Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

2030-yilgacha jahon aholisining qariyb 45 foizi semirib ketishi mumkin

2030-yilgacha jahon aholisining qariyb 45 foizi semirib ketishi mumkin

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti taxminlariga ko‘ra, 2030-yilga borib, dunyo aholisining qariyb 45 foizi semirib ketishi mumkin. Semizlik nafaqat kattalar o‘rtasida, balki bolalar va o‘smirlar orasida ham jiddiy muammoga aylanib bormoqda. Ma’lumotlarda keltirilishicha, 1975 yildan ayni paytga qadar dunyodagi semiz odamlar soni uch baravar oshgan. 5 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan 340 milliondan ziyod bolalar va o‘smirlar semizlikka duchor bo‘lishgan.

Mazkur faktlar jamiyatimiz uchun semizlik jiddiy tahdid ekanini ko‘rsatmoqda. Ushbu xavfning oldini olishda birgalikda harakat qilish vaqti keldi.

Bugun, 1 iyuldan boshlab Prezidentimizning  «Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan yurtimizda semizlikka qarshi kurashish, salomatlikni mustahkamlash va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar boshlanadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birgalikda:

- vazirlik, idora, korxona, tashkilot, mahalliy davlat hokimiyati organlarida faoliyat olib borayotgan rahbar va xodimlarning antropometrik ko‘rsatkichlarini (semizlik darajasini, vazn indeksini), boshqa o‘tkir kasalliklarni keskin kamaytirish, salomatlikni mustahkamlash baholash mezonlarini ishlab chiqib, reyting asosida tahlil qilish hamda natijalarni onlayn kuzatib borish tizimini;

- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining tegishli hududda ommaviy sport bilan shug‘ullanuvchilar sonining oshishiga, sog‘lom ovqatlanishiga, xususan, tarkibida tuz, qand va yog‘ miqdori ko‘p bo‘lgan hamda xamirli taom va shirinliklarni, non mahsulotlarini iste’mol qilishni qisqartirishga, zararli odatlardan, alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishdan voz kechish yo‘li bilan kasallikka chalinish, ortiqcha vazn holatlari (semizlik) va bevaqt vafot etish ko‘rsatkichlari kamayishiga qarab ishiga baho berish bo‘yicha reytingini raqamlashtirilgan dastur yordamida monitoring qilish tizimini joriy etadi hamda  «Sog‘lom turmush tarzi» platformasi bilan integratsiya qilinishini ta’minlaydi.

Mutaxassilarning fikricha, yurish, velosayr va gimnastrada kabi jismoniy faollikni kundalik turmush tarziga aylantirish har qaysi yoshdagi kishilar uchun foydadan holi emas. Faol yurish orqali yurak qon-tomir kasalliklari, insult, xavfli o‘smalar, nafas olish a’zolarining surunkali kasalliklar va qandli diabet kabi yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olgan bo‘lamiz.

Velosipedda sayr qilish jismoniy faollikning yana bir qulay va zavqli turi hisoblanadi. Velosayr mushak, yurak-qon tomir tizimini mustahakamlaydi, nafas olish ritmini rivojlantiradi. Tizimli harakatlar yog‘larning erishiga, shu orqali ortiqcha vazndan qutilishga olib keladi.

Shu o‘rinda qayd etish kerakki, semizlikka qarshi kurashda sog‘lom ovqatlanish ham muhim o‘rin tutadi. Jumladan, turli xil sabzovot va mevalarni iste’mol qilishga odatlanish kerak bo‘ladi. Yog‘li go‘sht mahsulotlarini dukkakli mahsulotlarga, baliq va parranda go‘shti yoki yog‘siz go‘shtlarga almashtirish, tuz va qandni imkon qadar kamroq iste’mol qilish, ovqat bilan birga choy ichmaslik, tabiiy sharbatlar yoki qaynatilgan suv ichish kabi oddiy, ammo muhim qoidalarga rioya etgan ma’qul.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring