52 hamyurtimiz yonib ketgan avtobus egasi O‘zbekistonda ushlandi va Qozog‘istonda sud qilinmoqda
Qozog‘iston respublikasi Turkiston viloyatida Orduxan Mextiyev sud qilinmoqda. U 1 dekabrda O‘zbekistonda qo‘lga olingan va Qozog‘istonga ekstraditsiya qilingan edi.
Mextiyev Qozog‘iston respublikasi jinoyat kodeksining 348 moddasi, 4-bandi — «Transport vositasini sifatsiz ta’mirlash, ikki yoki undan ortiq kishining o‘limiga sabab bo‘lgan texnik nosoz transport vositasini foydalanishga topshirish» bo‘yicha ayblanmoqda. 8 aprelda sud ishi boshlangan bo‘lib, kelgusi mahkama ishi 24 aprelga belgilangan.
Orduxan Mextiyev 4 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston fuqarolari joylashgan avtobus 2018 yilning 18 yanvarida Samara — Chimkent trassasi bo‘ylab harakatlanish chog‘ida Oqto‘ba viloyati Irgiz tumani hududida yonib ketgan edi. Salonda 54 yo‘lovchi va 3 haydovchi (Qozog‘iston fuqarolari) bo‘lgan. Yo‘lovchilarning barchasi O‘zbekiston fuqarolari edi. Avtobusdagi 52 hamyurtimiz voqea joyida halok bo‘lgan.
Yong‘in avtobusning yoqilg‘isi muzlab qolgach, haydovchilardan biri isinish maqsadida kavsharlashda ishlatiladigan lampani yoqqanidan so‘ng kelib chiqqan. Avtobus soniyalar ichida yonib ketgan va 52 o‘zbekistonlik yo‘lovchi salondan chiqishga ulgurmagan. Faqat uch haydovchi va ikki yo‘lovchi tirik qolgan.
Tergov chog‘ida avtobus bir necha yil muqaddam texnik ko‘rikdan o‘tgani aniqlandi. Uning egasida esa yo‘lovchilarni muntazam tashish bo‘yicha litsenziya bo‘lmagan. Sud Oqto‘bada o‘tkazildi va uch haydovchi 5 yil ozodlikdan mahrum etildi. Mexanik va firma muassisi 3,5 yil umumiy rejimdagi koloniyada jazo o‘tashga hukm etilgan.
Ozodlikda faqat avtobus egasi Orduxan Mextiyev qolayotgan edi. U xalqaro qidiruvga berilgach, oradan deyarli bir yil o‘tib O‘zbekistonda qo‘lga olingan. Ayni vaqtda sud qilinmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter