Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abdulla Oripov haqida so‘z ketganda…

Abdulla Oripov haqida so‘z ketganda…

Shunday siymolar borki, ular muayyan xalqning, ma’lum bir davrning barometri sifatida ularning qalbi va ruhoniyatining ko‘zgusi bo‘la oladi. Shubhasizki, Abdulla Oripov ana shunday adiblardandir.

Joriy yilning 12-iyun kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti tashabbusi bilan O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovga bag‘ishlangan «Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamonni kuylagan shoir» mavzusidagi «ZOOM» platformasi orqali onlayn-forum tashkil etildi. Onlayn forumni dastavval, kirish so‘zi bilan institut rektori professor O‘ktam Umurzoqov samimiy istaklar bilan ochib berdilar.

Tadbirda moderatorlik qilayotgan institut yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori R.Choriyev onlayn forumning mohiyati bilan bog‘liq holda o‘z fikr-mulohazalarini aytib, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, senator Mahmud Toirga so‘z berdi.

Mahmud Toir Abdulla Oripov ijodining elparvarlik va fidoiylik mahsuli ekanligini uqtirdi. So‘ngra Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali direktori, akademik Qalandar Abdurahmonov shoirning Italiya bilan bog‘langan ijodiy faoliyati, xususan Dante Aligerining «Ilohiy komediya»sini tarjima qilgani borasida so‘zlab, o‘zining Abdulla Oripovga ehtirom nuqtai nazaridan «Buyuklar kahkashonida» nomli kitob yaratganini aytib o‘tdilar. Shuningdek, Italiya haqida «Go‘zal Italiya maftunkor diyor» nomli kitob chop ettirganini aytib har ikkalasini ham namoyish qildilar.

Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universitetining professori Nurboy Jabborov o‘z nutqida agar hayot bo‘lganlarida yurtboshimizning bugungi g‘oyalari va islohotlarini targ‘ibotchisi sifatida ularning o‘ng qo‘l qanotida bo‘lishlari shak-shubhasiz edi, deya ta’kidladilar.

Tadbirda shoirning rafiqasi Hanifa opa Abdulla akaning hayotiy kechinmalari va faoliyati borasida to‘lqinlanib gapirib uning she’rlaridan ayrim namunalarni o‘qib berdi. Shuningdek, Amerikada istiqomat qilayotgan shoirning katta qizlari Mavluda Oripova Amerikadan turib otasining umrining oxirgi yillarida 6 oy mobaynida dard bilan olishgani, shunda ham ijoddan to‘xtamagani qalam va qog‘ozga sadoqati vatanga bo‘lgan mehr bilan yo‘g‘rilganini e’tirof etdi.

«Imtihon» degan she’rini sharhlab berar ekan, otasining da’vatkorona aytgan radif o‘rnidagi ushbu misrasini qayta-qayta eslatdi: Vatanni sevmoqlik imtihondir bu. Shuningdek, u «otamning har bir she’ri uning hayotining, qalbidan kechgan tuyg‘ularning, iztiroblarining bir parchasi desam mubolag‘a bo‘lmaydi» – deya ta’kidladi. Yana bir qizlari Shoira Oripova esa otasini e’zozlab ularning nomini abadiylashtirish va chop etilmagan she’rlarni targ‘ib – tashviq etishga astoydil kirishgan institutimiz jamoasiga minnatdorlik bildirdi.

Shu bilan birga tadbirda Qarshi davlat universitetinig professori Abdurahim Erkayev, Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi direktori Ubaydulla Oripov va uning shogird – o‘quvchilaridan E’zoza Alisherova va institutimiz professori falsafa fanlari doktori Qiyomiddin Nazarov, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining xodimi, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Rustam Musurmon adib bilan bog‘liq ibratomuz kechinmalarini so‘zlab berishdi. So‘ngra shoirning mashhur «Ketmoqdaman» she’ri asosidagi qo‘shig‘ini iste’dodli san’atkor va olim, institutimiz professori Hojiakbar Hamidov ijro etib, ishtirokchilarning qalbiga yo‘l topdi. Institutimizning yosh magistrantlaridan Dilmurod Akbarov shoir ijodiyotidan ilhomlanganini, qator she’rlarida uning ijodiy va ijobiy ta’sirining yaqqol sezilishini qayd etdi.

Abdulla Oripov (Abdulla aka) haqida so‘z ketganda o‘zbekning tanti va jaydari farzandi ko‘z oldimizda gavdalanadi. Katta shoir hamisha o‘z vaqtida maydonga keladi, u – hamisha tarixiy. Zotan, shoir o‘z xalqining ovozi, uning orzu-umidlari va inson qalbi iztiroblarining ifodachisidir.

Institutda ham adibning ijodini targ‘ib qilish maqsadida yo‘l xaritasi ishlab chiqilib shoir ijodi va hayot yo‘liga bag‘ishlangan ko‘plab ma’naviy-ma’rifiy, badiiy va ijodiy tadbirlar rejalashtirilgan.

Jumladan, Abdulla Oripov hayoti va ijodiga bag‘ishlangan muzey tashkil qilish, adibning ijodi va hayot yo‘liga bag‘ishlangan onlayn-vebinarlar tashkil etish, Abdulla Oripov tug‘ilib o‘sgan Qashqadaryo viloyati Koson tumaniga talabalar sayohatini uyushtirish, shuningdek, institutda Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash  va shu munosabat bilan respublika miqyosida konferensiya tashkil etish, Abdulla Oripov to‘g‘risida hujjatli film yaratish, institutda «Abdulla Oripov izdoshlari» to‘garagini tashkil etish, Qarshi shahridagi Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi bilan hamkorlikda tadbirlar tashkil etish institut tomonidan kelgusida amalga oshiradigan rejalar hisoblanadi.

Onlayn-forum ishtirokchilari tomonidan iliq kutib olinib, ijobiy fikr va mulohazalar hamda savol-javoblarga boy bo‘ldi.

O‘zbeklarga xos donishmandlik, bag‘rikenglik, xokisorlik va andisha Abdulla Oripov hayoti va ijodiga singib ketgan. U o‘zbekning ramzi bo‘lgan ijodkor. Bunday e’tiroflar o‘z-o‘zidan dunyoga kelgan emas. Bir paytlar ovozi ikki daryo oralig‘ida qolib ketganidan o‘ksingan shoir istiqloldan keyin dunyo miqyosida e’tirof etildi.

Rahimboy Jumaniyozov,
TIQXMMI matbuot xizmati rahbari

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring