Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

15 yillik abituriyent: «Talaba bo‘lishni hech kim menday orzu qilmagan»

15 yillik abituriyent: «Talaba bo‘lishni hech kim menday orzu qilmagan»

Ba’zilar ota-onamga o‘qishga «osongina» kiritib qo‘yishni ham taklif qilishgan. Ammo men ko‘nmaganman.

Foto: «Xabar.uz»

Har bir abituriyentning yagona orzusi – talaba bo‘lish. Ba’zi yoshlar bilimi yetishmasligi, ba’zan esa omadi kelmaganligi sabab talabalik baxtiga yetisholmaydi. Bir marta omad chopmaganidan keyin yana kitoblarga ko‘milish, yana abituriyent bo‘lish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Universitet eshigi oldidan ikki, uch yil umidsiz qaytgan abituriyentni tushunish mumkin. Shunda ham maqsadidan og‘ishmasligi uchun unga ruhan dalda bergimiz keladi. Bugungi mehmonimiz o‘n to‘rt yil talabalik nomiga yetisholmay, bu yil ham hujjatlarini ko‘tarib, maqsadi yo‘lida qadam tashlayotgan abituriyent Dildora Do‘stbekovadir!

— O‘n beshinchi yil oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirayotganingizni eshitib, ham sabringizga, ham matonatingizga qoyil qolmay iloj yo‘q. Ayniqsa, har yili repetitorga qatnaganingiz, kitoblarni qayta-qayta o‘qiganingiz tahsinga loyiqdir. Lekin abituriyentga bilim bilan birga omad ham kerak ekan-da. Nima dedingiz?

— Albatta omad ham kerak. 2001-yili Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi 35-maktabni a’lo bahoga tugatdim. Bolaligimdan oilamizda kitobga, o‘qishga muhabbat baland bo‘lgan. Akam, ukam, singillarim ham yaxshi o‘qishgan. Maktabni tugatib, Jizzax davlat pedagogika instituti qoshidagi 2-akademik litseyga o‘qishga kirdim. Shundan so‘ng talaba bo‘lish asosiy maqsadimga aylandi. 2003-yili birinchi marta hujjatlarimni ko‘tarib, institut eshigiga umid va shaxdam qadamlar bilan borganim esimda. O‘sha hayajonni hozir ham tuyaman. Ketma-ket omad ham mendan yuz o‘girdi. Har yili kirish baliga ozgina yetmay qolardi. Xuddi taqdir meni sinab ko‘rayotgandek edi. Ammo yengilmadim.

— Odatda qiz bola bir-ikki yil o‘qishga kirolmasa, ota-onasi uning hunar o‘rganishiga imkon yaratadi yoki turmushga uzatishadi. Sizda-chi, shunday voqealar yuz bermadimi?

— Ota-onam oilada o‘g‘ilmi, qizmi o‘zi istagan kasbni tanlashiga ruxsat berishgan. Singillarim hamshira bo‘lishni orzu qilishardi. Shu sohada o‘qishdi, ishlashayapti. Men esa bolaligimdan ijod qilib turardim. Yana qadimiy taqinchoqlarni yig‘ish odatim bor edi. Ketma-ket Jizzax davlat pedagogika institutining tarix fakultetiga hujjat topshirdim. Ammo yiqilishdan charchamadim.

O‘qimishli bo‘lay, oila bir gap bo‘lar deb turmush qurishni unutdim. Biror kimga ko‘ngil qo‘yib, u bilan oila qurishni o‘ylamadim ham. Maqsadim oliy ma’lumotli bo‘lish edi. Mening uch singlim bor. Ota-onam, «Nonim pishgunicha kulcham kuyib ketmasin» qabilida singillarimni birma-bir uzatishdi. Hozir uchalasining ham farzandlari bor. Ba’zi abituriyentlar o‘qishga kirolmasa, ruhiy tushkunlikka tushib qoladi. Menda aslo bunday bo‘lgan emas. Yiqilganimni ko‘rishim bilan tushkunlikka tushmay yana tayyorlanishni boshlaganman.

Bilasizmi? Har yili hujjatimni topshirgani borayotsam qo‘shnilarimiz ham duo qilishadi. Imtihon javobi chiqqunicha qarindoshlar, yaqinlar tez-tez so‘rab turishadi. Talaba bo‘lishni menday orzu qilgan abituriyent bo‘lmasa kerak. Hatto hujjat topshirishga ham oq kofta, qora yubkada boraman. Xuddi talabalardek... Ba’zan ko‘chalarda, xiyobonda yigit va qizlarning sayr qilib yurganini ko‘rsam, jahlim chiqadi. Shartta oldiga borib, «Darsingni qilsang bo‘lmaydimi? Nega o‘qishga bormading? Axir sendek talaba bo‘lishni men o‘n yildan ziyod kutdim» deya urishib bergim keladi. Shularning o‘rnida men talaba bo‘lganimda edi. Bir soat ham dars qoldirmasdim.

Avvalo shunchalik ko‘nglimga qaragani, sovchilar kelsa «Qizim avval o‘qishga kirsin» deb mening oliy ma’lumotli bo‘lishimni mendan ham ortiq istagan otamga katta rahmat aytmoqchiman. Har kuni tayyorlanishim uchun kitob ko‘tarib kelishdan charchamaydi.

— Shuncha vaqt ichida yo‘lingizdan, maqsadingizdan qaytaradiganlar bo‘lmadimi? Yoki kirish imtihonidan ko‘nglingiz qolmadimi?

— Kimlar uchundir 1 avgust imtihoni oddiy kundir. Ammo men o‘sha kunni bir yil intiqlik bilan kutaman. O‘qishga kirish uchun shunchalar tayyorlandimki, menga ilk marta repetitorlik qilgan o‘qituvchim talaba bo‘lishimni ko‘rolmay vafot etdi. Hatto oxirgi vaqtlari menga ichi achiganidan bepul dars o‘tardi. Balki ishonmassizlar, men shpargalka nimaligini bilmayman. Yuqorida aytganimdek, imtihonga ham talabalardek kiyinib boraman. Bir vaqtlar ota-onamga ba’zi o‘qituvchilar «osongina» kiritib qo‘yishni ham taklif qilishgan. Ammo men ko‘nmaganman.

— Bugungi kunda yoshlarga juda ko‘p imkoniyatlar yaratilgan. Nahotki birortasiga harakat qilmadingiz?

— O‘zim ijodkor qizman, hozir ham she’rlar mashq qilib turaman. Iqtidorli bolalar litseyida ta’lim olganimda o‘qituvchilarim Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga hujjat topshirishimni maslahat berishgandi. Men esa «Qachon talaba bo‘lsam, ushbu mukofotga hujjat topshiraman. Agar hozir mukofotni olsam, xuddi imtiyozli o‘qish uchun olgandek bo‘lib qolaman» deb topshirmaganman. Aslida esa birdaniga imtihonga kirmasdan talaba bo‘lish, necha yillar ko‘zining nurini ketkazib kitob o‘qiyotgan abituriyentlarga nisbatan nohaqlik deb o‘ylardim.

Shuncha yil omadsizlikdan pand yegan bo‘lsam ham biror marta yoshlar tashkilotiga yordam so‘rab bormadim. O‘qishga kirolmaganimda o‘zimni qattiq ayblardim. O‘tgan yili qarindoshlarim «Prezidentga murojaat qilaylik. Balki shuginaga bir yordam qilar. Yoshi o‘ttizdan oshib ketdi. Qachon o‘qishga kiradi-yu, qachon turmushga chiqadi?» deyishdi. Bunga aslo yo‘l qo‘ymadim. Yuqorida aytganimdek, tayyoriga ayyorgina talaba bo‘lishni istamayman. Keyin Prezidentga nima deb murojaat qilaman? «Yaxshi o‘qimaganim uchun o‘qishdan yiqilayapman. Meni imtihonsiz o‘qishga kiritib qo‘ying» deymanmi? Aslo! Bunday qilish qo‘limdan kelmaydi.

— Endigi rejalaringiz qanday? Bu yil ham o‘qishga kirolmasangiz nima bo‘ladi?

— O‘tgan yili universitetga hujjat topshirgani borsam, qabul jarayonida bir kishi men bilan iliq so‘rashdi. Eslasam, o‘n besh yil avval birga o‘qishga kirishga tayyorlangan ekanmiz. Hozir doktoranturada ilmiy ish qilayotgan ekan. Ko‘rib shunchalar havasim keldiki, o‘zimga achinib ketdim. Yagona orzum talabalardek partalarda o‘tirib, o‘qituvchilardan dars olish. Agar shu orzumga yetishsam, ota-onam, davlatimiz rahbari oldida va’da bermanki, a’lo baholarga o‘qib, yaxshi mutaxissis bo‘laman.

Kumush Hamroyeva suhbatlashdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring