«Endi zo‘r bo‘ladi...» – Guliston tumanidagi 27-maktabda quvonchli voqea yuz berdi (foto, video)
Sirdaryo viloyatida ham boshqa viloyatlardagi kabi axborot texnologiyalarining o‘qitilishini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, mehnat bozorini malakali IT-mutaxassislari bilan ta’minlash yo‘nalishlarida qator vazifalar bosqichma-bosqich amalga oshirilib kelinmoqda. Albatta, bunda O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va uning viloyatdagi tarkibiy bo‘linmalarining xizmati e’tiborga loyiq. So‘zimizning isboti sifatida quyidagi fakt va raqamlarga e’tibor qaratamiz.
Respublikada birinchilardan bo‘lib, viloyatdagi 190 ta maktabgacha ta’lim va 315 ta xalq ta’limi ob’yektlariga qadar to‘liq optik tolali aloqa liniyalari tashkil etilgan hamda yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulanish imkoniyati ta’minlangan.
Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki – IT-Parkning Guliston shahridagi filialida 15 dan ortiq axborot texnologiyalari sohasida xizmat ko‘rsatadigan korxonalar faoliyat yuritadi. Bu esa 100 dan ortiq ish o‘rinni yaratish imkoniyatini beradi.
Gulistondagi 1-sonli xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab internati negizida Informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan tayanch maktabi tashkil etildi. Yana shuningdek, 2022 yilda 3 ta va 2023 yilda 2 ta ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘rta bo‘g‘in kadrlarni tayyorlash uchun Sayxunobod tumanida axborot texnologiyalari texnikumi tashkil etilmoqda.
E’tiborlisi, respublikada birinchilardan bo‘lib viloyatning barcha tuman va shaharlarida yuz foiz – jami 11 ta Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari tashkil etildi. Mazkur markazlarda kompyuter savodxonligi, dasturlash, robototexnika, veb va mobil ilovalar yaratish va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha 2019-2020 yillarda 1319 nafar, 2021 yilda 1458 nafar jami 2 777 nafar tinglovchi jalb qilingan.
«Bir million dasturchi» loyihasi doirasida yoshlarning IT-sohasiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, ularni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish maqsadida viloyatning barcha tuman va shaharlarida turli tadbirlar o‘tkazilib, ushbu tadbirlarda 5000 dan ortiq yoshlar qatnashdi.
Bugun, 8 oktyabr kuni esa Guliston tumanidagi 27-sonli kimyo va biologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan maktabining o‘qituvchi va o‘quvchilari hayotida kutilmagan quvonchli voqea sodir bo‘ldi.
– Qariyb qirq yildan buyon o‘qituvchilik qilaman, – deydi maktabning kimyo fani o‘qituvchisi, «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni sohibi Sobira opa Boboyeva. – O‘quvchilarimiz bizda ta’lim olib, hayotda munosib o‘rinlarini topishayotganidan doimo xursand bo‘lamiz. Mana uchinchi yildirki, maktabimiz bitiruvchilari tuman miqyosida birinchi o‘rinni egallab kelishmoqda. Bugun ertalab maktabga kelib ko‘zimga ishonmay qoldim. Sababi, informatika sinf xonamizga zamonaviy kompyuterlar o‘rnatilib, judayam chiroyli qilib bezatilibdi. Surishtirsam, Axborot texnologiyalari vazirligi mutaxassislari kompyuter texnikalari va zarur mebel jihozlari bilan maktabimizga o‘ziga xos sovg‘a tayyorlashibdi. O‘quvchilarimizning quvonchini aytmay qo‘ya qolay. Minnatdormiz, baraka topishsin. Hamkasblarimiz va o‘quvchilarimiz bu imkoniyatdan samarali foydalanishlari shart.
Informatika sinf xonasini ko‘zdan kechiramiz. O‘quvchi va o‘qituvchilarning suhbatlariga quloq solamiz:
– Endi zo‘r bo‘ladi, «Bir million dasturchi» loyihasida qatnashaman, – deydi 10-sinf o‘quvchisi Charos Orolova. – Kompyuterlarimiz eskirib qolgandi. To‘garakka har kuni kelaman.
– Haqiqatda yaxshi bo‘ldi, – deydi informatika fani o‘qituvchisi Bahrom Amirov. – To‘g‘risi, mavjud kompyuterlar zamon talabiga javob bermay qolganidan o‘quvchilarimiz oldida xijolat tortardik. Endi yayrab dars o‘tamiz.
Xullas, bugun AKT mutaxassislari tayyorlagan syurpriz Guliston tumanidagi 27-sonli kimyo va biologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan maktabda katta bayramga sababchi bo‘ldi...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter