Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

2022-yil uchun O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi prognoz qilindi

2022-yil uchun O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi prognoz qilindi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2022-yil uchun YaIMning real o‘sish suratini 5,77 foiz darajasida prognoz qilmoqda.

Markaz hisobot davri uchun YaIM prognozlarini batafsil katta ma’lumotlar oqimiga asoslangan yangi yondashuv (noukasting) yordamida hisoblab chiqqan.

Qayd etilishicha, 20 toifadagi 250 ga yaqin haftalik Google qidiruv natijalari, alohida mahsulotlar uchun narxlar smetalari (shu jumladan oltin va neft narxlarining o‘zgarishi) hamda yalpi import va zaxiralarning asosiy ko‘rsatkichlariga asoslanib haftalik O‘zbekiston Respublikasi YaIM prognozi tuzildi.

«O‘zbekiston iqtisodiyotiga salbiy tashqi shoklar sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Tahlilda mamlkat 2022-yilning 1-choragida duch kelgan (Qozog‘istondagi siyosiy notinchlik, elektr ta’minotidagi keng ko‘lamli uzilish va Ukrainadagi mojaro) salbiy omillar hisobga olingan.

Prognozlar yalpi ichki mahsulotning chorak yakunlari ko‘rsatkichlarida aniqlanmagan o‘ziga xos jihatlarini ochib berdi. Xususan, sezilarli pasayish joriy yilning fevral-mart oylarida kuzatildi. Ammo, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2-chorak davomida sezilarli darajada tiklanib yuqori sur’atlarda o‘sdi.

O‘zbekistonning birinchi chorakdagi iqtisodiy o‘sishi odatda mavsumiy omillar hisobiga past bo‘ladi. 2018-2021-yillar davomida O‘zbekiston YaIMning o‘sishi birinchi chorakda yalpi ichki mahsulotning yillik o‘sishidan o‘rtacha 0,43 foizga kam bo‘ldi. Shu sababli, salbiy omillarning iqtisodiyotga ta’siri kuchli bo‘ldi va 2022-yilning birinchi choragida YaIM o‘sishini sekinlashtirdi», – deb yozadi Markaz vakili Asror Nigmonov.

Shuningdek, yuqorida aytib o‘tilgan omillarni hisobga olib, qolaversa, YaIM dinamikasining haftalik prognoz ko‘rsatkichlarini jamlagan holda, 2022-yil 1-yarmida 2021-yil 1-yarmiga nisbatan iqtisodiy o‘sishning taxminiy ko‘rsatkichlari 4,99 foizni tashkil qilgan.

2022-yilning 3-choragida esa YaIMning taxminiy haftalik dinamikasida o‘sib borayotgan tendensiya kuzatilgan. Bu esa YaIM o‘sish sur’atini yiliga kamida 0,68 foizga oshiradi.

«Bunga ko‘ra, 2022-yil uchun YaIMning real o‘sish surati 5,77 foiz darajasida prognoz qilinmoqda.

Shundan kelib chiqib, 2022-yil uchun O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi prognoz qilinayotgan diapazoni 5,67 foiz - 5,87 foiz darajasida belgilandi», – deyiladi Markaz ma’lumotida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring