushbu davlatlarda harbiylarga juda katta ehtirom ko‘rsatiladi. Masalan, Amerikani, Rossiyani va boshqa ko‘plab davlatlarni oling. Chunki ular urush ko‘rgan davlatlar, tinchlikning qadrini, uning ahamiyatini juda yaxshi tushunadi.

Bizning yurtimizda yillar davomida, xudoga shukrki tinchlik hukm surmoqda. Shuning uchun tinchlik xuddi o‘z-o‘zidan bo‘layotgandek, o‘rganib qolganmiz. Aslida, buning orqasida harbiy qudratimiz, yuksak armiyamiz turibdi, mard zobitlar turibdi. Shuning uchun harbiylarga hurmat bildirish, ularni qadrlash alohida ahamiyatga ega.

Harbiylik – qiyin ish, ularning turmush tarziga uncha-muncha odam chiday olmaydi. Harbiylarning farzandi ota-onasini oylab ko‘rmaydi ba’zida. Ular butun hayoti davomida doim o‘z ustlarida mashaqqatli ishlashlari kerak, ishlash va yashash sharoitlari ham biznikidan farq qiladi. Shuning uchun O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida harbiylarga imtiyozlar berilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu imtiyozlar nafaqat sohadagi xizmat qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan, balki harbiy sohaning nufuzini oshirishni ham ko‘zlaydi. Bu sohaga yetuk kadrlarni jalb qilishga ham xizmat qiladi.

Shuning uchun mening fikrimcha, harbiylar uchun, ularning oilalari uchun imtiyozlar berilishi tabiiy. Albatta, ijtimoiy adolat tushunchasini yoddan chiqarmagan holda, — deb javob berdi adliya vaziri Ruslanbek Davletov.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring