Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

6400 km masofani bosib o‘tgan san’at durdonalari endi Toshkentda!

6400 km masofani bosib o‘tgan san’at durdonalari endi Toshkentda!

Foto: TİKA

12 sentyabr Toshkent san’at galereyasida xattotlik san’ati durdonalari ko‘rgazmasi ochildi. Marosimda O‘zbekiston va Turkiya siyosat, san’at va madaniyat namoyandalari qatnashdi.

«Albayrak» shirkatlar guruhi hamda TİKA (Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi) hamkorligida tashkil etilgan madaniy loyiha xorijiy davlatlar orasida dastavval O‘zbekistonda namoyish etilmoqda.

To‘qqiz yildan beri, har gal o‘zgacha mavzuda o‘tkaziladigan xattotlik ko‘rgazmasi orqali islom tamaddunining boyligi, betakrorligini ko‘rsatish, ko‘hna ijodiy an’analarni saqlash, kelajak avlodlarga yetkazish va dunyo bo‘ylab targ‘ib etish maqsad qilingan.

Bu yil loyiha uchun kalimai tavhid mavzusi tanlangan.

Islom tafakkurini o‘zida mujassam etgan 25 ta asar Turkiyaning Istanbul, Balikesir, Anqara, Trabzon, Arzurum, Qaysari, G‘oziantep kabi shaharlarida ko‘rgazmaga qo‘yildi.

Tashkilotchilarga ko‘ra, qariyb 6400 km masofani bosib o‘tgan xattotlik durdonalari endilikda o‘zbekistonlik san’at ixlosmandlari e’tiboriga havola etilmoqda.

«Xattotlik asarlari ko‘rgazmasi ko‘ngil diyorimiz – islom tamadduni izlari bilan qoplangan O‘zbekistonda namoyish etilayotganidan mamnunmiz. Ko‘rgazma ikki qardosh davlat o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashiga tilakdoshmiz», – deyiladi Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi vakolatxonasi xabarida.

Ma’lumot o‘rnida, TİKA Bolqondan Markaziy Osiyogacha, Lotin Amerikasidan Afrikagacha – 5 qit’a, 170 ga yaqin davlatda 30 mingdan ortiq loyihani amalga oshirib kelmoqda.

Toshkent san’at galereyasida ochilgan ko‘rgazma 23 sentyabrga qadar davom etadi.

Ushbu san’at maskanida avvalroq o‘zbek va turk hunarmand-ustalarining xattotlik, tazhib (zarhallash), qati’ (naqqoshlik), abru bahor, miniatyura, qalam tasvir, muqovasozlik, o‘ymakorlik kabi yo‘nalishlardagi asarlari ham namoyish etilgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring