15-avgustdan avtomobillar kun davomida to‘liq harakatlanishni boshlaydi
Bugun prezident o‘tkazgan yig‘ilishda karantin tartiblari asta-sekin yumshatilishi aytilgandi.
Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi qarori bilan quyidagilarga ruxsat berildi:
2020-yil 15-avgustdan boshlab:
- avtotransport vositalarining kun davomida to‘liq harakatlanishi;
- mahalliy aviaqatnovlar va temir yo‘l qatnovi. Bunda, doimiy ravishda har bir aviaqatnov va temir yo‘l qatnovidan oldin tegishli havo kemasi va temir yo‘l vagonlarini (har bir o‘rindiqni) to‘liq dezinfeksiyadan o‘tkazish, shu jumladan, ularga havoni zararsizlantirish anjomlarini o‘rnatish choralarini ko‘rish lozim;
- ochiq havoda xizmat ko‘rsatuvchi umumiy ovqatlanish ob’yektlari (restoran, kafe, oshxona, choyxona) faoliyati. Bunda, ushbu ob’yektlar uchun:
- banketlar va boshqa ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga yo‘l qo‘ymaslik;
- stollar oralig‘idagi 2 metrdan kam bo‘lmagan ijtimoiy masofani ta’minlash;
- bir stol atrofida 4 kishidan ko‘p bo‘lmagan (oila a’zolari bundan mustasno) mijozlarni joylashtirish;
- xodimlarning tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqopda bo‘lishi;
- har bir mijozdan keyin stol va boshqa jihozlarning yuza qismini dezinfeksion vositalar bilan tozalash talab etiladi.
Shuningdek, mazkur ob’yektlar to‘laqonli faoliyat yuritishiga tayyorgarlik ko‘rish uchun ularning bino va xonalariga, shuningdek, havo aylantirish tizimiga zararsizlantirish anjomlarini (ultrabinafsha lampalar va b.) o‘rnatib borish tavsiya etiladi.
- nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablar, shuningdek, o‘quv kurslari (markazlari) faoliyati. Bunda, ushbu tashkilotlar faoliyati uchun:
- mashg‘ulotlar vaqtini oldindan kelishish (ta’lim markazlari va to‘garaklar uchun);
- xodimlar va bolalar (tarbiyalanuvchilar)ning sog‘lig‘i holatini doimiy nazorat qilish (tana haroratini muntazam o‘lchab borish), tana harorati 370S va undan yuqori bo‘lgan yoki infeksiya alomatlari mavjud bo‘lgan xodimlar va bolalar (tarbiyalanuvchilar)ni mashg‘ulotlar chetlatish;
- xodimlar tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqoplardan foydalanishi va ijtimoiy masofani saqlashi;
- sanitariya-gigiyena va dezinfeksiya talablariga qat’iy rioya etish, bino xonalarni doimiy ravishda dezinfeksiya qilish, ularga kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion “to‘shak”lar bilan jihozlash choralari ko‘rilishi lozim;
- sanatoriylar, pansionatlar, bolalar oromgohlari, mehmonxonalar, mehmon uylari, plyajlar, xostellar, ijaraga beriladigan dala hovlilar va boshqa dam olish maskanlari faoliyati. Mazkur faoliyatni amalga oshirishda:
- fuqarolar alohida, bir-biridan ajratilgan holda (har bir oilaga bir xona talabiga rioya etgan holda) joylashtiriladi;
bino va xonalar doimiy ravishda dezinfeksiya qilib boriladi, shu jumladan, havoni zararsizlantirish anjomlari bilan jihozlash tavsiya etiladi;
- bunda mehmon uylari va xostellar faoliyati Respublika maxsus komissiyasining 2020-yil 6-maydagi 21-son yig‘ilish bayonining 2-ilovasi bilan tasdiqlangan Pandemiya sharoitida mehmonxona xizmatlarini tashkil qilish bo‘yicha vaqtinchalik yo‘riqnoma talablari asosida yo‘lga qo‘yiladi. Bunda, xostellar faqatgina bir xonaga oilaviy yoki bir kishidan ortiq bo‘lmagan mehmonlarni qabul qilishga ruxsat beriladi;
- muzeylar faoliyati;
- go‘zallik salonlari va sartaroshxonalar faoliyati uchun – xizmat ko‘rsatuvchi shaxslar tomonidan shaxsiy himoya vositalari – tibbiy xalat yoki kombinezon, tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqopdan foydalangan holda telefon yoki onlayn navbatga yozilgan holda “1 ta xizmat ko‘rsatuvchi shaxs – 1 ta mijoz” tamoyili asosida ishlashi talab etiladi;
- oilaviy tantana, to‘y, ma’raka va marosimlarni o‘tkazish (bunda ushbu tadbirlarni fuqarolarning uy-joyi va hovlisining o‘zida 30 kishidan ko‘p bo‘lmagan (faqat yaqin qarindoshlar va ushbu tuman hududida istiqomat qiluvchi boshqa qarindoshlar) hamda sanitariya va gigiyena talablariga qat’iy rioya etgan holda);
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter