5-iyuldan koronavirus yuqtirganlarni davolash bilan bog‘liq yangicha tartib joriy etilmoqda
Respublika maxsus komissiyasi axboroti e’lon qilindi. Unga ko‘ra, joriy yil 1-iyul sanasidan boshlab bir qator cheklovlar kiritilgani xabar qilingandi.
Shuningdek, koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari kamaymagan davlatlardan (qizil reyslar) O‘zbekistonga kirib kelayotgan fuqarolarga o‘z hohishiga ko‘ra 14 kunlik karantin nazorati davrini haqini to‘lagan holda mehmonxonada o‘tkazishning vaqtinchalik tartibi tasdiqlandi.
Koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bemorlar uch toifaga ajratilmoqda:
- koronavirus infeksiyasining yengil shakllari aniqlangan (kasallik alomatlarsiz o‘tayotgan) bemorlar;
- koronavirus infeksiyasi o‘rtacha og‘ir kechayotgan (tana harorati ko‘tarilayotgan) bemorlar;
- koronavirus infeksiyasi og‘ir kechayotgan bemorlar.
Shu munosabat bilan joriy yil 5-iyul sanasidan boshlab koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bemorlarni davolash bilan bog‘liq quyidagilarni nazarda tutuvchi YaNGIChA TARTIB joriy etilmoqda:
- kasallik alomatlarisiz kechayotgan yengil shakldagi bemorlar shifokor tavsiyalari asosida, sanitariya-gigiyena qoidalari hamda parvarish uchun zarur sharoitlar mavjud bo‘lganda, UY ShAROITIDA davolanishiga ruxsat etiladi;
- shifoxonalarda va uy sharoitida davolanayotgan kasallik alomatlarisiz kechayotgan yengil shakldagi bemorlar 10 kun muddatda klinik belgilari kuzatilmagan taqdirda NAZORATDAN ChIQARISh amaliyoti joriy etiladi;
- koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan bemor bilan birlamchi MULOQOTDA BO‘LGANLAR 14 kunlik karantin muddatini uy sharoitida yoki tasdiqlangan ro‘yxatga asosan mehonxonalarda barcha sanitariya-epidemiologiya va karantin cheklovlariga rioya etgan holda o‘tkazishga ruxsat beriladi;
- birlamchi skrining test tahlillari musbat natija bergan namunalarni tasdiqlash tahlillarini o‘tkazish vakolati Bosh sanitar shifokor ko‘rsatmalaridan kelib chiqib HUDUDIY sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlariga beriladi;
- aholining populyasion ma’lumotlar bazasini yaratish maqsadida koronavirus antitanachalariga IFA tekshirishlariga, davlat tibbiyot muassasalari bilan bir qatorda, xususiy sog‘liqni saqlash sektoridagi tibbiyot muassasalari ham jalb etilishi mumkin.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Kasallik alomatlarisiz kechayotgan yengil shakldagi bemorlarni uy sharoitida davolash va parvarishlash TARTIBI ishlab chiqiladi hamda qabul qilinadi.
Shuningdek, ichki ishlar va Milliy gvardiya organlari hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan uy sharoitida davolanayotgan kasallik alomatlarisiz kechayotgan yengil shakldagi bemorlar va karantinga olingan muloqotdagilarni yashash manzili bo‘yicha QAT’IY NAZORAT olib boriladi.
Kasallik alomatlarisiz kechayotgan yengil shakldagi bemorlarni uy sharoitida davolash va parvarishlash tartibini buzgan fuqarolarga nisbatan epidemiyalarga qarshi kurash talablarini buzganlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan JAVOBGARLIK ChORALARI qo‘llaniladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter