Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

1979 yil, 11 avgust: samolarga sochilgan yulduzlar

1979 yil, 11 avgust: samolarga sochilgan yulduzlar

Olamni ko‘rmoq uchun uyg‘onmoq kerak. Hayotni his qilmoq uchun yashash kerak. Vatanga xizmat qilmoq uchun bugunni anglash kerak. Bugunni anglash uchun ortga boqish kerak. Ortda bizni g‘alabalarga oshno qilgan Buyuk xotira yotibdi. Bu «Paxtakor»-1979. Ularning xotiri bizga hamon kuch beradi.

«Otamdan qolgan toshoyna qani?!»-deraza oynasidan bosh chiqarib, xotiniga baqirgan O‘zbek komediyasi ustasi Ergash Karimov jahl bilan ichkariga otiladi. Hayal o‘tmay, xonadan «charaq-churuq-chars» etib singan oynalar tovushi eshitiladi... Kichikkina bir epizodni hozirgacha katta qiziqish bilan ko‘ramiz.  Jamoa o‘yinlari haqida kitoblar yozilgan, she’rlar bitilgan, komedik filmlar yaratilgan... «Paxtakor» o‘yinlariga ishqiboz bo‘lgan bunday ashaddiy «kasallar» jamoaning yashil maydonlarda to‘p surib yurgan davrlaridayoq talay edi...

Ha, oddiy to‘po‘yin - futbolga, dumaloq to‘pning sehrli og‘ushiga tushib, o‘smirlikdanoq mana shu to‘p asiriga aylangan, qulochlarini yashil maydon uzra keng yozib yugurgan, hayqirig‘i ko‘ngilning bosh urar kabi singari o‘tli, orzulari osmon qadar bo‘yli edi «paxtakor»chilarning.  Ularni xotirlaganda, hali-hanuz titraydi vujud-vujudimiz,  bo‘g‘zimizga tosh yang‘lig‘ tiqiladi og‘riq...

Bugun roppa-rosa 44 yil ilgari O‘zbek futboli ayriliqqa uchragan kun. 1979 yil 11 avgust kuni - O‘zbek futboli tarixida qora harflar bilan yozib qo‘yilgan.  Shu kuni «Paxtakor» futbol jamoasi navbatdagi tur o‘yinlarini o‘tkazish uchun Minsk shahriga parvoz qilgan. Ular Ukrainaning Dneprodzerjinsk osmonida Tu-134A rusumdagi samolyot orqali ko‘tarilishgan. Parvoz chog‘ida ushbu samolyot Chelyabinsk-Kishinyov reysida parvoz qilgan shu rusumdagi 65735 raqamli boshqa bir samolyot bilan to‘qnashib ketib, halokatga uchragan. Ikki laynerning 8400 metr balandlikdagi to‘qnashuvi oqibatida 178 nafar yo‘lovchi halok bo‘lgan. Halok bo‘lganlar orasida 17 nafar  «Paxtakor» futbol jamoasi a’zolari ham samolarga yulduzdek sochilishgan. Osmon yig‘lagan o‘sha kun... Raqib jamoalarning ashaddiy muxlislari ham o‘kirib yig‘lagan o‘sha kun... Millatning bosh jamoasi sanalgan o‘g‘lonlaridan O‘zbekiston bir lahzada ayrilgan... o‘sha kun! G‘alabalar sari talpingan qalblar millionlab muxlislarning yuraklariga bitmas jarohat, o‘kinch solib ketishgan. Bu og‘riq, bu ayriliq hali-hanuz yuraklarni larzaga soladi. Hali-hanuz iztirob alangasida yondiradi ko‘ngillarni.

Samolyot halokati 1979 yilning 11 avgustida Toshkent vaqti bilan soat 13:35-daqiqadan 38 soniya o‘tganda sodir bo‘lgan. Internet ma’lumotlariga ko‘ra, dispetcherning xatosi ikki yuz nafarga yaqin insonlarning halok bo‘lishiga sabab bo‘lgan.

Dispetcherning xatosi nimada edi?

11 avgust, 7:50. Xarkov havo harakatlarini boshqarish markazida rahbar Sergeyev janubiy-g‘arbiy yo‘nalishga mas’ul etib katta tajribaga ega bo‘lmagan Jukovskiyni qo‘ydi. Uning harakatlarini nazorat qilishni esa birinchi klassli dispetcher Sumskoyga topshiradi. Vaholanki, bu hudud sobiq SSSRda samolyotlar eng ko‘p uchib o‘tadigan yo‘lga ega edi. Odatiy kunlarda ham ushbu joy osmonida boshqa hududlardan ko‘ra ish ancha qizg‘in bo‘lardi.

13:17. Moldovaga qarashli Tu-134 samolyoti Xarkov markazi bilan aloqaga chiqdi. Komandir 9600 metr balandlikni egallashni so‘radi. Lekin Jukovskiy unga bu yo‘l band bo‘lishini aytib, rad javobini berdi.

Keyin esa aloqaga Minskka tegishli bo‘lgan Tu-134 chiqib, komandir Komarov samolyot 5700 metr balandlikda ekanini aytib, o‘zi uchun belgilangan 9600 metr masofaga ko‘tarilishni so‘radi. Har ikki samolyot yo‘nalishi Dneprodzerjinsk tumani osmonida to‘g‘ri burchak ostida kesishar, lekin oradagi farq bir daqiqani tashkil etardi. Biroq Jukovskiy hisobda adashib ketadi hamda ikki samolyot uchib o‘tish farqi 3 daqiqa deb belgilab oladi. Shu sababli u Komarovga 7200 metr balandlikni egallashga buyruq beradi.

13:34. Minsk ekipaji 8400 metr balandlikka ko‘tarilishga buyruq oladi hamda navbatdagi buyruqni kuta boshlaydi. Chunki bu yo‘ldan Il-62 uchib o‘tishi lozim edi. Va Jukovskiy yana bir xatoga yo‘l qo‘yadi. Buni «Paxtakor» uchayotgan samolyot komandirining aloqaga chiqib aytgan so‘zlaridan payqagan Sumskoy boshqaruvni qo‘lga oladi hamda uchuvchilar bilan aloqaga o‘zi chiqishni boshlaydi:

13.34.07:—676chi (Il-62ning bort raqami), 9600 metr balandlikni egallang.

13.34.28:—735chi, siz esa 9000 metr balandlikka o‘ting. Dneprodzerjinskda 8440 metr balandlikda yo‘llar kesishadi.

Javob esa quyidagicha yangraydi:

— Tushundim, 8400.

Sumskoyning xatosi shunda bo‘lganki, u javobni qaysi samolyot komandiri aytganini so‘rab, tasdiqlatishni esdan chiqargan. Har ikki dispetcher buyruqni kim bajarganini so‘rashni yoki lokatorga qarab, samolyotlar qaysi yo‘nalishda harakat qilayotganini tekshirishni unutishgan.

8400 metr balandlikdagi to‘qnashuv

13.35.38: 95 daraja burchak ostida 65916 raqamli Tu-134A shu rusumdagi 65735 raqamli boshqa bir samolyot bilan to‘qnashib ketadi. Har ikki samolyot uchuvchilari qalin bulut tufayli qarshisidagi samolyotni ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lishmagan. 8300 metr balandlikda Moldova samolyoti Minskka qarashli samolyotning qanot qismiga kelib urilgan. Komarov «Paxtakor» uchayotgan layner boshqaruvini 4500 metr balandlikkacha germetizatsiya buzilgan holatda ham ushlab turgan, biroq shundan keyin samolyot keskin ravishda qulashni boshlagan.

Halokat to‘g‘risida birinchi bo‘lib o‘sha payt havoda bo‘lgan AN-2 samolyoti ekipaji xabar beradi: «Kurilovka hududida qulayotgan samolyot qismlari ko‘zga tashlanmoqda. Menimcha, bu TU-134 parchalari».

Ikki laynerning 8400 metr balandlikdagi to‘nashuvi natijasida 178 nafar inson halok bo‘ldi. 9 oydan keyin bo‘lib o‘tgan sudda Jukovskiy va Sumskoy ustidan sud qarori e’lon qilindi. Ular umumiy rejimda 15 yildan ozodlikdan mahrum etildi. Boshqa javobgar shaxslar esa «suvdan quruq chiqishgan»,-deyilgan manbaada.

17 nafar futbol qahramonlarining nomlari qayd etilgan ro‘yxatni keltirar ekanmiz, yana bir karra bundan 44 yil ilgari ota-onalarning qayg‘ularini, yosh kelinchaklarning dardli nolasiyu, hali atak-chechak qadam ham bosib ulgurmagan go‘daklarning yetim qolgani, ming-minglab, millionlab odamlarning faryodlarini his qildik.

Idgay Borisovich Idgay Borisovich Tazetdinov 13.01.1933 Murabbiy

Vladimir Vasilevich Chumakov 08.12.1932 Shifokor

Mansur Inomjonovich Tolibjonov 04.04.1944 Ma’mur

Mixail Ivanovich An  19.11.1952 Yarim himoyachi

Vladimir Ivanovich Fyodorov 05.01.1956 Hujumchi

Olim Masoliyevich Ashirov  25.01.1955 Himoyachi

Ravil Rustamovich Agishev  14.03.1959 Himoyachi

Konstantin Aleksandrovich Bakanov 25.05.1954 Yarim himoyachi

Yuriy Timofeyevich Zagumennix 07.06.1947 Himoyachi

Aleksandr Ivanovich Korchyonov 04.05.1949 Yarim himoyachi

Nikolay Borisovich Kulikov 25.04.1953 Himoyachi

Vladimir Vasilevich Makarov 09.03.1947 Yarim himoyachi

Sergey Konstantinovich Pokatilov 20.12.1950 Darvozabon

Viktor Nikolayevich Churkin  25.01.1952 Hujumchi

Sirojiddin Ahmadovich Bozorov 10.08.1961 Hujumchi

Shuhrat Mo‘sinovich Eshbo‘tayev 08.02.1959 Hujumchi

Vladimir Valiyevich Sobirov 14.01.1958 Hujumchi

Manbaaga ko‘ra, voqeadan so‘ng 9 oydan keyin sud bo‘lib o‘tgan. Sudda Jukovskiy va Sumskoy ustidan sud qarori e’lon qilingan. Ular umumiy rejimda 15 yildan ozodlikdan mahrum etilishgan.

«Paxtakor» haqida so‘z ketganda, jamoaning ishonchli o‘yin ko‘rsatib, jahon maydonlarida yuqori natija ko‘rsatishga qodirligi, jamoaning Yevrokuboklarda o‘ynashi mumkinligi to‘g‘risida fikrlar bildirishadi. Fojia oqibati nafaqat, ko‘plab odamlarning halok bo‘lishiga, balki uzoq yillardan buyon O‘zbek futbolining rivojlanishiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatib kelayotganini so‘zlashadi.

Biz qalbimizga ona suti bilan kirgan Vatan tuyg‘usini, ona allasini yodlagan kabi eslaymiz samolarga yulduzdek sochilgan «Paxtakor»ni.

Bugungi futbolchilarimiz ham Vatan xizmatiga yaramoq baxti, uning istiqboliga oshufta bo‘lish ilinjida mana shu eng yuksak tuyg‘u bilan maydonga tushishsa, ularni «Paxtakor» qo‘llasa, degimiz keladi.

Katta maydon uzra keng quloch yoya,

Samoga sochildi epchil, shovvozlar.

Chorak asrdirki, «Paxtakor» deya,

O‘kirib bo‘zlaydi million ovozlar...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring