Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

22 bolali oila karantin paytida qariyalar uyini bog‘ga aylantirdi

22 bolali oila karantin paytida qariyalar uyini bog‘ga aylantirdi

Foto: «Thesun.co.uk»

Buyuk Britaniyada 22 bolali Redfordlar oilasi koronavirus tufayli joriy qilingan karantin paytida vaqtlarini maroqli o‘tkazishga qaror qilishdi: ular birgalikda bog‘larini akvapark va o‘yin maydonchasiga aylantirishdi. Bu haqda 10-may kuni «Mirror» nashri xabar berdi.

Syu va Noel Redfordlar 15 yil oldin Morkamdagi sobiq qariyalar uyini sotib olib, uni yaxshi holatda saqlab kelayotgandi. Karantin paytida ular bino hovlisidagi bog‘ni to‘liq qaytadan barpo etishdi. Er-xotinning so‘zlariga ko‘ra, buning uchun juda ko‘p ter to‘kishga to‘g‘ri kelgan. Biroq ish jarayoni oilaga quvonch olib kelgan. Negaki unda oilaning barcha a’zolari ishtirok etgan. Nashrning yozishicha, hatto ikki yoshli o‘g‘li Archi ham «supurgi bilan qurollangan».

48 soat ichida Redfordlar akvapark va o‘yin maydonchasini barpo etishga muvaffaq bo‘lishdi. U arg‘imchoqlar, tepaliklar, tirmashib chiqadigan ustunlar, shuningdek, oshxonadan iborat. Bundan tashqari, hovlida vigvam (hindular chaylasi) ko‘rinishida dam olish uchun maxsus joylar barpo etildi.

Redfordlar oilasidagi 22-farzand 2020-yil 6-aprel kuni dunyoga keldi. Tug‘ilganida go‘dakning vazni 3,2 kilogramm bo‘lgan. Jurnalistlarga bergan intervyusida Syu Redfordning o‘zi COVID-19 pandemiyasi davrida bolani dunyoga keltirishga qo‘rqqanligini tan oldi.

Ko‘p bolali oila Angliyaning Morkam shahrida o‘nta yotoqxonali uyda istiqomat qiladi. Ularning to‘ng‘ich o‘g‘li Kristofer 31 yoshda. U 26 yoshli opasi Sofi singari ota-onasidan alohida yashaydi. Sofining ham o‘z farzandlari bor — bir o‘g‘il va ikki qiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring