52 kompaniya IT Park rezidentligidan chiqarildi
IT Parkning 416 rezidentidan 52 ta kompaniyalar shartnomada nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarmaganliklari uchun, ya’ni auditorlik xulosasini taqdim etmaganliklari va Nizom talablarini buzganligi tufayli doimiy rezident maqomidan mahrum etildi.
«IT Park rezidenti maqomiga ega IT-kompaniyalar soni kundan kunga ortmoqda. Ammo turli sabablar tufayli ushbu maqomni yo‘qotayotganlar va shunga ko‘ra, soliq imtiyozlaridan foydalanish huquqidan mahrum bo‘layotgan IT Park rezidentlari ham mavjud. Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 15 iyuldagi 589-sonli qaroriga muvofiq, Nizom talablarini buzgan yuridik shaxslarga nisbatan soliq idoralari imtiyozlarni belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga to‘lash majburiyatlarini tiklash bilan bekor qilish choralarini qo‘llaydilar», ― deyiladi bayonotda.
Rezidentlikdan chiqarilgan kompaniyalar ro‘yxati ushbu havolada keltirilgan.
IT Park rezidentlari uchun quyidagi vazifalar belgilangan:
- Faqat axborot texnologiyalari sohasida faoliyat turlarini amalga oshirish;
- IT Park Direksiyasiga har chorakda faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etish;
- Moliyaviy-xo‘jalik faoliyatining yillik auditini o‘tkazish va auditorlik xulosasining bir nusxasini Direksiyaga yuborish;
- IT Park rezidentining Direksiya bilan ishlash shartlari to‘g‘risidagi Shartnomadan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish.
IT Park rezidenti maqomidan mahrum qilingan 52 ta IT-kompaniya to‘g‘risidagi ma’lumotlar imtiyozlarni bekor qilish choralarini ko‘rish maqsadida soliq organlariga yuborildi. Shuningdek, soliq idoralariga IT Park rezidentlarining yagona reyestriga kiritilgan, ammo turli sabablarga ko‘ra endi faol rezident bo‘lmagan 63 ta IT-kompaniya to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham yuborildi.
«Qonunga muvofiq IT Park rezidenti maqomida bo‘lish bir kun bo‘lsa ham kompaniyaning auditorlik tekshiruvini o‘tkazish va imtiyozlardan foydalanish yoki foydalanmaslik to‘g‘risida xulosa berish majburiyatini keltirib chiqaradi», ― deyiladi bayonotda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter