AKT sohasi vakillari 40 yoshgacha bo‘lgan rahbarlar reytingida yetakchi bo‘lishdi (Top-40)
«Yuksalish» umummilliy harakati Ijtimoiy va iqtisodiy tashabbuslar instituti bilan hamkorlikda 2019-yildan buyon O‘zbekistonning 40 yoshgacha bo‘lgan istiqbolli yosh rahbar kadrlari reytingini e’lon qilib kelmoqda.
E’tiborlisi, reytingda axborot texnologiyalari sohasi vakillari son jihatdan yaqqol yetakchilik qilishmoqda.
Ma’lum qilinishicha, yil sayin nomzodlar ro‘yxati kengayib, yangi nomlar bilan to‘lib bormoqda. Bu yilgisi ham bundan mustasno emas. Dastlabki ro‘yxatda turli darajadagi yuzdan ziyod boshqaruvchilar o‘rin olgandi. Yakuniy reytingni shakllantirish ikki bosqichda amalga oshirildi.
Birinchi bosqichda fuqarolik jamiyati, tahlil markazlari va OAV vakillaridan iborat ekspertlar yosh rahbarlarning o‘z sohalarida strategik maqsad va natijalarga erishganlik bo‘yicha faoliyatini baholashdi. Bunda nomzodlarning ma’lumoti, rahbar sifatida jamoatchilik orasida tanilganligi, ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi, islohotlar jarayonidagi ishtiroki va ta’sir darajasi hamda shaxsiy va kasbiy yutuqlari inobatga olindi.
Ikkinchi bosqichda turli soha ekspertlarining ovozi to‘plandi. Yakuniy bosqichga o‘tgan 60 dan ziyod nomzodlar orasidan eng ko‘p ovoz olgan 40 yoshgacha bo‘lgan eng yaxshi 40 nafar rahbar tanlab olindi.
Qayd etilishicha, ekspertlar ovoz berish jarayonida dastlabki ro‘yxatda bo‘lmagan boshqa nomzodlarni ham taklif etishdi. Ularning ayrimlari yakuniy ro‘yxatga kiritildi.
Fuqarolik jamiyati institutlari vakillari talqiniga ko‘ra eng yaxshi yosh rahbar Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining ijrochi direktori Gayane Umerova bo‘ldi.
Jurnalist va blogerlar Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev faoliyatini yuqori baholashdi.
«Aql markazlari» vakillari esa istiqbolli rahbar sifatida IT Park direktori Farhod Ibrohimovni tanlashdi.
Shuningdek, ekspertlar yangi tayinlangan xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidovga katta umid bildirdi. Ularning fikricha, 2022 yilda ta’lim sohasida tub islohotlar bo‘lishi kutilmoqda.
Bu yilgi reytingga birinchi marta kiritilgan nomzodlar:
- Abat Fayzullayev, O‘zbekistonning Avstriyadagi elchisi;
- Abatbay Daniyarov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari;
- Baxtiyor Saidov, xalq ta’limi vaziri;
- Baxtiyor Mustafoyev, Markaziy Osiyo instituti direktori o‘rinbosari;
- Bobur Abdullayev, Toshkent shahridagi Amiti universiteti rektori;
- Durdona Rahimova, Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari;
- Elbek Shukurov, Sergeli tumani hokimi;
- Iroda To‘laganova, Tennis federatsiyasi bosh kotibi;
- Jamshid Egamberdiyev, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari;
- Milana Xaitova, «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJ boshqaruvi a’zosi;
- Odiljon Tojiyev, Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari;
- Qurbon Tursunov, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri o‘rinbosari;
- Saidqahhor Xolxo‘jayev, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari;
- Umid Shodiyev, O‘zbekistonning YuNESKOdagi elchisi;
- Xushnud Xudoyberdiyev, O‘zA bosh direktorining o‘rinbosari;
- Yusuf Absoatov, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari.
Bugungi raqamlashtirish davrida davlat xizmatiga yosh kadrlarni jalb etish masalasi dolzarb vazifalardan bo‘lib turibdi. Bu, ayniqsa, aholisining qariyb 18 million nafari yoshlarni tashkil etadigan O‘zbekiston voqeligida ahamiyatlidir. Kelgusi o‘n yil ichida mehnatga layoqatli aholi soni yana 12 foizga oshishi kutilmoqda.
Yosh kadrlarni rahbarlik lavozimlariga ilgari surish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash turli sohalarda innovatsiyalarni joriy etishga, boshqaruvda yangicha yondashishga va zamonaviy usullarni qo‘llashga keng imkon yaratadi, deyiladi «Yuksalish» umummilliy harakati matbuot xizmati xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter