Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abdulla Aripov suv sizib chiqqan dambaga yetib bordi. Aholi evakuatsiyasi davom etmoqda

Abdulla Aripov suv sizib chiqqan dambaga yetib bordi. Aholi evakuatsiyasi davom etmoqda

Foto: FVV

Avval xabar berilganidek, joriy yilning 1 may kuni soat 05:55da Sirdaryo viloyatida joylashgan «Sardoba» suv ombori dambasining 6 piket devorida suv chiqishi yuzaga kelgan edi. Natijada Sardoba tumani Qo‘rg‘ontepa aholi yashash punktiga suv kirgan va aholi evakuatsiya qilingan.

Bunda, asosan, suv ekin maydonlariga zarar yetkazganligi ma’lum bo‘ldi. Qayd etish joiz, Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi (FVB) va Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat quyi tizimiga (FVDT) kiruvchi tashkilotlar bilan hamkorlikda Sardoba tumani «Qo‘rg‘ontepa» MFY suv omborining atrofidagi qator aholi yashash punktlari Mirzaobod tumaniga evakuatsiya qilindi. Xususan, «Qo‘rg‘ontepa», «Do‘stlik», «Yurtdosh» MFYlardan jami 11598 nafar aholi shular jumlasidandir.

FVVning voqea joyidan olgan surati

Bundan tashqari, suv bosish xavfi bo‘lgan «Quytosh», «Ota yurt», «Birlik» MFYlaridan aholini evakuatsiya qilish rejalashtirilmoqda.

Ayni vaqtda Oqoltin tumani «Abdualim» MFY aholisini Sardobaga evakuatsiya qilish ishlari boshlangan.

Voqea joyiga respublika hukumati rahbari Abdulla Aripov yetib borgan. Shuningdek, Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyati hamda Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar boshqarmalari, Milliy gvardiya (MG) va boshqa tegishli tashkilotlar rahbarlari vaziyat yuz bergan joyning o‘zida evakuatsiya tadbirlarini tashkillashtirish, favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirib bormoqdalar.

Mazkur tadbirlarga Sirdaryo viloyati FVBdan 430 nafar shaxsiy tarkib va 5 avtotexnika, Jizzax viloyati FVBdan nafar 120 shaxsiy tarkib, 6 ta avtotexnika, MVBRQMdan nafar 60 shaxsiy tarkib, 6 ta avtotexnika, MGdan nafar 276 shaxsiy tarkib, 43 avtotexnika hamda hududiy FVDT xizmatlari jalb etildi.

Jabrlangan va halok bo‘lganlar bo‘yicha ma’lumot kelib tushmagan.

Ma’lumot uchun: Sardoba suv ombori 2009-2017 yillar mobaynida Janubiy Mirzacho‘l kanalining markaziy tarmog‘i oqib o‘tgan hududda barpo etilgan bo‘lib, suv omborining hajmi 930 mln. m3 ni tashkil etadi. Suv omborining balandligi 28,8 metrga teng.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring