2 871 mlrd. so‘mlik kreditlar — «Mikrokreditbank» davlat dasturlari bo‘yicha hisobot berdi
Bugun, 22-iyul kuni Milliy matbuot markazida «Mikrokreditbank» ATB tomonidan «Mikrokreditbank tomonidan davlat dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalar» mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Ushbu tadbirni «Mikrokreditbank» ATB Boshqaruvi raisi o‘rinbosari Rustam Sulaymonov ochib, bank tomonidan davlat dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Xususan, bugungi kunda bankning 71 ta filiali, 85 ta bank xizmatlari markazlari, 153 ta o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish ofislari, 150 ta maxsus kassalari faoliyat yuritib, 250 mingga yaqin yuridik shaxslarga, 1 250 mingdan ortiq jismoniy shaxslarga xizmat ko‘rsatmoqda.
Joriy yilda bank aktivlari 8 foizga, kredit potfeli 7 foizga, depozitlar qoldig‘i 29 foizga, shundan aholi omonatlari qoldig‘i 21 foizga o‘sdi.
Bank tomonidan mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifati va sharoitlarini yaxshilash maqsadida 15 ta yangi, zamonaviy ixcham bank xizmatlari markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, Vengriya davlatidan 300 dona yangi bankomatlar keltirilib, chekka hududlardagi 24/7 xizmat ko‘rsatish ofislariga joylashtirildi.
Keyingi bosqichda qo‘shimcha yana 300 dona bankomat olib kelish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi.
Ahamiyatlisi, ushbu bankomatlarni olib kelish Vengriyaning Ekzimbanki kredit liniyalarini jalb qilish orqali amalga oshirildi.
Shuningdek, bank tomonidan «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan ayollar va yoshlar bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, bank tomonidan joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan jami 2 871 mlrd. so‘m miqdorida kreditlar ajratilib, 37 mingdan ortiq aholi bandligi ta’minlandi.
Ta’kidlanishicha, yuqoridagi topshiriqqa muvofiq bank strukturasi tarkibida Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida tarkibiy bo‘linma tashkil etilib, unga tajribali xodimlar biriktirildi.
Ma’lumot uchun: 1-bosqichda 3 685 nafar ayollarga 52,3 mlrd. so‘m, 2-bosqichda 4 884 nafar ayollarga 64,3 mlrd so‘m imtiyozli shartlarda kredit ajratilib, ularning bandligi, daromad manbai ta’minlandi va «Ayollar daftari»dan chiqarildi.
Aholini hunarmandchilikka jalb qilish, sohani moliyaviy qo‘llab-quvvatlash orqali yangi ish o‘rinlarini tashkil etish bo‘yicha oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida joriy yilning o‘tgan davri mobaynida ushbu sohada 298 ta holatda 14,5 mlrd. so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilib, shundan 10,4 mlrd. so‘mi «Hunarmand» uyushmasiga a’zo bo‘lgan 211 nafar hunarmand tadbirkorlarga ajratilgan kreditlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Bugun bank tomonidan parrandachilik yo‘nalishida 2021-2022 yillar davomida barcha moliyalash manbalari hisobidan 220 ta parrandachilik xo‘jaliklari va ozuqa-yem mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga 591,7 mlrd. so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratildi.
Quyonchilik yo‘nalishida 289 ta (shundan, 11 ta yuridik shaxslarga va 278 ta jismoniy shaxslarga) mijozlarga 37,8 mlrd. so‘m miqdorda kreditlar ajratilib, 79 ta ish o‘rni yaratildi. Bundan tashqari, 278 ta oila a’zolarining bandligi ta’minlandi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida Respublika bo‘yicha barcha toifada parvarishlanayotgan quyonlar bosh soni 2022 yil boshiga 2 800 mingtani tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib 3 mln boshga yetkazildi.
Shuningdek, 2022 yilda quyonchilik yo‘nalishida umumiy qiymati 234,6 mlrd. so‘mlik 42 ta loyihaga 153,1 mlrd. so‘m kredit ajratilishi belgilangan.
Aholi turmush darajasini oshirish, hududlarda ipoteka dasturlarini amalga oshirish, ko‘p kvartirali uy-joylar massivlarini barpo etish bo‘yicha ham bank tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Prezidentimizning PF-5886 va PF-6186-sonli Farmonlari ijrosini ta’minlash maqsadida 2022 yilda jami 727 ta oilalarga 137,2 mlrd. so‘mlik ipoteka kreditlari ajratildi.
Matbuot anjumanida joriy yilning II yarim yilligida ham bank tomonidan olib borilayotgan ishlarni davomli tashkil etgan holda bir qancha asosiy vazifalar belgilab olingani qayd etildi.
Yakunda «Mikrokreditbank» ATB mas’ul xodimlari jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga javob berishdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter