Chilonzorda 21 yoshli yigit tergovdan qochish maqsadida hojatxonadan pastga sakrab, vafot etdi
Joriy yilning 29 may kuni Chilonzor tumani IIBda tergov qilinayotgan 21 yoshli yigit vafot etgani haqida xabar bergan edik. Keyinchalik bu mavzu ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalarga sabab bo‘ldi. Holat yuzasidan Bosh prokuratura rasmiy bayonot berib, voqea tasvirga tushirilgan videoni e’lon qildi.
Aniqlanishicha, X.T. cho‘ntagida «gashish» giyohvandlik vositasini saqlab kelganligi aniqlanib, 22 may kuni Chilonzor tumani IIO FMB JQB giyohvandlikka qarshi kurashish bo‘limiga olib kelingan.
Binoning 4-qavatiga surishtiruv harakatlarini o‘tkazish uchun olib chiqilgan X.T. javobgarlikdan qochish maqsadida shu qavatda joylashgan hojatxonaga kirib, tezkor xodimni chalg‘ishi natijasida hojatxonaning derazasidan, pastda joylashgan oshxonaning shifer bilan qoplangan tom qismiga sakragan. Shiferning chetki qismi sinishi oqibatida X.T. bosh qismi bilan yerning beton qoplamasiga qulab tushgan.
Jarohatlangan fuqaro ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan shifoxonaga olib borilgan.
Chilonzor tumani prokurori boshchiligidagi guruh tomonidan shu kunning o‘zida hodisa sodir bo‘lgan bino va atrof-muhit joyiga chiqqan holda ko‘zdan kechirilgan, tegishli guvohlar va ishga aloqador barcha xodimlarning ko‘rsatmalari olingan.
X.T.ga ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, olgan tan jarohatlari oqibatida, 29 may kuni shifoxonada vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
Bosh prokuraturaning qayd etishicha, hozirda ichki ishlar organlari xodimlarining xatti-harakatlariga baho berish maqsadida xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter